Yuliy Yusupov: «YeOIIga a'zolik masalasi JSTga kirilganidan keyin ko‘rilishi kerak»

Iqtisodiyot 16:30 / 04.03.2020 17894

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan «C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes» xalqaro anjumanida ma'ruza qildi.

Iqtisodchi nutqini yakunlagach, O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkiloti va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zoligi bo‘yicha talabalarning savollariga javob qaytardi.

«Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini 1990 yillarning o‘rtalarida boshlaganmiz. Hozirga qadar kirmaganimiz bu – bizning aybimiz. Gap shundaki, iqtisodiy rivojlanishning o‘sha vaqtdagi modeli bilan JSTga kirish imkonsiz edi.

Hozirda muzokaralar olib borilyapti. Yaqin bir necha yil ichida JSTga kirish umidi mavjud. Deyarli barcha mamlakatlar bu tashkilotga a'zo bo‘lgan. Biz kechikkanlar 10taligidamiz.

JST tartib-intizomga soladi, mamlakatlarni tashqi savdoning muayyan qoidalariga amal qilishga majbur qiladi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilarimizning tashqi bozorlarga chiqishini osonlashtiradi. Bu biz uchun juda muhim, chunki bizda hukumat tartib-intizomli emas. U mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish borasida g‘ayriqonuniy yo‘llarni topishga harakat qiladi. JST bizni ana shu «tuynuk»larni yopishga majbur qiladi.

YeOIIga a'zolik O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta'sir ko‘rsatadi? Bu murakkab savol. Uning plyus va minuslari bor. Ushbu ijobiy va salbiy jihatlarni keltirish uchun juda ko‘p vaqt ketadi. Ana shu ijobiy va salbiy jihatlarni taqqoslab chiqayotgan mutaxassislar guruhi ishlamoqda.

YeOIIga kirish-kirmaslik masalasini men JSTga a'zo bo‘lganimizdan keyin ko‘targan bo‘lardim. Bu ancha to‘g‘ri bo‘lgan bo‘lardi», – degan Yuliy Yusupovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

JSTga kirish jarayonining qayta boshlanishi

Jahon Savdo Tashkiloti 1995 yil boshidan hozirgi formatiga o‘tkazilgan, O‘zbekiston unga a'zo bo‘lib kirish uchun 1994 yilda ariza bergan – mamlakat hozir kuzatuvchi maqomida. Jahonning 164ta davlati, shu jumladan Qozog‘iston, Qirzig‘iston va Tojikiston ham JST a'zosi sanaladi.

2017 yil noyabrida – prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida mamlakat JSTga kirish bo‘yicha ishlarni qayta boshlagani ma'lum bo‘ldi.

2018 yilda O‘zbekistonda Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi. Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov bu tuzilmaga a'zo bo‘lib kirish uchun 4-5 yil vaqt kerak bo‘lishini aytdi. Shu yili Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi davomida ham mamlakatning bu boradagi qarori qat'iy ekani ta'kidlandi.

2019 yil iyuliga kelib, O‘zbekiston tomoni tashkilotga kirish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi yangilangan memorandumni JSTga taqdim etdi.

Yil oxirida, prezident Shavkat Mirziyoyev JSTga a'zo bo‘lish – mamlakat oldidagi eng ustuvor maqsadlardan biri ekanini qayd etdi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov esa O‘zbekiston bu xalqaro tuzilmaga kirish bo‘yicha muzokaralarni imkon qadar tezroq yakunlamoqchiligini bildirdi.

JSTga kirish bo‘yicha tegishli ishchi guruhning 4-yig‘ilishi 2020 yilda Jyenevada bo‘lib o‘tishi kutilyapti. Bu ishchi guruhning 3-yig‘ilishi 2005 yilda o‘tkazilgan.

Respublikaning JSTga qo‘shilishi uchun Yevroittifoq 5 million yevro mablag‘ ajratgan. Shuningdek, BMT va Jahon Banki kabi xalqaro tashkilotlar, AQSh, Koreya Respublikasi va Xitoy kabi hamkorlardan moliyaviy-texnik ko‘mak olinishi mumkin.

 

Ko‘proq yangiliklar: