Koronavirus pandemiyasi ortidan iqtisodiy xatarlar ham ko‘zga tashlanyapti. Bir yil ichida global iqtisodiy inqiroz yuzaga kelishi haqida gapirayotgan yetakchi ekspertlar ham ko‘plab topiladi.
Albatta, jahon bo‘ylab infeksiya tarqalishi davom etar ekan, dunyo davlatlari ko‘radigan iqtisodiy zarar ko‘lami OAV va turli tahlil kompaniyalarining bosh mavzularidan biriga aylangan.
Xo‘sh, koronavirusning O‘zbekiston va jahon iqtisodiyotiga ta'sirini qanday taxmin qilish mumkin, zarar ko‘lami qay darajada bo‘lishi kutilmoqda?
O‘zbekiston kelgusida makroiqtisodiy muvozanatni ta'minlashga qaratilgan qanday zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rishi kerak?
Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob olish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev hamda Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Dilshodjon Rahmonov bilan suhbatlashdi.
«Iqtisodiy o‘sish 2,8 foizgacha pasayib, oxir-oqibatda 2008 yildagi inqiroz qaytishi mumkin»
Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo iqtisodiyoti 2009 yildan buyon o‘zining dastlabki yuqori iqtisodiy o‘sishiga erisha boshlanganda, koronavirus ta'sirining yuzaga kelishi global iqtisodiyotni yana xavf ostiga qo‘ydi.
Xo‘sh, global iqtisodiy xavflar kelgusida nimalarda o‘z aksini topishi mumkin?
Nodir Jumayevning fikricha, bu boradagi xavflar 4 yirik yo‘nalishda ko‘rinadi.
«Koronavirus pandemiyasining keng tarqalib borishi va unga qarshi ko‘rilayotgan majburiy choralar birinchidan, xalqaro savdoning yarmini tashkil etuvchi global qo‘shimcha qiymat zanjiri kamayishiga ta'sir qiladi.
Ikkinchidan, virus aniqlangan mamlakatlardan kapital qocha boshladi.
Uchinchidan, insonlar uylarida qolishlari sababli ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan zavod va fabrikalar bo‘sh yoki ishsiz qolmoqda.
To‘rtinchidan esa rivojlanayotgan mamlakatlarda transport va turizm sohasining yetakchiligi ushbu iqtisodiyotlarga salbiy ta'sir ko‘lamini oshiradi», dedi u.
Qonunchilik palatasi deputati global iqtisodiy pasayishlar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tahlillari bo‘yicha ham ma'lumot berdi.
U havo transportida yo‘lovchi va yuk tashish, moliyaviy tranzaksiyalar, axborot texnologiyalari xizmatlari kabilar bo‘yicha savdolar hajmi keskin pasayib ketayotganiga e'tibor qaratdi.
«Bu borada Bloomberg ma'lumotlariga ham e'tibor qaratish o‘rinli. Unga ko‘ra, virus ta'siri natijasida jahon YaIM 2020 yilning o‘zida 2,7 trln. dollari miqdorida yo‘qotishga duch keladi.
Bilasiz, yirik iqtisodiy qudratga ega davlatlar (masalan, G20)ning aksariyat qismida virus bilan kasallanish holatlari aniqlandi, ayrimlari esa virus o‘chog‘iga aylandi.
Buning natijasida 2020 yilda yevrohudud 1,2 foizga, AQSh iqtisodiyoti esa 0,6 foizga kamayishi mumkinligi bashorat qilinmoqda.
Bu borada nufuzli tahlil tashkiloti – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti 2 barobarga sekinlashib, iqtisodiy o‘sish 1,5 foizga teng bo‘lishi mumkin.
To‘g‘ri, 2020 yil 8 yanvarda Jahon banki tomonidan 2020 yil uchun prognozlarida rivojlangan iqtisodiyotlar 2,5 foiz, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning esa 4,1 foiz iqtisodiy o‘sishga erishishi bo‘yicha ma'ruza-hisobotlari e'lon qilingan edi. Lekin, bu ma'ruza prognozlarida virusning keng ko‘lamli ta'siri inobatga olinmagan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Jahon banki taxminlari o‘zini oqlamaydi.
Jahon banki 2019 yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sishdagi pasayish ko‘rsatkichlarini AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo sanksiyalari va xalqaro investitsiya oqimining pasayishi bilan asoslangan edi.
Shunday bo‘lishiga qaramasdan, virusning iqtisodiyotga ta'sirini favqulodda baholash muhim hisoblanadi.
E'tibor berayotgan bo‘lsangiz, men savolingizga javob berishda ko‘proq dunyoning nufuzli tashkilotlari ma'lumotlariga tayanyapman.
Bu borada men Bank of America ekspertlarining tahlillari haqida ham gapirgan bo‘lardim. Ushbu bank vakillari xulosasiga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyotining pasayishi dunyo iqtisodiyotiga jiddiy ta'sir etib, kelgusida hattoki o‘sish 2,8 foizgacha pasayib, oxir-oqibatda 2008 yildagi inqiroz qaytishi mumkin. Har holda, ular shundan ogohlantirmoqda», dedi Nodir Jumayev.
«Jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarning O‘zbekistonga ta'siri oldingiga nisbatan yuqori bo‘ladi»
Yumshoq qilib aytganda, pandemiyaning salbiy oqibatlari jahon iqtisodiyotiga chuqurroq integratsiyalashayotgan O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmaydi, deydi Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Dilshodjon Rahmonov.
«Buni quyidagicha izohlash mumkin. Birinchidan, O‘zbekiston ochiqlik siyosatini keng ko‘lamda amalga oshirayotgani jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarga sezuvchanlikni oshiradi.
Ikkinchidan, o‘tgan qisqa islohotlar davrida xorijiy investitsiyalarning oqimi oshdi. 2019 yilda 4 mlrd dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etildi.
Uchinchidan, davlat tashqi qarzi 2016 yilga qadar 10 foizga yetmagan bo‘lsa, keyingi davrda xorij mablag‘lari keng jalb etildi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonga jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarning ta'siri oldingiga nisbatan yuqori bo‘ladi.
Shuning uchun, asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda koronavirusning salbiy ta'siri O‘zbekistonga ham o‘zining sezilarli ta'sirini o‘tkazadi. Bu borada, ayniqsa, tashqi savdo aylanmamizda importning ulushi qariyb 60 foizga yaqinligi import tovarlar bozorida ba'zi xavotirlarni keltirib chiqarishi mumkin», – dedi Dilshodjon Rahmonov.
O‘zbekistonning yirik tashqi savdo hamkorlari Xitoy (18,7 foiz), Rossiya (15 foiz), Qozog‘iston (8,3 foiz), Janubiy Koreya (6,6 foiz) va Turkiya (5,8 foiz) mamlakatlaridan Xitoy va Janubiy Koreya virusning o‘choqlaridan biri bo‘lib turibdi.
Raxmonovning Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma'lumotlariga tayanib aytishicha, 2020 yilning yanvar-fevral oylarida Xitoy Xalq Respublikasida eksport hajmi 17 foizga tushib ketishi yuzaga kelib, savdo balansida salbiy farq shakllanishiga sabab bo‘lgan.
«Eksport hajmi 292,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Yana shuni ta'kidlash lozimki, virusning keng miqyosda tarqalib tashqi savdoga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan davr aynan Xitoyning milliy bayrami bilan bir davrda bo‘lishiga to‘g‘ri keldi. Bu esa virusning salbiy oqibatlarini pasaytirishga yordam berdi, deyish mumkin. Masalan, Rossiyaning Xitoyga eksporti 22 foizga o‘sgan bo‘lsa, aksincha, Xitoyning Rossiyaga eksporti 15 foizga kamaydi. Natijada, joriy yilning 20 fevral kuni Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov mamlakat kuniga 1 mlrd rubl yo‘qotayotganini qayd etdi.
Xulosa qilib aytganda, Xitoyning savdo hamkorlari Xitoyning eksport qilmaslik ehtimolidan moliyaviy ziyon ko‘rishmoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori sifatida Xitoydan qilinadigan mahsulotlar hajmining kamayish ehtimoli natijasida mamlakatimizda yalpi talab oshishi mumkin.
O‘zbekistoning 2019 yilning yanvar-sentabr oylaridagi eksport tovarlari tarkibidagi ayrim mahsulotlarni ko‘rib o‘tsak. Xitoy va Turkiya o‘zbek paxta tolasining eng yirik importyorlari hisoblanadi. Bunda ko‘rsatkichlar mos ravishda 141,0 va 9,0 mln dollarga teng.
Ushbu mamlakatlarga paxta tolasini eksport qilmaslik O‘zbekistonga jiddiy ta'sir o‘tkazmaydi, sababi 2020 yildan ushbu mahsulot to‘liq bozor munosabatlari orqali davlat sotadigan strategik mahsulotlar tarkibidan chiqarildi.
Energiya manbalarini eksport qilishda to‘xtalishlar bo‘lmasligi mumkin, sababi tabiiy energiya aholi iste'moli uchun doimiy talabni shakllantiradi.
Navbatdagi yo‘nalish – oziq-ovqat. Bunda O‘zbekistonning oziq-ovqat mahsulotlariga asosiy importyorlar Rossiya va Qozog‘iston hisoblanadi. O‘rtadagi umumiy hajm 385,0 mln. dollar.
Bu raqam – taxminan Xitoyga paxta eksportidan daromadning 2,5 barobariga to‘g‘ri kelishini ham qayd etib o‘tish kerak.
Shu o‘rinda e'tiborga arzirli yana bir ma'lumot: O‘zbekistonda oziq-ovqatlar eksporti jami eksportda 8,4 foiz bo‘lsa, importda 7,5 foizni tashkil etadi.
Fikrimcha, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari sezilarli darajada oshmaydi. Sababi, biz oziq-ovqat importiga bog‘langan mamlakat emasligimiz yuqoridagi raqamlardan ma'lum bo‘lmoqda», – dedi professor.
Dilshodjon Rahmonovga ko‘ra, hozirda xizmatlar bozori eksportida turizm va transport sohasining ulushi 90 foizni tashkil qiladi. Bunda jumladan, safarlar (turizm) 50,8 foiz va transport xizmatlari 38,8 foiz. Sezish mumkinki, pandemiya tufayli xizmatlar bozorida ham sezilarli pasayish kuzatilishi mumkin.
Ko‘plab mamlakatlar, xususan O‘zbekiston ham yo‘lovchi tashish xizmatini vaqtinchalikka to‘xtatdi. Natijada, turizm sohasi (tashqi va ichki) o‘zining qisqa muddatli inqiroz holatiga yuz tutishi mumkin.
Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri vaziyatdan kelib chiqib xizmatlar bozorida quyidagi o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini tahmin qildi:
- Aviayo‘lovchilar sonining kamayishi natijasida aviakompaniyalarning moliyaviy barqarorligiga xavf tug‘iladi;
- Temiryo‘l qatnovining pasayishi temiryo‘l kompaniyasining holatiga ta'sir qilmasligi mumkin, sababi yuk tashishlar davom etayotgani ushbu sohaning asosiy moliyaviy natijalarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega;
- O‘zbekistondagi turizm infratuzilmasi (mehmonxona, ichki transport va boshqa xizmatlar)ning qisqa muddatli moliyaviy beqarorligi yuzaga keladi.
«Sohaning xususiy sektorida mehnat qiluvchilar daromadining kamayishi ortidan ularning sotib olish qobiliyati va iste'moli qisqarishi mumkin. Natijada, ular uchun narxlar qimmatlashgandek hisoblanadi va ayrim iste'mollarini vaqtinchalik qisqartirishlari lozim bo‘ladi.
Eshitishimcha, koronavirusning oldini olish uchun yaratiladigan vaksinalarni topishga yillab muddat kerak. Demak, iqtisodiy ta'sirning oldini olish, avvalo virusga qarshi vaksinani topish bilan bevosita bog‘liq. Vaksina qanchalik tez topilsa, iqtisodiy oqibatlarni shunchalik tez bartaraf etish imkoniyati topiladi», – u.
Suhbatdoshimiz o‘zining qisqa o‘rganishlardan so‘ng quyidagi xulosalarni aytishi mumkinligini ta'kidladi:
- Mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish darajasi o‘rta muddatli davrda pasayishi kuzatiladi.
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish qiyinlashishi mumkin. Buning oldini olish va milliy fond bozori barqarorligini saqlab turish uchun ichki iste'molni ta'minlash lozim bo‘ladi.
- Jahon miqyosida makroiqtisodiy muvozanat beqarorlashuvi ortidan YaIM hajmi qisqaradi. Muvozanat buzilishiga import samarasi ta'sirini kamaytirish uchun foiz stavkalarini tushirish orqali ichki iste'molni ta'minlash muhim hisoblanadi. Natijada, insonlar kreditlar olish imkoniyati oshib, yalpi talab va yalpi taklif muvozanatiga erishish mumkin.
- Turizm sohasida turg‘unlik yuzaga kelishi kuzatiladi. Natijada, ishsizlik yuzaga kelishi va iqtisodiy o‘sishga ham salbiy ta'sir kuzatilishi mumkin.
«Har qanday demokratik davlat virusning ijtimoiy oqibatlarini bartaraf etishda xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi»
Koronavirus ta'siri o‘z-o‘zidan davlat budjetiga ham tasir ko‘rsatadi. O‘zbekiston hukumati bu borada qanday choralar ko‘rishi kerak?
Nodir Jumayevning aytishicha, har qanday demokratik davlat virusning ijtimoiy oqibatlarini bartaraf etishda xarajatlarni o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi.
«Bu esa, budjet xarajatlarini oshishiga ta'sir etadi. Hozir hukumat budjet mablag‘larini muhokamalarsiz safarbar qilmoqda. Jumladan, og‘ir sharoitda va hayotini xavf ostiga qo‘yib faoliyat yuritayotgan shifokorlarga qo‘shimcha haqlarning to‘lanishi nazarda tutildi.
Yana virusni aniqlash, karantin va davolash bilan bog‘liq barcha tadbirlar budjetdan moliyalashtirilmoqda.
Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning to‘lovga qobilligi virus oqibatida tushishi mumkinligi inobatga olinib, Markaziy bank aktivlar sifatiga qo‘yilgan talablarni qisqa muddatga yengillashtirdi.
Bu kabi chora-tadbirlar o‘z o‘rnida makroiqtisodiy tebranishlarning favqulodda ta'sirini qisqa muddatli tadbirlar bilan bartaraf etishga e'tibor berilayotganligini anglatadi.
Aholining sotib olish qobiliyatini oshirishga qaratilgan choralarning qo‘llangani, xususan, daromad solig‘i tushirilgani o‘zining ijobiy tasdig‘ini topyapti.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda epidemik holat natijasida aholining iste'moli ayrim xarajatlari vaqtinchalik qisqarishi natijasida aholi daromadlarining jamg‘arish bosqichiga o‘tishi yuz berishi va istiqbolda moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabni oshirishi mumkin», – dedi Jumayev.
«Shu o‘rinda xalqimizga yana bir narsani eslatgan bo‘lardim. O‘zbekiston prezidenti, hukumat fuqarolarga ularning xavfsizligi nazorat ostida ekanligini, oziq-ovqat va boshqa masalalarga yetishmovchiliklar bo‘lmasligini aytib, tinimsiz murojaat qilmoqda. Buning ma'suliyatini o‘z zimmasiga olmoqda. Demak, bu ma'suliyatga yarasha fuqarolar ham unga ishonishi kerak», – deya fikrlariga xulosa yasadi deputat Nodir Jumayev.
Xalqaro moliya tashkilotlari ko‘mak mablag‘lari ajratishga tayyor
Deylik, koronavirus pandemiyasi insoniyat tomonidan yaqin orada yengib o‘tildi. Undan iqtisodiyoti katta zarar bilan chiqqan davlatlar uchun xalqaro moliya tashkilotlari nimalar taklif qilishi mumkin?
Suhbatdoshimiz professor Dilshodjon Rahmonovning aytishicha, jahon iqtisodiyoti moliyaviy inqirozlarni boshidan kechirayotgan bir davrda Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) tomonidan 2015 yilda qayta tashkil etilgan Favqulodda holatlardan himoya qilish va oqibatlarni bartaraf etish fondi (Catastrophe Containment and Relief Trust) aynan rivojlanayotgan mamlakatlarda turli tabiiy ofatlar va ommaviy kasalliklar oqibatlarini bartaraf etishni nazarda tutgan.
«Ushbu fond mablag‘lari qayd etilgan yo‘nalishlarda Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi mezonlari (YaIM kishi boshiga 1165 AQSh dollari yoki aholisi 1,5 mln.dan kam bo‘lgan davlatlarga 2230 AQSh dollari) asosida berilishi mumkin.
2020 yil 11 mart kuni Buyuk Britaniya XVJning mazkur fondiga koronavirusdan aziyat chekayotgan iqtisodiyotlar uchun 150 mln. funt sterling grant mablag‘larini ajratishini ma'lum qildi. Bu esa, donor mamlakatning dastlabki moliyaviy yordami bo‘ldi.
2 mart kuni XVJ boshqaruv direktori Kristalina Georgiyeva va Jahon banki prezidenti David Malpas qo‘shma bayonot bilan chiqib, virus sababli iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz tutayotgan mamlakatlarga moliyaviy ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Bundan tashqari, Jahon banki virusning iqtisodiy oqibatlari va uni bartaraf etish uchun 12 mlrd. AQSh dollari miqdorida moliyaviy yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi», dedi professor.
Raxmonovning fikricha, xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan yirik ko‘mak mablag‘lari taklif qilinayotganiga qaramasdan jahon davlatlarining moliya tashkilotlariga murojaati kuzatilmasligi ham mumkin.
«Chunki, birinchidan, ushbu epidemiyadan Xitoyning o‘zi qisqa muddatda chiqishga erishmoqda.
Ikkinchidan, virusning birlamchi o‘chog‘iga aylangan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Yevrokomissiya rahnamoligida xalqaro tashkilotlarning moliyaviy ko‘magini jalb etmasligi mumkin», – dedi Dilshodjon Rahmonov.
Ilyos Safarov suhbatlashdi