- Musulmon inson vabo chiqqanida qanday manzilda bo‘lishi kerak? Avvalambor, musulmon kishi e'tiqodini to‘g‘rilaydi. Vabo nima, qayerdan keldi va nima uchun berildi? Bizning aqidamizda vabo – Alloh subhanahu taoloning bandalariga ba'zan sinov uchun, ba'zida jazolash uchun va ba'zan ularni poklash uchun yuboradigan narsadir.
Bu haqda, vatandoshimiz Imomul Buxoriy o‘zlarining «Sahih»larida Ummul mo‘minin sayyida Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilganlar.
Hazrati Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilarki:
«Men Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan to'un* haqida so‘radim. Shunda Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam javob berdilar: «U Alloh taoloning bandalariga olodin yuborgan bir azobi bo‘lib, xohlagan bandasiga yuborar edi. Lekin, mo‘min-musulmonlarga Allohning rahmatidir. Kimki, mana shu to'un tarqalganida o‘z shahrida yoki o‘z uyida sabr qilib, savob umid qilgan holda va unga Alloh taoloning yozganidan boshqa narsa yetmasligiga ishongan holda o‘tirsa, unga shahidning ajri barobarida ajr beriladi», - dedilar».
Bu hadisi-sharif ayni bizning vabo vaqtida manzilimizni bayon qilgan hadisdur. Amal qilishimiz kerak bo‘lgan hadisi-sharifdur. Demak, xalq bunday vaziyatda o‘z uyida qolmog‘i, sabr qilmog‘i, sabridan savob umid qilmog‘i va albatta, o‘sha vaqtda ham e'tiqodda adashmaslik kerak. E'tiqod nima? Bizga Alloh haq subhanahu taolo yozgandan boshqa narsa yetmaydi. Hadisga e'tibor qiling, oldin sabablarni qilishga ko‘rsatma bo‘lyapti, ya'ni uyingda o‘tir, sabr qil, o‘sha karantin talablariga rioya qil, so‘ngra, aqidangni ham to‘g‘rila: Alloh yozganidan boshqa narsa menga yetmaydi!
Bundan insonga, vabodan vafot etishi shart emas, tirik insonga ham uyda sabr qilib o‘tirgani, karantinga rioya qilgani uchun shahidning savobi beriladi.
Bunday hadisi-shariflar ham bor. Oyatlarda ham biz bunga (karantinga) chaqiriq topamiz. Masalan, Naml surasida, Sulaymon alayhissalomning insonlar, jinlar va qushlardan tarkib topgan qo‘shini kelayotganida, chumolilar podshohi qavmiga qarata: «Uylaringga kiringlar, Sulaymonning qo‘shini sizlarni bilmagan holda ezib, halok qilib qo‘ymasin», - degan mazmunda. Ya'ni, og‘ir vaziyat paydo bo‘lganida, chumolilar podshosi xalqiga aytayaptiki, uylaringga kiringlar.
Hozir ham shunday vaziyat. Rahbariyat, buning oqibatini tushunib yetdilar-da, darrov, xalqimizga kerakli ko‘rsatmalarni berishdi, xalq endi itoat etishi va ko‘rsatmalarga rioya qilishi kerak, shunda salomat qoladi.
*To'un – vaboning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan vaqtiga aytiladi, epidemiya holati.