UYeFA delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi – Yevropa jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkaziladi

Sport 23:05 / 13.03.2020 16682

Anjumanda O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va UYeFA xalqaro aloqalar boshqarmasi rahbari Yeva Paske jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Ravshan Ermatov O‘FA UYeFA bilan piar uchun munosabatlar o‘rnatmaganini ta'kidladi:

«Bizga hamkor emas, do‘st kerak. Hamkor bilan do‘stning farqi bor. Do‘st kamchiliklarimizni yuzimizga aytadi, ularni to‘g‘rilashda yordamlashadi. UYeFA aynan shunday tashkilot. Ular allaqachon biz o‘tishimiz kerak bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishgan, bizdan 20-30 yil oldinda. Umid qilamanki, UYeFA vakillarining maslahat va yordamlari natijasini beradi».

Yeva Paske UYeFA O‘zbekiston milliy jamoasiga Yevropa jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishga yordamlashishini aytdi.

«O‘zbekistonga 14 yil avval kelganman. Ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ryapman.

O‘zbekiston milliy jamoasining Yevropa jamoalari bilan o‘rtoqlik bahs tashkil etishlarida yordam bera olamiz. Masalan, Millatlar Ligasida ayrim guruhlarda 3tadan jamoa bor. Tabiiyki, har turda 1ta jamoa bo‘sh bo‘ladi. Shuningdek, boshqa xalqaro musobaqalarda ham O‘zbekiston qatnashishi mumkin.

Lekin biz asosiy urg‘uni ayollar va bolalar futboliga qaratganmiz».

Shuningdek, UYeFA vakilasi o‘zbek futbolidagi kamchiliklardan biriga to‘xtalib o‘tdi:

«Asosiy kamchilik – bolalar futbolidagi murabbiylar maoshining ozligi. Shuning uchun sifatli yoshlar murabbiylari kam. Borlari ham tezroq kattalar futboliga o‘tib, ko‘proq pul topishni istaydi. Yoshlar murabbiylarining malakasini oshirish, maoshiga e'tibor berish kerak».

Ravshan Ermatov O‘zbekiston Qozog‘iston kabi UYeFAga o‘tmasligini, kelgusida bunday reja yo‘q ekanligini yashirmadi:

«UYeFA yordam beradi, ammo biz rasman OFK a'zosimiz. UYeFAga a'zo bo‘lish rejamizda yo‘q»

Ermatovning aytishicha, teletranslatsiyalar masalasini yaxshilash va muxlislar tashrifini oshirish asosiy masalalardan biridir:

«Muxlis bo‘lmasa, futbol o‘ynashning nima keragi bor? Unda mahallaga mahalla o‘ynab qo‘ysa ham bo‘ladi-ku. Bu – yuragimni tirnaydigan mavzulardan biri. Stadionlarga boramiz, atigi 2-3 ming muxlis bor. Shuncha ishni kim uchun qilyapmiz?

Translatsiyalar yildan yilga yaxshi bo‘lib bormoqda. 2021 yildan har bir stadionda kamida 6ta HD kamera ishlaydi.

Sifatli kamera yetishmasa, VAR tizimining foydasi yo‘q. Masalan, Superliganing 1-turida «Surxon» – «Bunyodkor» bahsida 1ta kamera ishlagan, takrorlar sifati yaxshi emas. Bunday holatda VAR ham yordam bera olmaydi».

Muxbir A'zamjon Izzatillayev,
tasvirchi Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: