AQShning The Heritage Foundation tashkiloti tomonidan yuritiladigan “Iqtisodiy erkinlik” indeksining 2020 yil uchun hisobotida O‘zbekiston 57,2 ball bilan 114-o‘rinni egalladi (2019 yilda 53,3 ball bilan 140-o‘rin).
Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur indeks xorijiy investorlar tomonidan doimiy ravishda kuzatilib boriladi va respublikaning indeksdagi o‘rni yuqorilashi tadbirkorlik muhitiga ijobiy ta'sir ko‘rsatib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning oqimini oshishiga xizmat qiladi.
“Iqtisodiy erkinlik” indeksi to‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha 12ta tarkibiy ko‘rsatkichdan tashkil topgan bo‘lib, mulkchilik huquqi, sud faoliyati samaradorligi, davlatning yaxlitligi, soliq yuki, davlat xarajatlari, fiskal salomatlik, biznes erkinligi, mehnat bozori erkinligi, monetar erkinlik, savdo erkinligi, investitsiyalar erkinligi va moliyaviy erkinlik kabi sohalarda jahon mamlakatlarini 0 dan (eng past) 100 gacha (eng yuqori) bo‘lgan shkalada baholaydi.
Mamlakat mazkur indeksning quyidagi tarkibiy ko‘rsatkichlarida eng yuqori o‘sishga erishdi:
investitsiyalar erkinligi – 20,0 ball (+10 ball);
moliyaviy erkinlik – 20,0 ball (+10 ball);
mulkchilik huquqi – 59,1 ball (+9.3 ball).
“Iqtisodiy erkinlik” indeksining tarkibiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublikaning natijalari quyidagi jadvalda keltirilgan:
Shuningdek, O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan 26 pog‘onaga yuqorilab, MDHga a'zo mamlakatlar orasida eng jadal o‘sishni qayd etdi.
Ma'lumot uchun: The Heritage Foundation iqtisodiy tahlil markazi tomonidan 180ta davlatning “Iqtisodiy erkinlik” indeksi 1995 yildan buyon tahlil qilinadi.