Shuhrat Mirxoldirshoyev – o‘zbek futbolidagi hujumchilar muammosi, legionerlar saviyasi va milliy jamoada o‘ynab keta olmagani haqida

Sport 11:00 / 06.03.2020 21985

Suhbatda Mirxoldirshoyevning futbolchilik faoliyati, xotiralari, o‘zbek futbolidagi muammolar, jumladan, hujumchilar yetishmovchiligi haqida so‘z boradi.

– Futbolga qanday kirib kelgansiz?

– Futbolga kirib kelishim mahalladan boshlangan. 6 yoshimda esa otam birinchi murabbiyim Shukrullo Abdullayevga olib bordilar. Keyinchalik «Navbahor-3»da Usmon Asqaraliyev, Oleg Xaliulin, Anvar O‘rinov kabi murabbiylar qo‘l ostida o‘ynadim. Asosiy tarkibga esa Viktor Jalilov jalb etgan.

– Qaysi futbolchilarning o‘yinlari sizga motivatsiya bera olgan? Hujumchi bo‘lishingizga turtki bergan?

– Maradona, braziliyalik Ronaldo va Shevchenkoning o‘yinlarini qiziqish bilan ko‘rardim.

O‘zbekiston chempionatida ham yuqori mahoratli futbolchilar o‘ynardi. Yoshligimda otam «Navbahor»ning o‘yinlariga olib tushardilar, Farhod Magomedov, Oleg Shatskix, Rustam Do‘rmonov kabi o‘yinchilarning harakatlarini kuzatardim.

Avvallari «Navbahor» o‘yinlaridan oldin stadionda yosh bolalar futbol o‘ynashardi. Muxlislar qarshisida o‘zimizni ko‘rsatishga harakat qilardik. O‘yin boshlangach esa bolboy vazifasini bajarardik.

– Yoshligingizda poyabzal sotish bilan shug‘ullanganingiz rostmi?

– Yo‘q, poyabzal sotmaganman. Akamga non sotishga yordamlashardim. Kun davomida 4ta narsaga ulgurardim: dars, akamga yordamlashish, futbol va karate.

Shu paytlarda otam olib bergan sport oyoq kiyimini 3-4 yil avaylab kiyardim. Sharoitlar borasida hozirgi yoshlarga havas qilsa arziydi.

– Lekin sharoitlar yaxshilangani bilan natijalar o‘zgarmayapti-ku?

– O‘zim ham shunga hayronman. Natijalar ko‘rinmayapti. Futbolchilar, xususan, hujumchilar kamayib ketayotgandek. Bizning davrimizda milliy jamoaga nomzod 10-12ta hujumchi bo‘lardi, har bir klubda 2-3ta yuqori saviyali hujumchilar bor edi. Murabbiylar qaysi hujumchini maydonga tushirishni bilmay boshi qotardi.

Avvalgi futbolchilar mashg‘ulotlardan keyin qolib, yana 1 soatcha o‘z ustilarida ishlashardi. Hozir esa futbolchilar mashg‘ulotlar tugashi bilan shoshib ketishadi.

Hujumchilar haqida gapirish men uchun og‘ir. Chunki chempionatimizda hujumchining o‘zi yo‘q. Milliy jamoada birgina Eldor Shomurodov bor, ammo uning yoniga raqobatchilar kerak. Hujumchilar murabbiyini tashkil etishni taklif qilgan bo‘lardim. Masalan, darvozabonlar murabbiyi bor-ku.

– Gollaringizga e'tibor bersak, odatda chap tomondan kirib kelib o‘ngga qayrilib, to‘pni aylantirib tepardingiz. Hozir bunday futbolchilarimiz kam. Bu uslub haqida nima degan bo‘lardingiz?

– Bu uslub – mashg‘ulotlar va mehnatlar natijasi. O‘z ustimda tinimsiz ishlardim. Bizning davrimizda himoyachilar bo‘ydor bo‘lgan. Lekin qo‘rqmasdan jarima maydonchasiga kirib borardik. Yarimhimoyachi yoki hujumchi kamida 1-2 himoyachini aldab o‘tishi, ulardan qo‘rqmasligi kerak. Hozir Jaloliddin Masharipovda bu xususiyatni ko‘rish mumkin. Afsuski, bunday o‘yinchilar ko‘p emas.

Ayrim jamoalar legioner hujumchilar olib kelishyapti, ammo men u futbolchilarda hech narsa ko‘rmayapman. Legioner kamida Dragan Cherandek bo‘lishi kerak. Saviyasiz legionerga berilgan mablag‘ning o‘ndan birini mahalliy yosh o‘yinchiga sarflasa foydaliroq.

– 2000 yillar boshida Oliy Ligada to‘purarlar o‘rtasida raqobat kuchli edi. Tojiyev, Soliyev, Isoqov, Berdiyev, Xolmurodov, Hamidullayev, Idiatullin va siz. Gollaringiz sonini oshirishda jamoadoshlaringizdan yordam so‘rarmidingiz?

– To‘purarlik poygasida yarimhimoyachilar, hujumchilar, hatto murabbiylar ham katta yordam berishardi.

Jamoadoshlarim Xayrulla Karimov, Saydullo Tursunov, Rashid G‘ofurov, raxmatli Tohir Madrahimov maslahatlari bilan ko‘mak berishgan, qo‘llab-quvvatlashgan.

– Eng yaxshi tandemingiz sifatida kimni ayta olasiz?

– Anvar Soliyev, akam Ulug‘bek Mirxoldirshoyev, Rustam Do‘rmonov, Zafar Xolmurodov, Baxtiyor Hamidullayev.

– Qaysi himoyachilarga qarshi o‘ynash qiyin edi?

– Bahtiyor Ashurmatov va Asror Aliqulov. Shuningdek, «Metallurg»da Hikmat Ergashev o‘ynardilar, hozir OKMKda Mirjalol Qosimovga yordamchilik qiladilar. Ular ayamasdan tepardilar. U paytda himoyachilar juda qo‘pol harakat qilishardi. Ammo barchasi maydonda qolardi, o‘yindan keyin bir-birimizga qo‘l tashlashib ketardik.

– Siz qo‘l ostida o‘ynagan qaysi murabbiylarni alohida e'tirof etgan bo‘lardingiz?

– Avvalo, ham inson, ham murabbiy sifatida Viktor Jalilovni aytgan bo‘lardim. Bu murabbiy doim futbolchilarini himoya qilardi. «Nasaf»da Anatoliy Demyanenko qattiqqo‘l murabbiy edi. Ro‘ziqul Berdiyevni ham ta'kidlagan bo‘lardim. «Mash'al»dagi Viktor Kumikov jismoniy tayyorgarlikni birinchi o‘ringa qo‘yardi. Uning yuklamalari og‘ir edi. Barchalariga rahmat aytaman.

– Nega to‘purar bo‘lgan mavsumlaringizda ham milliy jamoada barqaror o‘ynab keta olmagansiz?

– Janubiy Koreyadagi Osiyo o‘yinlari paytida murabbiy bilan (Viktor Borisov) kelishmovchilik bo‘lgan. Sabab shu edi. Buni eslashni ham xohlamasdim.

– 2004 yilda Viktor Jalilov va futbolchilar yoppasiga «Mash'al»ga ketishiga sabab nima edi?

– Ko‘pchilik bizni moliyaviy sabab yoki kimdir tufayli ketdi, deb aytadi. 2004 yili «Navbahor» bilan bronza medalini qo‘lga kiritdik, lekin 2-davrada umuman maosh olmadik. Muxlislar haqiqatni bilishi kerak.

Men «Qayrat» (Qozog‘iston) klubi bilan Dubay yig‘iniga ketdim. Ular 2 yillik shartnoma taklif qilishdi. So‘ng Moskvada MDH Kubogiga tayyorgarlik ko‘rayotganimizda Viktor Jalilov va sobiq jamoadoshlarim bilan gaplashdim. Bilsam, ular «Mash'al»ga ketishgan. Meni ham taklif qilishdi. O‘zim bilgan futbolchilar bilan o‘ynashni xohlab, «Qayrat» bilan shartnoma imzolamadim.

Namanganga keldim. Jamoa rahbarlari bilan gaplashdim. Ko‘p muxlislar meni avvalgi mavsumda to‘purar bo‘lgani uchun katta maosh so‘ragan, deyishadi. Unday emas, o‘zimning halol oyligimni so‘raganman. Yashirmayman, o‘shanda jamoada qolishim bitta «Neksiya»ning puli bo‘lgan.

«Navbahor»ga Turkmanistondan yangi murabbiy Rahim Qurbonmamedov kelgan. 3 kun Namanganda yurganman, lekin meni jamoaga chaqirmagan. Rashid G‘ofurov klubda qolgan, biroq 1-davra tugamasdan murabbiy uni ham jamoasida ko‘rishni istamagan.

– «Mash'al» va «Andijon» safida «Navbahor»ga qarshi bahslarda (2:1, 5:1) dubl va xet-trik qayd etgansiz. Shunda kimgadir nimadirni isbotlamoqchi bo‘lganmisiz?

– Hech kimga hech nimani isbotlamoqchi bo‘lmaganman. Gollarni nishonlashni ham istamaganman. Keyinchalik «Navbahor»ga qaytib, «Mash'al»ga ham gol urganman. Bu futbol. Maydonga tushib, o‘z ishimni qilardim. Noto‘g‘ri tushungan, xafa bo‘lgan muxlislardan uzr so‘rayman. Namanganlik muxlislar O‘zbekistonda tengsiz. Bizda oddiy o‘yinga ham 10-12 ming muxlis kiradi, majburlab stadionga olib kirishmaydi.

– 2008 yili «Navbahor»ga qaytdingiz. Lekin bir mavsum o‘ynab, jamoadan ketdingiz. Bu safar sabab nima edi?

– Ichki muhit yaxshi emasdi. Futbolchilar va murabbiylarning tez-tez kelib-ketishi kuzatilgan. Bunday muhitda futbol o‘ynashni istamasdim. Shundan so‘ng Andijon viloyati hokimi taklifi bilan «Andijon»ga o‘tdim.

Intervyuning ikkinchi qismida futbolchining «Nasaf» va «Andijon»dagi faoliyati, OFK Kubogidagi g‘alaba taassurotlari, O‘zbekiston chempionatidagi kelishilgan o‘yinlar, hujumchiga bo‘lgan «takliflar» haqida o‘qishingiz mumkin.

Ma'lumot o‘rnida: Shuhrat Mirxoldirshoyev 1982 yil 5 martda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida «Navbahor», «Mash'al», «Andijon» va «Nasaf» klublarida o‘ynagan.

O‘zbekiston chempionatida 2 bor kumush medalni, 3 bor bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2011 yili «Nasaf» bilan OFK Kubogida g‘olib bo‘lgan. 2003 va 2004-yillarda qatorasiga ikki bor O‘zbekiston chempionati to‘purariga aylangan. 100dan ortiq gol urganlar qatorida Gennadiy Krasnitskiy klubi a'zosi sanaladi. O‘zbekistonning turli yoshdagi jamoalarida harakat qilgan, jumladan, milliy jamoada 3ta o‘yin o‘tkazgan.

A'zamjon Izzatillayev suhbatlashdi,
tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: