Xitoy amerikalik harbiylarni Uhanga koronavirusni olib kirishda aybladi. Tramp buni «yolg‘on» demoqda

Jahon 09:14 / 18.03.2020 82622

Avvalroq Xitoy rasmiy vakillaridan biri Uhanga koronavirusni amerikalik harbiylar olib kirgan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

«Xitoy harbiylarimiz bu virusni ularga tarqatganligi haqida yolg‘on xabar tarqatmoqda. Bu yolg‘ondir. Men bahslashish o‘rniga, u [virus] qayerdan kelganini aytishim kerak. U haqiqatan Xitoydan kelgan», degan AQSh prezidenti.

13 mart kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi axborot departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Chjao Litszyan tvitterdagi sahifasida Xitoyning Uxan shahriga koronavirusni amerikalik harbiylar olib kirgani bo‘lishi mumkinligini yozgan. U o‘z so‘zlari isboti sifatida xabarga AQShning kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi rahbari Robert Redfildning AQSh kongressi vakillar palatasidagi chiqishi videosidan parchani ilova qilgan. Videoda Redfild grippdan vafot etgani taxmin qilingan bir necha amerikalikda vafotidan keyin o‘tkazilgan ko‘rikda koronavirus aniqlanganini ma'lum qilgan.

Xitoy vakili AQShda «nolinchi bemor» qachon paydo bo‘lgani, necha kishi zararlangani va ular qaysi shifoxonalarga joylashtirilgani haqidagi savollar bilan yuzlangan.

«AQShda nolinchi bemor qachon paydo bo‘lgan?  Qancha odam zararlangan? Ular joylashtirilgan shifoxonalar qanday nomlanadi? Ehtimol, virusni Uxanga amerikalik harbiylar olib kelgandir. Amerika ochiq-oydin bo‘lishi kerak! Ma'lumotlar hamma uchun ochiq bo‘lishi lozim! AQSh bunga tushuntirish bering!», deb yozgan Chjao Litszyan o‘z tvitida. Biroq u Xitoyda koronavirus tarqalishiga nega aynan harbiylar javobgar ekanligiga aniqlik kiritmagan. 

Xitoy sog‘liqni saqlash vazirligida «nolinchi bemor» Uhanda 2019 yil oktyabrda o‘tgan Butunjahon harbiy o‘yinlarida ishtirok etgan amerikalik sportchi bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti. Ta'kidlanishicha, o‘sha o‘yinlar vaqtida bir necha amerikalik harbiy «g‘ayrioddiy zotiljam» alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Chjao Litszyanning yuqorida keltirilgan bayonotidan keyin AQSh davlat departamenti Xitoy elchisi Tsuy Tyankayni chaqirtirib, davlat kotibi yordamchisi Devid Stilvell unga qat'iy tarzda inkor etuvchi faktlarni keltirgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Gen Shuan o‘shanda koronavirus manbasi atrofida ko‘plab taxminlar paydo bo‘lgani va ba'zi amerikalik yuqori lavozimli mansabdor shaxslar bunda Xitoyni ayblab, «mas'uliyatsiz» va «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan» bayonotlar berishgan.

«Xalqaro hamjamiyat koronavirus kelib chiqishi borasida turli qarashga ega. Xitoy doimo buni professional fikrni talab qiluvchi ilmiy masala deb hisoblab kelgan», degan Gen Shuan.

2020 yil fevral oyi boshida amerikalik respublikachi senator Tom Kotton Uxanda «Xitoydagi 4-xavfsizlik darajasiga ega yagona superlaboratoriya joylashgani» va unda dunyodagi eng qirg‘inbarot yuqumli mikroorganizmlar, jumladan koronavirus bilan ishlar olib borilishini aytgan.

Xitoyning Vashingtondagi elchisi Tsuy Tyankay bunga javoban koronavirusning paydo bo‘lishini biologik qurol ishlab chiqish bilan bog‘lashga barcha urinishlar «mutlaq ahmoqona» ekanini aytgan. U noma'lum koronavirusning kelib chiqishi masalasida hali ko‘p narsa mavhumligini, turli davlatlar olimlari bu masalani hal qilish ustida ishlayotganlarini ta'kidlab o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: