Rossiyaning turli hududlaridan O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lganlar ayni paytda navbati bilan charter reyslar orqali olib kelinmoqda.
Shunday vaziyatda Uzbekistan Airways nomidan ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar, xususan telegram kanali ochib, chipta sotgan firibgarlar paydo bo‘lgan.
Tarqalgan skrinshotlarga e'tibor qilinsa, bu firibgar Tula viloyatida ishlovchi O‘zbekiston fuqarosiga chipta va'da qilib, buning uchun 8450 rubl so‘ragan.
Aviakompaniya matbuot kotibi Habibullo Nabiyev Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, Rossiyadagi ayrim yurtdoshlarimiz bunday aldovlarga ishonganlari to‘g‘risida ham ma'lumotlar bor.
«Uzbekistan Airways aviakompaniyasi aeroportlarda firibgarlar paydo bo‘lgani haqida xabar bermoqda. Ular fuqarolarimizning ishonchiga kirib, charter qatnoviga chipta sotish bilan bog‘liq masalalarni messenjerlar orqali hal qila olishini va'da bermoqda. Yo‘lovchilardan pasport ma'lumotlarini va chipta narxining 70 foiz to‘lovni oldindan amalga oshirishni talab qiladi. Aynan shu paytda ikki yurtdoshimiz shu firibgarlar tomonidan aldangan.
Toshkentga bo‘lgan charter qatnoviga chipta sotib olishni va'da qilgan shubhali shaxslar bilan aloqa qilishda ehtiyot bo‘lishingizni so‘raymiz», deyiladi aviakompaniya xabarida.
Aviakompaniya bunday firibgarlardan ehtiyot bo‘lish kerakligi, barcha ma'lumotlarni kompaniya rasmiy sayti va sahifalaridan olish zarurligini bildirgan.