9 mart kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank hamda Moliya vazirligi rahbar va mas'ul xodimlari ishtirokida jahon moliya va xomashyo bozorlaridagi oxirgi o‘zgarishlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'sirini o‘rganish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov xabar berdi.
U o‘tkazilgan muhokamalar natijalari bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qildi:
“Gaz narxining pasayishi (neft narxining pasayishi sababli) va ayrim mamlakatlar milliy valutasining devalvatsiyasi eksport tushumlarimizga salbiy ta'sir ko‘rsatadi,shu bilan birga neft va gaz narxi pasayishining ichki bozorga ijobiy ta'siri ham o‘rganib chiqiladi. Xalqaro tovar va moliya bozorlarida yuzaga kelgan vaziyatning so‘mning almashuv kursiga ta'sirini hozircha neytral deb baholaymiz.
Gaz narxi pasayishi sababli Davlat budjeti daromadlarining yo‘qotishlari oltin narxining yuqori ekanligi hisobiga to‘liq qoplanadi. Umuman olganda, Davlat budjeti barcha majburiyatlarini to‘liq ta'minlash imkoniga egadir.
Mazkur masala bo‘yicha asosiy savdo hamkor davlatlarimiz rasmiy idoralarining 9 martdagi bayonotlarini, asosiysi, ularning makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashga bo‘lgan jiddiy rejalarini ijobiy baholaymiz.
Xalqaro moliya va tovarlar bozorlarida yuzaga kelgan qaltis vaziyatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'sirining ko‘lami birinchi navbatda ushbu tebranishlarning qanchalik uzoq muddat davom etishiga bog‘liqdir.
Yuzaga kelgan vaziyatning O‘zbekistondagi makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy ta'sirini minimallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kirishildi. Shu maqsadda uchta idora vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tuzildi.
Fursatdan foydalanib shuni ma'lum qilmoqchimizki, joriy yilning 13 mart kuni Moskva shahrida MDH davlatlari iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda ushbu masalani tashqi savdo bo‘yicha asosiy hamkor davlatlarimiz vakillari – hamkasblarimiz bilan yana bir bor muhokama qilib olamiz.
Ishchi guruhi va tegishli idoralar jahon moliya va xomashyo bozorlaridagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boradilar va ommaviy axborot vositalari orqali ma'lumot berib turadilar”, - deb yozadi vazir.