Pandemiya ham bir imkoniyat: koronavirus ta'lim tizimiga qanday ta'sir qilmoqda?

Fan-texnika 17:46 / 18.03.2020 29269

Jahon iqtisodiy forumi saytida koronavirusning ta'lim tizimiga ta'siriga bag‘ishlangan maqola e'lon qilindi. Unga ko‘ra, pandemiya sababli kuzatilayotgan o‘zgarishlar va ta'limdagi yangi yechimlar – sohaga zaruriy innovatsiyalarni olib kelishi mumkin.

Lekin raqamli tafovut hisobga olinadigan bo‘lsa, ta'limdagi yangi yondashuvlar tengsizlik ortishini yuzaga keltiradi.

Koronavirus Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq va AQSh bo‘ylab tezlik bilan tarqalayotgan bir vaqtda mamlakatlar pandemiya tarqalishini kamaytirish bo‘yicha operativ qat'iy choralar qabul qilishdi. So‘nggi ikki hafta davomida maktab va universitetlarda o‘qishlarga borish to‘xtatilishi haqida bir necha xabarlar e'lon qilindi.

13 mart holatiga, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 39ta mamlakatda karantin sababli 421 milliondan ortiq bola maktabga vaqtincha bormayapti.

Mazkur o‘zgarishlar shubhasiz muayyan noqulayliklarni keltirib chiqardi. Biroq pandemiya ta'lim sohasidagi yangi innovatsiyalarga sabab bo‘ldi. COVID-19 butun dunyodagi ta'lim tizimiga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida gapirishga hali erta bo‘lsa-da, uzoq muddatli istiqbolda innovatsiyalar va raqamlashtirish uchun uning ahamiyati katta.

Quyida kelajakdagi o‘zgarishlarga ishora qiluvchi 3ta tendensiyani ko‘zdan kechiramiz.

1. Koronavirus tarqalishi ta'lim tizimining rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Bu hayratlanarli darajadagi ijobiy yangiliklarga olib kelishi mumkin

Xitoy, Anxu provinsiyasi. O‘quvchi qiz uyidan turib onlayn darsda qatnashyapti (2 mart, 2020)
Foto: Reuters / China Daily CDIC

COVID-19 butun dunyodagi ko‘plab ta'lim muassasalari uchun qisqa vaqt mobaynida innovatsion yechim topish katalizatoriga aylandi.

Virus tarqalishini sekinlashtirish uchun Gonkongdagi talabalar fevral oyida interaktiv ilovalar orqali uyda ta'lim olishni boshladilar. Xitoyda 120 million o‘quvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri televizion translatsiyalar orqali o‘quv materiallarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lishdi.

Boshqa mamlakatlarda ham oddiy, biroq ijodkorona yechimlar amalga oshirildi. Nigeriya maktablaridan birida onlayn ta'limning asinxron instrumentlari sinxron video ko‘rsatmalar bilan to‘ldirildi.

Livandagi maktab o‘quvchilari hatto jismoniy tarbiya kabi fanlarda ham onlayn ta'limni qo‘llay boshladilar. O‘quvchilar jismoniy mashq bajarish jarayonini uy vazifasi sifatida videoga olishdi va o‘qituvchilariga yuborishdi. Ana shunday o‘quvchilardan birining otasi bu jarayonga quyidagicha munosabat bildirdi:

«Odatda jismoniy tarbiya darsi bir necha o‘n daqiqa davom etadi. O‘g‘lim esa ustoziga videoni to‘g‘ri formatda yuborish uchun uni tasvirga olish, tahrirlashga 3 soat vaqt ketkazdi».

5G texnologilar Xitoy, AQSh va Yaponiya kabi mamlakatlarda tobora keng tarqalmoqda. O‘quvchilar va ularga yangi yechimlar taqdim etayotganlarni turli shakldagi raqamli ta'lim konsepsiyasi qamrab olyapti. Natijada sinflardagi an'anaviy ta'lim turli usullar bilan boyitilmoqda. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri translatsiyadan tortib, virtual reallikkacha bo‘lgan usullar bo‘lishi mumkin. Ta'lim odatiy kun tartibiga integratsiya qilingan odatga aylanishi mumkin.

2. Ta'lim sohasida davlat xususiy sheriklik yanada ahamiyatli bo‘lishi mumkin

Shanhay. Antai iqtisodiyot va menejment kolleji professori onlayn dars o‘tmoqda.
Foto: Zhang Hengwei / China News Service via Getty Images

So‘nggi bir necha hafta davomida inqirozda vaqtinchalik yechim sifatida hukumat, nashriyot, ta'lim sohasidagi mutaxassislar, texnologiya yetkazib beruvchilar va telekommunikatsion tarmoq operatorlari ishtirokidagi o‘quv konsorsium va koalitsiyalari tashkil etildi.

Ta'lim asosan hukumat tomonidan  taqdim etiluvchi rivojlanayotgan mamlakatlarda bu kelajakda ana shu tendensiyadan kelib chiquvchi natijaga aylanishi mumkin.

Xitoyda Ta'lim vazirligi bulutli texnologiyalar asosida onlayn ta'limni yo‘lga qo‘yish uchun turli ishtirokchilardan iborat guruhni tashkil qildi.

Hongkongda asos solingan readtogether.hk forumi ham 60dan ortiq ta'lim tashkilotlari, nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari va ko‘ngil ochish sanoatidagi konsorsiumdan iborat. Ular jami 900dan ortiq video, kitoblar boblari, baholash instrumentlari va bepul konsultatsiya xizmatlaridan iborat ta'lim resurslarini taqdim etadi.

Konsorsium COVID-19 bartaraf etilganidan keyin ham platformadan foydalanishni rejalashtirmoqda.

Ana shu kabi misollardan shuni ko‘rish mumkinki, ta'lim innovatsiyalari – odatda davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy yoki notijorat ijtimoiy loyiha chegarasidan chiqyapti.

So‘nggi 10 yillikda ta'lim sohasidagi yechimlar va innovatsiyalarga xususiy sektor qiziqish bildirganiga guvoh bo‘ldik. AQShning Microsoft va Google, Koreyaning Samsung, Xitoyning Tencent, Ping An va Alibaba kompaniyalari aholining savodxonligi strategik masala ekanini anglashdi. Bugungi kunda ular tomonidan berilgan tashabbuslarning ko‘pi ko‘lami bo‘yicha cheklangan bo‘lsa-da, pandemiya umumiy yondashuv asosida sohalararo koaliyatsiyalarga asos solishda zamin yarata oladi.

3. Raqamli tafovut ortishi mumkin

Arxitektura professori Rik Moler Vashington universiteti talabalariga masofadan dars bermoqda.
Foto: Steve Ringman / The Seattle Times

Koronavirus tarqalgan ko‘plab hududlarda ta'lim olishni davom ettirish uchun nostandart yechimlar topilyapti. Biroq ta'lim sifati asosan raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi va sifatiga bog‘liq.

Yer sharining esa bor-yo‘g‘i 60 foizi onlayn.

Hongkongda shaxsiy planshetlarda virtual mashg‘ulotlar norma bo‘lgan bir paytda, rivojlanish darajasi pastroq mamlakatlardagi o‘quvchilar WhatsApp yoki elektron pochta orqali yuborilgan darslar va vazifalarga tayanadi.

Bundan tashqari, muayyan oila raqamli texnologiyalar masalasida qanchalik kam ta'minlangan bo‘lsa, undagi o‘quvchilar ham ta'lim borasida shuncha ortda qolaveradi. Darslar onlaynga o‘tganida bu bolalar raqamli qurilma va tarif rejalarining narxi sababli yutqazishni boshlaydi.

Agar barcha mamlakatlarda texnologiyalardan foydalanish xarajatlari kamaymasa va sifati yaxshilanmasa, ta'lim sohasidagi tafovut, o‘z-o‘zidan ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik masalasi chuqurlashib boraveradi. Ta'lim olish imkoniyati yangi texnologiyalardan foydalanish imkoniyati bilan belgilansa, raqamli tafovut yanada ekstremal tus olishi mumkin.

Xitoy, Shaoyang provinsiyasi. O‘qituvchi o‘rta maktabdagi sinfda videodarsini tasvirga olyapti
Foto: China Daily / Reuters

COVID-19’ning tez sur'atlarda tarqalishi – pandemiyadan tortib ekstremistik zo‘ravonlik, iqlimdagi xavfsizlik kabi tahdidlarga qarshi barqaror tizimlar yaratilishining muhimligini ko‘rsatib berdi.

Pandemiya bu – oldindan biror narsa deyish mushkul bo‘lgan dunyoda o‘quvchilar uchun zarur ko‘nikmalarni yodga olish imkoniyati.

Bunday sharoitda asosli yechimlar, muammolarni ijodkorlik yo‘li bilan hal etish, ehtimol moslashuvchanlik katta ahamiyatga ega. Ana shu ko‘nikmalar barcha o‘quvchilari uchun ustuvor bo‘lishi uchun ta'lim tizimida ham moslashuvchanlik bo‘lishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: