Saudiya Arabistoni boshchiligidagi neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEC) va Rossiya boshchiligidagi OPEC’ga kirmagan ba'zi neft ishlab chiqaruvchi davlatlar juma kuni Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan 7 soatlik yig‘ilishda qo‘shimcha ishlab chiqarish qisqartirilmagani narxlarning keskin pasayishiga olib keldi.
Bugungi kunda Brent markali neftning 1 barreli narxi 31,27 dollargacha tushdi, AQShda WTI markali (G‘arbiy Texas) neft narxi esa 27,34 dollargacha tushgan.
Natijada xom neft narxi 2016 yil fevralidan beri eng past darajaga pasaydi. Shuningdek, 30 foizdan ko‘proq pasayish bilan 1991 yil yanvar oyidagi Ko‘rfaz urushidan beri foizlar bo‘yicha eng og‘ir kunlik yo‘qotishlar qayd etildi.
Bozor uchun kurash
Moskva Saudiya Arabistoni boshchiligidagi OPEC’ning qo‘shimcha neft qazib olish hajmini qisqartirish to‘g‘risidagi taklifiga qo‘shilmaganining eng asosiy sababi – Rossiyaning jahon neft bozoridagi ulushini AQShning neft ishlab chiqaruvchilariga boy berib qo‘yish qo‘rquvidir.
OPEC’ning 2016 yil oxirida Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda neft narxi pastligi sabab ishlab chiqarishni qisqartirish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatlagan Rossiya so‘nggi 4 yil ichida xom neft qazib olishni 3 baravar kamaytirdi. Biroq neft narxini ko‘tarish uchun qilingan ishlab chiqarish qisqartirishida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi OPEC davlatlari va Rossiyaning bozordagi ulushi amerikalik ishlab chiqaruvchilar qo‘liga o‘tdi.
2008 yilda AQShda kunlik neft qazib olish hajmi 5 million barrel darajasida edi, o‘tgan haftada bu rekord kuniga 13,1 million barrelga ko‘tarildi.
Saudiya Arabistoni va Rossiya neft qazib olishni qisqartirish bilan narxlar 50 dollardan oshgan bir paytda, ushbu ikki mamlakatning bozor ulushining katta qismini egallab olgan AQSh bu davlatlarni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchisiga aylanib oldi.
Bundan buyon amerikalik ishlab chiqaruvchilarga bozordagi ulushini tutqazishni istamagani uchun bu safar OPEC’ning ishlab chiqarishni qisqartirish qaroriga qo‘shilmagan Rossiya neft qazib olishni ko‘paytirishi mumkinligi haqida darak bermoqda.
Saudiya Arabistonining aprel oyining boshidan xom neft qazib olish hajmini ko‘paytirish imkoniyati esa 3 yildan ko‘proq vaqt davom etgan Ar-Riyod–Moskva ittifoqining intiho xavfini keltirib chiqaradi.
Oqibatni saudiyaliklarning budjeti ko‘proq his qiladi
Neft narxining keskin pasayishi Saudiya Arabistoni iqtisodiyotiga eng ko‘p zarar yetkazishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotining 90 foizi neft qazib olish va eksportga bog‘liq bo‘lgan Saudiya Arabistoni budjetni muvozanatlashi uchun neft narxi 80-85 dollar orasida bo‘lishi lozim.
Rossiyaning budjet balansini saqlab qolish uchun esa neftning o‘rtacha narxi 42-45 dollarga teng bo‘lishi talab etiladi.
Agar neft narxi past holda qolishda davom etsa, har ikki davlatning ham neftdan tushadigan daromadlari pasayishi va budjetlarida milliardlab dollar yo‘qotishi kutilmoqda. Ushbu mamlakatlarning fond birjalarida faoliyat olib boruvchi neft kompaniyalarining aksiyalari va bozor narxlarida ham keskin pasayish kuzatilmoqda.
Dunyodagi eng yirik neft eksportchisi bo‘lgan Saudiya Arabistonining milliy neft kompaniyasi bo‘lmish Saudi Aramco’ning aksiyalari bugun 10 foizga pasaydi, bozor qiymati esa taxminan 660 milliard Saudiya rialiga (176 milliard dollar) tushdi.
Rossiyaning «Rosneft» va «Lukoyl» neft kompaniyalari 4 foizdan ko‘proq yo‘qotdi. Bundan tashqari, ikkala kompaniyaning bozor qiymati 360 milliard rubl (4,8 milliard dollar)ni tashkil etdi.
Boshqa ishlab chiqaruvchi mamlakatlar
Neft narxining pasayishi OPEC tarkibiga kiruvchi o‘rta va kichik ishlab chiqaruvchi davlatlar iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Dunyo bo‘yicha eng ko‘p xom neft zaxiralariga ega bo‘lgan Venesuelada neft narxi pastligi sababli, so‘nggi yillarda iqtisodiy muammolar hali ham davom etmoqda, mamlakatning neft sanoati esa to‘xtab qolgan.
Bundan tashqari, AQSh embargosi Eronning xom neft eksportiga ham to‘sqinlik qilmoqda.
OPEC’ning boshqa yirik ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan Iroq, Kuvayt va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarning ham past narxlar tufayli salbiy ta'sir ko‘rishi kutilmoqda. Angola, Jazoir va Nigeriya kabi o‘rta ishlab chiqaruvchi mamlakatlar hamda Ekvador, Ekvatorial Gvineya, Kongo va Gabon kabi kichik ishlab chiqaruvchi mamlakatlar ko‘proq zarar ko‘rishi taxmin qilinmoqda.
AQShga qanday ta'sir qiladi?
Ushbu jarayon yuqori narxda xom neft ishlab chiqarayotgan AQSh ishlab chiqaruvchilariga qisqa muddatda ta'sir qilishi mumkin.
Saudiya Arabistoni va Rossiyadan ancha ilgarilab ketgan AQSh quduqlarida xom neft qazib olish narxi taxminan 50-55 dollarni tashkil qilmoqda.
Rossiya neft qazib olish hajmida qo‘shimcha qisqartirishlarni amalga oshirmaydi. Bu davlat narxlarni bir muncha vaqt ushlab turish orqali AQShning neft ishlab chiqaruvchilarini bozordan siqib chiqarishni maqsad qilgan.
Saudiya Arabistoni tomonidan 2014 va 2016 yillar oralig‘ida past narxlar strategiyasi amalga oshirilgan va bu AQShdagi 300dan ortiq neft kompaniyalarining cho‘kishiga va sektorda taxminan 250 milliard dollarlik yo‘qotishlarga sabab bo‘lgandi. Biroq amerikalik neft ishlab chiqaruvchilar 50 dollardan yuqori narxlar tufayli ishlab chiqarishni ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lishgandi.