Smartfonni qanday tanlash kerak?

Fan-texnika 10:30 / 10.03.2020 36093

Operatsion tizim
Smartfon tanlash haqidagi suhbatlarda ko‘pincha operatsion tizimlar haqidagi tortishuvlarga duch kelamiz. Android va iOS tarafdorlari ko‘p yillardan buyon bir-birlariga qaysi OT yaxshiroqligini isbotlashga behuda urinib kelishadi.

Android’ning asosiy afzalligi shundaki, uning boshqaruvida har qanday budjet va talabga mos keluvchi yuzlab modeldagi uskunalar ishlaydi. Agar mablag‘ cheklangan bo‘lsa, oddiyroq tasnifdagi nisbatan arzon smartfonni sotib olish mumkin.

Agar puldan muammo bo‘lmasa, do‘konlardan yetakchi ichki tuzilmaga ega ko‘plab ajoyib flagmanlarni topish imkoniyati bor. Texnik qobiliyatlar, sifat va narx orasidagi tenglikni istagan foydalanuvchilar uchun esa o‘rta sinf qurilmalari mavjud.

iPhone’lar haqida gapiradigan bo‘lsak, ular orasida na budjet turidagi va na o‘rtacha narxdagi uskunalarni uchratamiz. iOS’da ishlovchi barcha smartfonlarni qo‘rqmasdan premial segmentga kiritish mumkin. Yetarli mablag‘i bor insonlar uchun ushbu jihat xarid jarayonini faqat osonlashtirishga xizmat qilsa, boshqalar uchun jiddiy to‘siq bo‘la oladi.

Android’ning iOS’ga nisbatan afzalliklari orasiga shuningdek, keng erkinlik va foydalanishga moslashuvchanlikni kiritish mumkin.

Ammo bu ustunlik juda shartlidir: bir qator foydalanuvchilarga ko‘pincha dastlabki sozlamalarsiz qulay tizim kerak.

Navbat iOS smartfonlarining ustunligiga. Barcha iPhone’lar ishlab chiqarilgan kundan boshlab bir necha yil davomida kafolatlangan muntazam tizim yangilanishiga ega bo‘ladi. Apple bu vaqt davomida dasturiy muammolarni tezkorlik bilan hal qiladi va yangi funksiyalar qo‘shib boradi.

Android uskunalarga keladigan bo‘lsak, ularning aksariyati tizim yangilanishini katta kechikish bilan qabul qiladi yoki umuman yangilanmaydi. Bunday gadjetlardagi dasturiy ta'minot zaifliklari va kamchiliklari hisobga olinmaydi. Shuning uchun biror Android smartfonini sotib olishdan avval, ishlab chiqaruvchi veb-saytidan uskuna OTning qaysi versiyasigacha yangilanishi mumkinligini tekshirib ko‘rgan ma'qul. Uning uchun mavjud bo‘lgan eng so‘nggi versiya qanchalik yangi bo‘lsa, shuncha yaxshi.

iPhone holatida esa tizim yangilanishlari bilan bog‘liq muammolar faqat eski uskunalarda yuzaga keladi.

iOS’ning keyingi ustunligi — yaxshi optimizatsiya. iPhone uchun dasturiy ta'minot va qo‘shimcha qurilmalar bitta kompaniya tomonidan ishlab chiqiladi, shuning uchun ikkala komponent mukammal darajada o‘zaro mos keladi. Va hech qanday boshqa ishlab chiqaruvchi iOS faoliyatiga aralashmaydi. Shuningdek, iPhone modellarining o‘zi ham unchalik ko‘p bo‘lmagani sababli, dastur ishlab chiqaruvchilari uchun kodni optimallashtirish qulayroqdir. 

Android bilan vaziyat boshqacha. Ko‘pgina brendlar ushbu OTni o‘z ehtiyojlari uchun o‘zgartirishadi: shaxsiy grafik qobiqlar, ko‘pincha keraksiz bo‘lgan dasturlar va turli funksiyalar qo‘shishadi. Bu savodsizlik bilan qilinsa, ishlash qulayligi va tezlikka putur yetadi. Yaxshiyamki, bu kabi holatlar borgan sari kam kuzatilmoqda. Bundan tashqari, sof va har qanday o‘zgartirishlardan xoli Android versiyasida ishlaydigan Google Pixel kabi smartfonlar ham mavjud. 

Ekran gabaritlari va diagonallari

Smartfon vazniga e'tibor berishda ma'no yo‘q. Farq, qoidaga ko‘ra, 20-40 grammdan oshmaydi va bu qulaylikka ta'sir qilmaydi.

Hozirda smartfonning qalinligi ham muhim emas. Anchadan beri aksariyat qurilmalarda bu parametr santimetrdan oshmay qo‘ygan. Strukturani yanada ixchamlashtirish foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi, chunki bu muqarrar ravishda kuchning pasayishiga olib keladi.

OnePlus 7T smartfoni

Diagonalga kelsak, barchasi sizning xohishingiz va fiziologiyangizga bog‘liq. Ko‘pgina foydalanuvchilar diagonali 5–5,5 dyuymdan oshmaydigan smartfonni bir qo‘lda tutishda qulaylik sezishi mumkin. Ammo video tomosha qilish va internetdan foydalanishda bunday displey juda kichiklik qiladi.

Kattaroq qurilma sotib olsangiz, uni ushlab turish unchalik qulay bo‘lmaydi, ammo ekran ko‘proq ma'lumotni namoyish qila oladi. 

Hozirgi vaqtda ekran atrofida minimal hoshiyali yoki umuman hoshiyasiz smartfonlar tobora ko‘proq ishlab chiqarilmoqda. Shubhasiz, bir xil ekran o‘lchamiga ega ikkita qurilmadan qaysi birida hoshiya ingichkaroq bo‘lsa, o‘shanisi qulay. Buni unutmang. 

O‘zingiz uchun eng yaxshi variantni tanlash uchun xarid oldidan smartfonni qo‘lingizda ushlab ko‘ring. Shundagina uning hajmi sizga mos bo‘ladimi yoki yo‘q, bilib olasiz.

Ekran matritsasining turi

Odamlar kuniga bir necha soatni smartfon bilan o‘tkazishadi va bu vaqtning deyarli hammasida ekranga tikilishadi. Displey mobil qurilma bilan ishlashda qulaylik darajasini belgilaydigan asosiy elementdir va shuning uchun u sifatli bo‘lishi kerak. Bu ko‘p jihatdan matritsaning turiga bog‘liq — displeyning texnologik asosi shunday nomlanadi.

Ba'zi budjet sinfidagi qurilmalarda TN-matritsasini uchratish mumkin, u tasvirning past sifati, shuningdek ko‘rishning kichik burchaklari bilan ajralib turadi. Biroq, ushbu texnologiya allaqachon eskirgan va yanada rivojlangan IPS va OLED’ga almashtirilmoqda. 

IPS matritsalari TN kamchiliklariga ega emas va mukammal rang berish, yuqori kontrastlik va 178 darajagacha bo‘lgan ko‘rish burchaklariga ega.

AMOLED-displeyga ega Galaxy Note 10  — Samsung’ning 2019 yilgi flagmani

IPS muqobili sifatida, shuningdek organik LED displeylari sifatida ham tanilgan OLED ekranlarini ko‘rish mumkin (AMOLED, Super AMOLED). Ulardagi har bir piksel yorug‘lik manbaiga aylanadi va qo‘shimcha yoritishni talab qilmaydi. Shu sababli, OLED displeylari qora rangni yetkazib berish ishonchliligi bo‘yicha tengsiz, yuqori kontrast va yorqinlikka ega, energiya sarfi jihatidan samarali va katta ko‘rish burchaklariga ega. 

IPS va OLED o‘rtasidagi tanlovda to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash yordam beradi. Ikkala smartfonni qo‘lingizga olib, ularda bir xil video va bir nechta rasmlar tomosha qiling — hammasi oydinlashadi.

Ekran o‘lchamlari

Displey o‘lchamlari — u tashkil topgan piksellar sonidan iborat. Aynan mana shu xususiyat savodsiz odamlarni ajratish imkonini beradi.

Ishlab chiqaruvchilar texnik tasniflarda chiroyli raqamlarni ko‘rsatish uchungina ushbu parametrni doimiy ravishda oshirib borishadi. Ammo foydalanishda bundan mantiq ko‘rinmaydi. 2K va 4K o‘lchamlari o‘rtasidagi farqni ekranni ko‘zingizga yaqinlashtirsangizgina sezishingiz mumkin. Bundan tashqari, 4K ekran batareya quvvatini tezroq sarflaydi. Shunday qilib, bunday yuqori aniqlik uchun ortiqcha pul sarflamang. 

Full HD’dan (1,080 × 1,920) 2K’gacha (1,080 x 2340) o‘lchamli qurilma tanlang. Ushbu diapazon optimal hisoblanadi. 

Kameralar

Kameralar bilan bog‘liq vaziyat ekran aniqligi bilan deyarli bir xil: megapiksellar soni sifat ko‘rsatkichi emas. Yaxshi kamera — bu qo‘yilgan va to‘g‘ri sozlangan qurilmaviy va dasturiy tuzilma majmuidir. Shuning uchun bir xil sensorli ikkita smartfon farqli suratga oladi.

Afsuski, xususiyatlariga ko‘ra kamera harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydi. 

Agar siz ma'lum bir smartfon qanday ajoyib, sifatli fotosurat va videolar suratga olishini bilmoqchi bo‘lsangiz, foydalanuvchilar tarmoqqa joylagan kamera sinovlari haqidagi videolavhalarni ko‘rib chiqing. 

Bundan tashqari, smartfon tanlashda kameralarning turi va soniga e'tibor bering. Gap hamma ko‘nikib bo‘lgan selfi va asosiy fotomodulda emas. So‘nggi paytlarda smartfonlar tobora turli xil tasvirlar uchun mo‘ljallangan to‘rt yoki hatto beshta kamera bilan jihozlanmoqda.

Uch kamerali iPhone 11 Pro Max

Smartfoningizda uchratish mumkin bo‘lgan kameralar turlari:  

  • Keng burchakli — standart universal kameralar.
  • Super keng burchakli — ko‘proq joy egallaydi, shuning uchun peyzajlarni suratga olish uchun ideal.  
  • Telefoto — masofagi obektlarni suratga olish uchun.
  • TOF-kameralari — obektgacha bo‘lgan masofani hisoblaydigan optik sensorlar. Ular yordamchi kameralar sifatida ishlatiladi, masalan, yuzni tanish va 3D effektlarini bog‘lash uchun.  

Qobiq materiali

Shisha bilan qoplangan orqa panel chiroyli, ammo eng chidamli variant emas. Nozik materiallar tirnaladi va sinadi, bunday yechimning estetik qiymati barmoqlarimizning yog‘ chiqarish qobiliyati bilan yopilib ketadi. Barmoq izlari bilan batamom kirlangan smartfonni tomosha qilish va qo‘lda tutish hammaga ham yoqimli emas.

Plastmassa qo‘lga yaxshi o‘rnashadi, ayniqsa sirt teksturalangan yoki kauchukga o‘xshash tarkib bilan qoplangan bo‘lsa. Bu arzon ko‘rinadi va qichitishi mumkin, ammo egiluvchanligi tufayli mayda tushishlarga bardosh beradi.

Xiaomi Redmi 7A — plastik korpusli hamyonbop smartfon

Metall allaqachon premium material maqomini yo‘qotgan. Xitoyliklar alyuminiy qoplamlar ishlab chiqarishni va eng budjet modellar uchun ham ularni yetkazib berishni o‘rganishdi. Qurilma yanada mustahkam ko‘rinadi, lekin ayni paytda ko‘proq sirpanadi. Metall issiqlikni yaxshi qaytaradi, bu kuchli va qaynoq o‘yin smartfonlari uchun muhimdir,  ammo sovuq havoda akkumulyatorni tezroq muzlatib qo‘yadi.

Har bir materialning ushbu afzalliklari va kamchiliklariga e'tibor bering. Agar qo‘shimcha «chexol» ishlatmoqchi bo‘lsangiz,  unda ularning aksariyati siz uchun rol o‘ynamaydi.

Akkumulyator

Har qanday smartfonning eng zaif nuqtasi batareya zaryadidir. Standart batareyali smartfon quvvati 2500-3000 mA/soat bo‘ladi, tuni bilan to‘liq zaryadlangan qurilma faol foydalanilganda kechgacha zo‘rg‘a «yetib boradi».  

Agar tez-tez sayohat qilsangiz; narsalarni xususan, quvvatlagichni unutib qo‘yishga moyil bo‘lsangiz; biror sababga ko‘ra rozetka sizdan uzoqda bo‘lsa, batareya sig‘imi 3000 mA/soatdan ortiq bo‘lgan gadjet sotib oling. Android’da 4000 mA/soat va undan yuqori ko‘rsatkichlarga e'tibor qaratish yaxshiroqdir.  

Har qanday batareyali smartfonga qo‘shimcha tashqi akkumulyator sotib olish ham aqlli qaror bo‘lish mumkin.

Protsessor

Deyarli barcha zamonaviy smartfonlar har qanday dastur va oddiy o‘yinlarni osongina ishga tushirishga imkon beradigan protsessorlar bilan jihozlangan. Shuning uchun, ko‘pchilik foydalanuvchilar chipga e'tibor qaratishmasa ham bo‘ladi. Eng arzon qurilmalardan qochishning o‘zi yetarli.  

Ammo kichik bir farq bor: yomon optimallashtirilgan tizim kuchli uskunalarda ham muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin.

Agar optimallashtirishga shubha qilsangiz yoki baribir budjet qurilmasini tanlasangiz, sotib olishdan oldin uning ishlashini tekshiring. Smartfonni qo‘lga olib, dastur va tizimlar tez hamda to‘xtalishlarsiz ishlayotganiga ishonch hosil qiling. Agar buning iloji bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda tarmoqdagi videosharhlarda sizni qiziqtirgan qurilmaning interfeys va ilovalarni qanday aks ettirayotganini ko‘zdan kechiring.

Agar o‘yinlar xohlasangiz, protsessori kuchliroq smartfon tanlashingiz kerak. Mukkasidan ketgan mobil geymerlar an'anaviy ravishda so‘nggi yoki o‘tgan yilgi flagman modellarini tanlashadi. Samaradorlik bo‘yicha yetakchilar, iPhone’dan tashqari, odatda hozirgi Exynos va Qualcomm Snapdragon protsessor modellariga asoslangan smartfonlardir.  

Operativ xotira

2 GB tezkor xotiraga ega qurilmalar ko‘p sonli dasturlar bilan ishlashda sekinlashishi mumkin. 4 GB’dan oshiq hajm esa eng ko‘p sarfli o‘yinlardan boshqa narsa uchun zarur emas. Agar ular sizni qiziqtirmasa, 3-4 GB operativ xotira siz uchun to‘liq kifoya qiladi. Ammo Android smartfon ishlab chiqaruvchilari bu miqdorni kundan-kunga oshirib, xaridorlarni ko‘proq sarflashga majbur qilishmoqda.

Saqlash hajmi va xotira kartasi tirqichi

Optimal saqlash hajmi smartfondan nima uchun foydalanishingiz va ma'lumotlarni qanday saqlashingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. 

Agar musiqa tinglash, video tomosha qilish va barcha ma'lumotlarni saqlash kabi qiziqishlaringizni onlayn bajarsangiz, og‘ir o‘yinlar o‘rnatmasangiz va ilovalar shaxsiy jamlanmasini to‘plamasangiz, 16-32 GB xotira yetarli bo‘ladi.  

Aks holda, qurilmada saqlamoqchi bo‘lgan ma'lumotlarning taxminiy miqdoriga e'tibor qaratishingiz kerak.

Realme 3 Pro — xotira kartasi bor o‘rta toifadagi smartfon

32 gigabayt hajmli va xotira kartasi uchun tirqichga ega smartfon sotib olish oltin yechim bo‘lishi mumkin. Odatda, ishlab chiqaruvchilar saqlash hajmi oshirilgan modellarda narx yorlig‘ini sezilarli darajada ko‘tarishadi. Xuddi shu o‘lchamdagi xotira kartasi esa ancha arzonga tushadi va istalgan paytda uni boshqasiga almashtirish mumkin.

Smartfonni qo‘llab-quvvatlaydigan maksimal xotira kartasiga e'tibor bering. 128 GB kartani o‘rnatishni xohlagan paytingizda qurilma 64 GB’dan ortiq hajmni ko‘tarolmasligi mumkin. Bu kabi holat, ayniqsa, budjet sinfidagi smartfonlarda kuzatiladi.

Sim kartalar soni

Ko‘pgina smartfonlar bir vaqtning o‘zida ikkita sim-karta bilan ishlashlari mumkin. Ushbu imkoniyat u yoki bu sababga ko‘ra juft raqamlardan foydalanadiganlar uchun haqiqiy najotdir.

Muammo shundaki, ko‘pincha ikkinchi sim-karta xotira kartasi o‘rnini egallaydi.

3G, 4G (LTE) yoki 5G

2020 yilda ikki mobil internet standartlari faol. 3G tarmog‘i yuqori tezlikni ta'minlaydi, hatto video uzatish uchun ham yetarli. 4G bu LTE nomi bilan ham tanilgan yanada tezroq simsiz internet. Deyarli har bir zamonaviy smartfon ikkala texnologiyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq, 5G qurilmalari allaqachon sotuvda mavjud. Ushbu standart taqdim etadigan ma'lumot uzatish tezligi 4G ko‘rsatkichlaridan ortadi. Nazariy jihatdan qaraganda, siz HD filmlarini bir necha soniya ichida yuklab olishingiz mumkin.

Ammo texnologiya endigina joriy etilmoqda va uning keng tarqalishi uchun kamida yana 2-3 yil kutishi kerak. Shuning uchun, smartfonni nisbatan qisqa muddat uchun sotib olayotgan bo‘lsangiz, 5G qo‘llab-quvvatlashiga e'tibor qaratish mantiqiy emas - 3G yoki 4G yetarli bo‘ladi.

Yuqoridagi va boshqa modeldagi smartfonlarni Shopme.uz internet do‘konidan xarid qilishingiz mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: