«Eng katta orzum ushaldi» – Moskvada bo‘yoqchilik qilgan sirdaryolik ayol hikoyasi (yakuniy qism)

Jamiyat 09:46 / 21.03.2020 29563

Kun.uz ijodiy guruhi Rossiyaga safari davomida Moskvada bo‘yoqchilik qilib, tirikchilik ko‘yida yurgan sirdayolik Dilorom Mahammatova bilan suhbatlashgan edi.

Ko‘rsatuv e'lon qilingach, qahramonimiz yaxshi insonlarning ko‘magi bilan oilasi bag‘riga qaytdi.

Yaqinda Dilorom opaning o‘sha intervyuda aytib o‘tgan orzusi ushaldi – to‘y qilib, o‘g‘lini uylantirdi.

Dilorom Mahammatova bilan Moskvada suhbatlashganimizda qiyinchiliklarga sabr qilib, halol rizq topib, farzandlarini o‘qitayotgan bu o‘zbek ayolining shijoatiga havas qilgan edik. O‘shanda ko‘zlariga yosh olib, eng katta orzusi – o‘g‘lini uylantirish va bu mehribonlik uyidan sunnat qilinmagan bolalarni olib kelib, o‘g‘lining to‘yiga qo‘shib to‘y qilib berish ekanini aytib o‘tgan edi.

Kuni kecha o‘g‘lini uylantirgan Dilorom Mahammatova Mehribonlik uyidan ko‘ngli yarim bolajonni olib kelib, o‘g‘lining to‘yiga qo‘shib sunnat to‘yi qilib berdi.

Bugun Dilorom Mahammatova – baxtli qaynonalardan. Biz esa xulosa o‘rnida ta'kidlashni istardikki, qiyinchiliklarga sabr qilgan inson albatta maqsadlariga erishadi. Inson mehnatdan qochmasligi, mashaqqatlarga sabr qilib, yaxshi niyatlar bilan yashashi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: