RPL. Uchta penalti, ikkita chetlatish, bitta avtogol. «Rostov» TsSKAni mag‘lub etdi

Sport 18:49 / 09.03.2020 12363

Rossiya Premer-ligasi 21-turi doirasidagi markaziy o‘yinda «Rostov» klubi TsSKA jamoasini o‘z maydonida qabul qilib, muhim g‘alabaga erishdi.

O‘yinning 20-daqiqasida hamyurtimiz Eldor Shomurodovni jarima maydoni ichida qo‘pollik bilan to‘xtatgan TsSKA yarimhimoyachisi Ilzat Axmetov bosh hakam tomonidan qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi. Biroq 11 metrlik zarbaga yaqinlashgan Roman Yeremenko Akinfeyevni dog‘da qoldira olmadi.

25-daqiqada esa Bayramyanning maydoni markazidagi qo‘pol xatosidan keyin Sigurdsson to‘pga ega chiqib, darvozabon bilan deyarli yakkama-yakka holatda hisobni ochdi – 0:1.

Moskvaliklarning golidan ko‘p o‘tmay, Yeremenko jarima maydoni chizig‘i ustidan kuchli zarbasi bilan muvozanatni tikladi – 1:1.

53-daqiqaga kelib TsSKA jamoasi maydonda 9 kishi bo‘lib qolishdi – bu safar Karpov maydondan chetlatildi. Belgilangan ikkinchi penaltiga bu safar Popov yaqinlashib, hisobni 2:1 ko‘rinishga keltirdi.

Zaxiradan maydonga tushgan Pavel Mamayev o‘yinning 63-daqiqasida hisobdagi farqni oshirdi – 3:1. Bu gol Pashaning uzoq tanaffusdan keyin Premer-ligadagi dastlabki goli bo‘ldi.

Mehmonlar 9 kishi bo‘lib ham hujumga o‘tishda davom etishdi. Natijada 77-daqiqada Chalovning uzatmasidan keyin Osipenko o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi – 3:2.

85-daqiqada moskvaliklar VAR tizimi orqali penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ammo Chalovning zarbasini «Rostov» posboni Pesyakov qaytarib qoldi.

O‘yin yakunigacha Shomurodov bir qator xavfli vaziyatlar yaratgan bo‘lsa-da, bu safar o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ya olmadi. Shunga qaramay, jamoasi muhim bahsda g‘alabaga erishdi.

9 mart (dushanba)
Rossiya Premer-ligasi. 21-tur

Rostov – TsSKA 3:2
Gollar: 0:1 – 25 Sigurdsson, 1:1 – 31 Yeremenko, 2:1 – 53, penalti Popov, 3:1 – 63 Mamayev, 3:2 – 77, avtogol Osipenko.
Rostov – Pesyakov, Chernov, Kozlov, Chistyakov (Saplinov, 13), Osipenko, Yeremenko, Zaynutdinov, Bayramyan, Popov, Glebov (Mamayev, 58), Shomurodov (Proshlyakov, 90+3)
TsSKA – Akinfeyev, Fernandes, Karpov, Diveyev, SHCHennikov, Axmetov, Bistrovich (Kuchayev, 64), Vlashich, Oblyakov, Sigurdsson, Magnusson.
Ogohlantirishlar: Glebov (17), Fernandes (52), Oblyakov (57), Mamayev (64), Zaynutdinov (69).
Chetlatish: Axmetov (20), Karpov (51) (ikkisi ham TsSKA).
Amalga oshirilmagan penalti: Yeremenko 20 – Chalov 85.

Ko‘proq yangiliklar: