Joriy yilning dastlabki ikki oyida Xitoyda sanoat ishlab chiqarish hajmi pasayishi so‘nggi 30 yil ichidagi eng jiddiysi bo‘ldi, deya xabar beradi Reuters agentligi XXR rasmiylari e'lon qilgan statistikaga asoslanib.
Ularga ko‘ra, yanvar-fevral oylarida sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,5 foizga pasaydi. 2019 yil dekabr oyida, mamlakatda koronavirus bilan og‘rigan bemorlar umuman aniqlanmaganida, bu ko‘rsatkich 6,9 foizga o‘sgandi.
Reuters’ning ta'kidlashicha, statistik ko‘rsatkichlarning pasayishi kutilganidan ko‘proq bo‘ldi. Eng katta muammolar savdo (20,5 foizga pasayish), asosiy kapitalga investitsiyalar (-24,5 foiz) sohalarida qayd etildi.
Yanvar-fevral oylarida Xitoydan eksport 17,2 foizga kamaydi.
Xitoy rasmiylarining mamlakatda koronavirus tarqalishi bo‘yicha jiddiy vaziyat ortda qolgani to‘g‘risidagi bayonotlariga qaramay, tahlilchilar XXR iqtisodiyoti normal holatga qaytishi uchun yana bir necha oy kerak bo‘lishini ta'kidlamoqda. Bundan tashqari, dunyo bo‘ylab infeksiyaning tarqalishi global retsessiyaga olib kelishi ehtimoli mavjud, bu esa Xitoy tovarlariga bo‘lgan talabga salbiy ta'sir qiladi. Biroq, Xitoyning o‘zi koronavirusning ta'siri qisqa muddatli bo‘lishi hamda rasmiylar tomonidan ko‘rilgan qat'iy choralar mamlakatdagi vaziyatni tezda tiklashi haqida bayonot berdi
Avvalroq, JPMorgan global retsessiya xavfi haqida ogohlantirgandi.