Si Tszinpin koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahriga keldi

Jahon 21:00 / 10.03.2020 21702

Xitoy yetakchisi tibbiy niqobda shaharning deyarli kimsasiz ko‘chalari bo‘ylab yurib o‘tgan. Aholiga hamon o‘z uylarini tark etish taqiqlangan. Biroq xitoyliklar uylari balkonlariga chiqib, Si Tszinpinni qutlashgan. Xitoy raisi ham bunga javoban odamlarga qo‘lini silkitib qo‘ygan.

Xitoy yetakchisi koronavirusga chalinganlar uchun maxsus qurilgan Xoshenshan shifoxonasida bo‘lib, u yerda oyna ortidan shifokorlar va bemorlar bilan suhbatlashgan. Si Tszinpin epidemiya yaqin orada tugashini aytib, ularning ko‘nglini ko‘targan. 

Si Tszinpinning Uxanga kelishi ortida shaharda koronavirusga chalinganlar uchun tashkillashtirilgan 14 ta vaqtinchalik gospitalning barchasi epidemiologik vaziyat yaxshilangani va kasallar kamaygani sababli yopilgani e'lon qilindi. Koronavirusdan sog‘ayib ketgan oxirgi 49 kishiga uylariga ketishga ruxsat berilgan.  

Uxan joylashgan Xubey provinsiyasi ma'muriyati aholining harakatlanishiga taqiqlovni yaqin orada olib tashlashni rejalashtirmoqda.  

Epidemiya boshidan beri Xubeyda 67760 ta, jumladan Uxanda 49965 ta  kasallanish holati qayd qilingan. Kasallikka yo‘liqqanlardan 47585 nafari sog‘ayib ketgan, 3024 kishi (Uxanda 2404 kishi) vafot etgan. Ayni vaqtda provinsiyada 17151 kishi shifoxonalarda qolmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: