O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki 300 million dollar miqdorida yevrobond chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 10 mart kuni O‘zbekiston Moliya vaziri Timur Ishmetovga asoslanib, Reuters xabar tarqatdi.
«O‘zmilliybank»ning yevrobond joylashtirishi 2020 yilgi davlat dasturida ko‘zda tutilgan.
Yuz foiz aksiyasi davlatga tegishli «O‘zmilliybank» – kapitali va aktivlari bo‘yicha O‘zbekistonning eng yirik banki hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Ipoteka bank ham ilk xalqaro obligatsiyalarini joylashtirishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchisi – Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham 2020 yil 1 noyabrga qadar kamida 300 mln dollarlik korporativ yevroobligatsiyalar chiqaradi.
Ma'lumot uchun, 2019 yil noyabr oyida «O‘zsanoatqurilishbank» xalqaro kapital bozorini korporativ emitentlar uchun ochib bergan, London fond birjasida 6 foizlik daromadlilik stavkasi bilan 300 mln dollar bond joylashtirgan edi.