Ma'lum qilinishicha, 2020 yilning 9 mart kunidan boshlab har kuni o‘rtacha 1487ta avtomobilga shartnoma tuzilmoqda.
«2020 yilning 9–12 mart kunlari 5949ta avto avtomobilga shartnoma tuzildi. Agar ushbu raqamni shartnomalar imzolangan 4 kunga taqsimlasak, kuniga o‘rtacha 1487 ta avtomobil uchun shartnoma imzolanayotgani kelib chiqadi. Bu avvalgi oydagi ko‘rsatkichimizdan 42 foizga ko‘proqdir», — dedi Zumrad Shojalilova.
Biroq, «O‘zavtosanoat» aksionerlik jamiyati matbuot xizmati rahbari oldingi oyda ko‘rsatkichlar qanday bo‘lganini taqdim etmadi va faqat narxlar keskin oshirilganidan keyingi raqamlarni oshkor qildi. Ya'ni, solishtirish imkoniyatini o‘zida qoldirdi.
Ma'lumki, «O‘zavtosanoat» rasmiy sayti va mobil ilovasi orqali avtomobil xarid qilish uchun shartnomani onlayn imzolash mumkin, shuningdek bunday shartnomalarni dilerlik avtosalonlar orqali olish ham mumkin. Bunday shartnomalar tanlangan avtomobil uchun kamida 85 foiz to‘lov qilingunga qadar 15 kun amalda bo‘ladi. Shu muddat ichida pul to‘lanmasa shartnoma kuyadi.
«O‘zavtosanoat» AJ matbuot kotibi imzolangan shartnomalar sonini keltirar ekan, ularning qanchasi uchun to‘lov qilinganiga ham aniqlik kiritmagan.
Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, 9–12 mart kunlari jami:
- 2172ta «Lacetti»;
- 1194ta «Cobalt»;
- 975ta «Nexia-3»;
- 671ta «Spark»;
- 519 ta «Damas-2»;
- 281ta «Malibu-2»;
- 84ta «Tracker»;
- 41 ta «Trailblazer» LTZ-AT;
- 7 ta «Traverse Premier» AT;
- 5 ta «Equinox» AT uchun shartnoma tuzilgan.
Boz ustiga, hisob-kitob ishlari yakuniga yetmagani sababli 13–14 mart kunlarida nechta avtomobil xarid qilish uchun shartnoma tuzilgani haqidagi ma'lumotlarni «O‘zavtosanoat»dan olishning imkoni bo‘lmadi.
Lekin jadvalga qarab, xarid tendensiyasi pasayish tomon yuz tutganini ko‘rish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 9 mart kuni avtomobillarning narxlari modifikatsiyasiga qarab 3-21 foiz atrofida oshirilgan edi. Xususan, «Damas» va «Spark» 21 foizgacha, «Nexia», «Cobalt» va «Lacetti» 15 foizgacha qimmatlagan bo‘lsa, yuqori narx segmentidagi avtolar – «Malibu-2», «Tracker», «Trailblazer», «Equinox», «Traverse» va «Tahoe» narxlari o‘zgartirishsiz qoldirilgan.
UzAuto Motors’ning 11 mart kuni e'lon qilingan rasmiy bayonotida avtomobil narxlari oshirilganini dollarning so‘mga nisbatan ayriboshlash kursi o‘sgani, xomashyo narxlari, kommunal xizmatlar tariflari, transport xizmatlari narxlari oshgani, avval soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan kompaniya 2019 yilning oktabr oyidan boshlab soliqlarni umumiy asoslarda, jumladan, QQS bo‘yicha to‘lashni boshlagani bilan izohlagan edi.
Shundan so‘ng, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi avtomashinalar narxi oshishini keskin qoraladi va UzAuto Motors’ni monopoliyada ayblab chiqdi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham UzAuto Motors avtomobillari narxi oshirilishi yuzasidan keskin munosabat bildirib, UzAuto Motors AJ yillar davomida berilgan imtiyozlar va preferensiyalarga qaramasdan davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanmagani, mahsulot tannarxini kamaytirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar samarasi pastligi, raqobatbardoshlikni oshirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mahsulot tannarxi faqatgina 2 foizga pasaytirilishiga erishilgani, buning oqibatida korxona iste'molchilar huquqlari kamsitib kelayotganini ma'lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 mart kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda avtomobillar narxi oshirilganiga o‘z munosabatini bildirib, mashinalar narxini oshirilishi hozirgi sharoitda to‘g‘ri emasligini ta'kidladi.