Karantin, iloji bo‘lsa, uydan tashqariga chiqmaslik haqidagi ogohlantirishlarga bee'tibor bo‘layotgan yurtdoshlarimiz ko‘p – choyxonalar, bozorlar gavjum, to‘ylar bo‘lib turibdi. Chunki ko‘pchiligimiz uchun bu xavf hali ham ancha uzoqdek tuyulayotgani tabiiy, axir virus qayerdadir aeroportda yoki chet eldan kelgan shaxslarning qarindoshlarida, yoki hokazo. Ya'ni bizga aloqasi yo‘q, bir umr qishloqdan yoki mahalladan chiqmagan Toshmat bilan ko‘rishib, virus yuqtirishga ishonish qiyin. Ammo aslida ham shundaymi?
Keling, buni tushunish uchun hamma odamlarni 4 toifaga bo‘lib olamiz - A, B, C va D toifalarga.
- «A» toifa – koronavirus aniqlangan shaxs.
- «S» toifa – «A» bilan bevosita muloqot qilgan va «A»ga tanish bo‘lgan shaxslar. Ya'ni «A»ning oila a'zolari, do‘stlari, ovqatlangan joydagi kassir va hokazolar bo‘lishi mumkin.
- «B» – toifa – u ham «A» (koronavirus bilan kasallangan shaxs) bilan muloqot qilgan, lekin bilmagan holda. Do‘konlarda, jamoat joylarida, masjidlarda, bozorlarda, xullas, bilmagan holda «A»dan kasallik yuqtirib olishi mumkin.
- «D» toifa – «A» bilan umuman aloqa qilmagan, yaqin kelmagan inson. Ya'ni, siz, biz, hammamiz, deylik.
Endi, koronavirus yuqishining oldini olish uchun nima qilinadi?
«A» – darhol davolanish uchun yotqiziladi.
«S» – darhol karantinga olinadi. Virus yuqqanmi yoki yo‘qmi tekshiriladi. «S»larni topish oson, chunki «A» qayerlarga borganini, kimlar bilan ko‘rishganini aytishi mumkin. Shunga ko‘ra harakat qilinaveradi. Agar «S»dan ham virus chiqsa, u ham «A»ga aylangan bo‘ladi, demak uning ham «S»larini (tanishlarini) topib, karantinga olish kerak.
«B» – eng yomoni, biz bu odamlar kimligini bilmaymiz. Chunki «A» ko‘chada, jamoat joylarida o‘zi bilmagan holda kimlarga yuqtirgan bo‘lishini hech kim bilmaydi. Hatto «V»ning o‘zi ham, o‘zi virus yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini bilmaydi. Chunki hatto barcha «A»lar e'lon qilingan taqdirda ham, o‘sha odamlar bilan bir joyda ro‘para kelgan bo‘lishi, yonidan o‘tganda yoki ayni buyum qo‘llanganda yuqqan bo‘lishi mumkinligini bilmaydi.
«D» – Yuqorida aytganimiz «B» toifa hech narsadan xabarsiz, ko‘chada, jamoat joylarida, oila davrasida oddiy turmush tarzida yashab yuraveradi. Toki kasallik simptomlari (14 kunda) aniqlanmaguncha. Bu davr ichida, u boshqa insonlar bilan uchrashishi va ularga ham virus yuqtirishi mumkin. Endi, «D»lar ham «B» bilan uchrashib, ular ham «B»ga aylanib qolishadi.
Karantinning mazmuni shundan iboratki, «A» va «S»lar oson topilib, karantinga olindi, buni bilamiz xo‘p. Lekin «A» bilan o‘zi bilmagan holda, tanimagan holda aloqa qilgan va virusni yuqtirgan bo‘lishi mumkin «B»lar bor va ular karantinda emas. «B»lar «D»lar bilan ko‘rishib, ularni ham «B»ga aylantirishi va kundan-kunga «B»lar soni ko‘payib borishi turgan gap. Shuning uchun:
«D»lar, ya'ni biz, uyda o‘tirsak. Virus yuqtirganlar va ularning tanishlarining bizga aloqasi yo‘q, demasdan ehtiyot choralarini ko‘rsak, «A» va «S»lar shundoq ham karantinda, demak endi faqat «B»larni topish qoladi.
«B»lar qanday topiladi? O‘sha uyda o‘tirgan «D»lar ichidan. 14 kun ichida koronavirus simptomlari ma'lum bo‘ladi. U doktor chaqiradi. Analiz olinib, agar virus aniqlansa (u ham «A»ga aylanadi), davolanishga, oila a'zolari (yangi «S»lar) karantinga jo‘natiladi. Shu paytgacha u uyda o‘tirgani uchun, ko‘chada boshqalar bilan muloqot qilmagan, bu orqali potensial bemorlarning ko‘payishini to‘xtatgan bo‘lamiz.
Ya'ni har bir virus aniqlangan shaxsning «S»lari (u bilan muloqot qilgan shaxslar) va «B»lari (u bilmagan holda yuqtirgan notanish shaxslar) kam bo‘lsa, vaziyatni nazorat qilish va kasallarni kamaytirish oson bo‘ladi.
Shuning uchun, aziz «D»lar, ko‘proq uyda o‘tiring, zarur bo‘lmasa, turli jamoat joylariga, odamlar to‘plangan davralarga bormang, o‘zingiz bilmagan holda «B»ga aylanib qolmang.
Qahramon Aslanov