Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov bu mamlakatdagi o‘zbek talabalar o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Natijalar aniqligini ta'minlash uchun Koreyaning 4ta yirik shahri – Seul, Busan, Tegu va Dejonda o‘qiyotgan talabalarning fikrlari jamlandi.
Savollar va unga berilgan javoblar sharhi bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Qaysi oliygohda tahsil olasiz?
So‘rovnoma iloji boricha haqqoniy vaziyatni aks ettirishiga erishish maqsadida, ishtirokchilar ro‘yxati turli yo‘nalishlarda bilim olayotgan yoshlardan tuzib chiqildi.
Koreya universiteti, Youngnam universiteti, Kyungbuk milliy universiteti, Yongsan universiteti kabi 6-7ta oliygoh talabalari o‘z tajribalaridan kelib chiqqan holda savollarimizga javob berishdi.
Grantda o‘qiysizmi yoki kontrakt asosida?
So‘rovnomadan ayon bo‘ldiki, aksariyat talabalar to‘lov evaziga tahsil olishmoqda. Koreya hukumati tomonidan ajratilgan grant g‘oliblari ham yo‘q emas.
Qayd etish kerak, Janubiy Koreya oliy ta'lim tizimida mutlaq grant yoki doimiy to‘lov shartnomasi asosida o‘qish degan tushuncha yo‘q. Bir semestrdagi o‘zlashtirish darajangiz keyingi semestrda bepul yoki ma'lum miqdordagi to‘lov evaziga tahsil olishingizni belgilab beradi.
Janubiy Koreyada o‘qish va yashash uchun uydan yordam puli chaqirtirib turasizmi?
Vatandan tashqarida yashashning o‘ziga yarasha mashaqqatlari borligi yangilik emas. Xoh til kursi bo‘lsin, xoh bakalavr yoki magistratura darajasini olish maqsadida kelgan talabalar bo‘lsin, qo‘ldan kelgancha o‘z xarajatlarini o‘zlari qoplashga bor kuchlari bilan harakat qilayotganliklari ko‘rindi.
So‘rovnoma natijasida ma'lum bo‘ldiki, yurtdoshlarimizdan ba'zilarida O‘zbekistondan moddiy yordam olish ehtiyoji tug‘ilgan. Bu hol asosan chet eldagi o‘zgacha muhitga ko‘nikib ulgurmagan va hali ishga joylashib, maosh olmagan yoshlarda kuzatildi.
Aksariyat respondentlar biron marta uydan yordam puli so‘ramaganliklarini bildirishdi.
Qo‘shimcha ma'lumot tariqasida, O‘zbekistondan yuborilgan katta miqdordagi pul mablag‘i ham bu yerda kichik summa bo‘lib qolishi hisobiga, talabalar oila-a'zolarni urintirib qo‘ymaslikka harakat qilishadi.
Qachondan buyon Koreyadasiz? O‘qishda o‘zlashtirish darajangiz qanday?
Yuqoridagi bu ikki savol umumiy va ortiqchadek tuyulishi mumkin. Ammo bu qolgan savollarga javobni tahlil qilish uchun muhim sanaladi. Masalan, talabaning xorijda uzoq muddatlik tajribaga egaligi Koreyadagi ta'lim tizimi haqida ma'lumot berganda ishonchlilik darajasini oshirishga xizmat qilsa, o‘qish mobaynida pul topish uchun ajratilgan vaqt talabaning darsdagi o‘zlashtirish darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydimi, qabilidagi mavzularga kerakli javob olishda qo‘l keladi.
Aksariyat talabalarning Koreyadagi hayoti boshlanganiga 2 yil to‘lgan ekan. Demak, xulosa qilish mumkinki, ular bu yerdagi real hayot bilan tanishishga ulgurgan.
Shu bilan birga, so‘rovnomamizda 6 oy muqaddam mamlakatga talaba sifatida kelib, «culture shock» davrini boshidan o‘tkazayotganlar ham ishtirok etdi.
Javoblardan ma'lum bo‘ldiki, talabalarning asosiy qismi to‘lov kontrakt asosida tahsil olishadi. O‘zbekistondan imkon qadar moddiy yordam olmaslikka harakat qiladilar. O‘z-o‘zidan yuzaga chiqadiki, o‘qish va yashash xarajatlarini qoplash maqsadida darsdan tashqari soatbay yoki kunbay ishlarda mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi.
Mehnat faoliyati darslardagi baholariga salbiy ta'sir qilmay, tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz qatori, o‘zlashtirish darajasi biroz pastlagan yoshlar ham borligi oydinlashdi.
Ta'lim olishdan tashqari bo‘lgan masalalar: forma, davomat va soqol qo‘yish bo‘yicha talablar qanday?
Ta'lim olish uchun xorijga yo‘l olgan har bir kishi, eng avvalo tartib-qoidalardagi tafovutlar bilan yuzlanadi. Koreyada bir yarim yillik o‘qish davridagi tajribamizdan kelib chiqib ayta olamizki, bu yerda forma va tashqi ko‘rinish borasida hech qanday talab mavjud emas.
So‘rovnoma ishtirokchilari ham bu xulosamizni tasdiqlashdi. Biz suhbatlashgan talabalarning barchasi bunday talab va cheklovlar yo‘qligini bildirdi.
Istisno tariqasida ta'kidlandiki, ba'zi yo‘nalishlar: oshxona, sartaroshlik, mehmonxona, uchuvchilik kabi qator yo‘nalishlarda mutaxassislikka mos maxsus forma talab etilishi mumkin.
Davomatga jiddiy qaraladi. So‘rovnomada ishtirok etgan ikki kishidan tashqari, qolgan barcha respondentlar davomat qat'iy ekani va bu baholarga bevosita ta'sir ko‘rsatishini aytishdi.
Javoblar orasida, vaziyat dars beruvchi professorga bog‘liq, degan variantlar ham bo‘ldi.
O‘qishdan bo‘sh paytlarda ishlaysizmi? Sir bo‘lmasa qayerda?
Biz savolga tutganlar orasida Janubiy Koreyaga kelib, hali ishlab ko‘rmagan ishtirokchi topilmadi.
Chet eldagi hayot yosh talabalarni ham katta hayotga tayyorlab qo‘yishi mazkur savolga javoblardan ma'lum bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ish joylari turlicha: zavod, o‘zbek oshxonasi, pochta xizmati, mashinalarni yuvish shoxobchasi, pul o‘tkazmalari firmasi, sayyohlik agentligi, koreys restorani, advokatura, mobil telefonlar do‘koni, o‘quv markazlari va bir kunlik ishlar shular jumlasidan.
Uyga pul yuborib turasizmi?
Janubiy Koreyadagi «studentchilik» atamasi talqini biroz o‘zgacha. Bu talabalar o‘qish uchun xorijga safar qilayotib, katta mas'uliyatni o‘z bo‘ynilariga olishgan.
Savolimizga javoban, «Ha, uyga pul jo‘natib turamiz», degan hamyurtlarimizning ko‘pligi, ular javob berish asnosida xijolat chekishlari e'tiborimizni tortdi. Ha, ular kontraktda o‘qib, xarajatlarni o‘zlari qoplashmoqda va bir paytning o‘zida yaqinlariga ozroq bo‘lsa-da moddiy ko‘mak berish ilinjida mehnat qilishyapti.
O‘zgalarga og‘irligi tushmay, o‘qish va yashash xarajatlarini eplab kelayotgan talabaning uyga – O‘zbekistonga mablag‘ jo‘natish harakatida yurishi tahsinga sazovor, albatta!
Koreyaga yangi kelgan, endigina til kursini tamomlagan talabagina uyga pul yuborishga imkon qila olmaganini bildirdi. Qolganlardan esa savolimizga tasdiq javobini oldik.
Koreya ta'lim tizimida o‘zbek talabalariga ma'qul kelmagan jihatlar, korrupsiya darajasi va bu yerdagi ijobiy tartib-qoidalarni O‘zbekistonda ham joriy qilish takliflari bo‘yicha fikr-mulohazalar bilan keyingi maqolamizda tanishtirib o‘tamiz.
Eldor Vohidov,
Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri.