Ommaviy va professional futbol har tomonlama rivojlantiriladi - Hukumat qarori loyihasi

Sport 12:50 / 03.03.2020 3103

Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Maktablar futbol ligasi” musobaqalarini har bir tuman (shahar)da doimiy ravishda yiliga kamida ikki marotaba o‘tkazish;

mahalla yoshlari o‘rtasida “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi” futbol musobaqalarini muntazam va yuqori saviyada o‘tkazish;

bolalar-o‘smirlar sport maktablari va xususiy futbol maktablari shug‘ullanuvchilari o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda respublika miqyosida “Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalarini o‘tkazish;

hududlar kesimida barcha korxona va tashkilotlar, davlat boshqaruvi organlari xodimlari o‘rtasida futbol bo‘yicha “Bosh vazir kubogi”, “Hokim kubogi”, “Rahbar kubogi” musobaqalarini keng qamrovda va muntazam ravishda tashkil etish;

yoshlar o‘rtasida “Charm to‘p”, futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari o‘rtasida “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalarini tizimli tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi:

sport musobaqalarining barcha bosqichlarini, ayniqsa, quyi (ta'lim muassasasi, tuman (shahar) bosqichlari to‘liq va sifatli o‘tkazilishi nazoratini ta'minlaydi;

musobaqalarning barcha bosqichlari natijalarini tahlil qiladi va tizimli monitoringini olib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5887-son farmoniga asosan “Maktablar futbol ligasi” musobaqalari tuman (shahar) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga hamda O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga ajratilgan mablag‘lar doirasida, “Sport maktablari futbol ligasi”, “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilgan.

Belgilab qo‘yilishicha:

“Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi” musobaqalarining barcha bosqichlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mablag‘lari;

“Bosh vazir kubogi”, “Rahbar kubogi”, “Charm to‘p” musobaqalarining respublika final bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining har yilgi Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga ajratilgan mablag‘lari;

“Hokim kubogi” musobaqalari, “Rahbar kubogi”, “Charm to‘p” musobaqalarining quyi bosqichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha daromadlari hisobidan moliyalashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futbolni ommalashtirish va har tomonlama rivojlantirish maqsadida bolalar-o‘smirlar sport maktablarida ayollar futboli, futzal (mini-futbol) va sohil futboli guruhlarini tashkil qilish hamda ular o‘rtasida muntazam ravishda musobaqalar o‘tkazib borilishini yo‘lga qo‘yadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi sport musobaqalari o‘tkaziladigan, ishtirokchilar joylashadigan, ovqatlanadigan, tashrif buyuradigan joylarda va ularning atrof hududlarida jamoat tartibi saqlanishini, yo‘l harakati, yong‘in va fuqarolar xavfsizligini hamda harakatlanish yo‘nalishlarida yo‘l-patrul xizmati patrul avtomashinalari yordamida kuzatib borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi sport musobaqalari o‘tadigan joylarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mos bo‘lishini, ishtirokchilarga yuqori saviyada tibbiy xizmat ko‘rsatilishini, mehmonxonalarda va ushbu turnir o‘tadigan joylarda zarur tibbiy anjomlar, dori vositalari hamda tez yordam avtomashinalari navbatchiligi tashkil etilishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: