2020 yil yozida AQSh va Yevroittifoq mamlakatlari iqtisodiyoti koronavirus ta'siri tufayli sezilarli retsessiyaga duch kelishi mumkin. Bu haqda Business Insider JPMorgan’ning bayonotiga asoslanib yozmoqda.
Bankning ta'kidlashicha, virusning iqtisodiyotga qanday ta'sir qilishi haqidagi taxminlar infeksiya tarqalishi (JSST ma'lumotlariga ko‘ra, 120dan ortiq mamlakatda kasallik aniqlangan) va fond bozorida vujudga kelgan inqiroz tufayli «so‘nggi haftalarda sezilarli darajada o‘zgargan».
JPMorgan prognoziga ko‘ra, birinchi chorakda AQSh yalpi ichki mahsuloti 2 foizga, ikkinchi chorakda 3 foizga, yevrohudud iqtisodiyoti esa mos ravishda 1,8 va 3,3 foizga pasayishi mumkin. Iqtisodchilar fikricha, hozirgi vaziyat global inqirozga olib kelishi mumkin.
Yevrokomissiyaning iqtisodiyot va moliya departamenti rahbari Marten Vervey ham Yevroittifoq va yevrohududda o‘sish yuz bermasligining ehtimoli yuqori ekanini ta'kidlab, «bu noldan ham pastroq bo‘lishi mumkin» deb qayd etdi. Uning taxminiga ko‘ra, Yevropa shu yildayoq retsessiyaga duch keladi, 2021 yilda esa Yevrokomissiya normal ko‘rsatkichlar qaytishini kutmoqda, deya uning so‘zlarini keltirgan Bryusselning Euobserver nashri.
JPMorgan mutaxassislari infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashish doirasida hukumatlar tomonidan joriy etilayotgan cheklov choralari fonida o‘sish ko‘rsatkichlarini pastga qarab qayta ko‘rib chiqdi. Xususan, ularning hisobotida Italiya tilga olingan, u yerda ommaviy tadbirlar taqiqlab qo‘yildi, shuningdek, oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari, barcha restoran, bar va chakana savdo do‘konlari vaqtincha yopildi. Shuningdek, ular bir oy davomida Yevropadan safarlarni taqiqlagan AQShni misol qilib keltirdi. Bundan tashqari, moliya bozorlaridagi tebranishlar va aksiyalar narxining tushishi keyingi ikki chorakda iqtisodiy pasayishga turtki beradi.
JPMorgan’ning kutishicha, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangani bilan iqtisodiyotda tiklanish faqat 2020 yil o‘rtalariga kelib ro‘y berishi mumkin, yilning ikkinchi yarmida o‘sish tezlasha boshlaydi, deya bayonotdan iqtibos keltirgan CNBC. Bank fikricha, dunyo iqtisodiyotiga yanada jiddiy zarba berilishining oldini oluvchi asosiy omil davlatlarning koronavirus tarqalishi oldini olish bo‘yicha choralari bo‘ladi. Hukumatlar, JPMorgan’ga ko‘ra, eng ko‘p zarar ko‘rgan tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashi, moliya bozorida keskinlikni kamaytirishi va pul siyosati orqali iste'molchilar talabini qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 11 mart kuni koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni pandemiya deb e'lon qildi. South China Morning Post hisob-kitoblariga ko‘ra, 13 martga kelib 141 mingdan ortiq odam kasallikka chalingan. Bloomberg prognoziga ko‘ra, koronavirusdan iqtisodiyotga yetishi mumkin bo‘lgan zarar 2,7 trillion dollarni tashkil qiladi.