Muxlislar, hakamlar, janjallar. «Paxtakor» «Navbahor»ni qanday yengdi?

Sport 23:09 / 27.02.2020 22495

«Paxtakor»ning qanchalik kuchli ekanini OChLda ko‘rishga ulgurgandik. Arveladze jamoasi guruhdagi dastlabki ikki o‘yinda g‘olib bo‘ldi. Jamoa xalqaro maydondagi bu o‘yinlar bilan chempionatda g‘oliblik uchun kurash unchalik qizimasligiga ishora qilgandek bo‘ldi go‘yo. Ammo «Navbahor» mavsumga yaxshi tayyorlanganini ko‘rsatdi.

Ser Aleksning ma'ruzalarini tinglagan Kanchelskis «Navbahor»ga qaytgach Namangan klubi bir qator yaxshi futbolchilar bilan kuchaydi. Rossiyalik murabbiy bugun ularning ko‘pini maydonga tushirmadi. Zabihullo O‘rinboyev, Javlon Ibrohimov kabi milliy jamoada ham o‘ynagan legionerlar hozir «Navbahor»da ekanini bilsangiz kerak.

«Paxtakor»ga qarshi o‘yinda asosan jamoaning o‘tgan mavsumdagi yetakchilari o‘zini ko‘rsatdi. 26-daqiqada Ivan Solovyov «Paxtakor» burchak to‘pi tepgach boshlangan qarshi hujumni ajoyib tarzda golga aylantirdi. Goldan keyin «Navbahor» muxlislari bayramni boshlab yuborishdi. Shu kuni «Paxtakor» stadioniga juda ko‘p «Navbahor» muxlislari kelgandi. Bu muxlislarning xursandchiligi ko‘pga cho‘zilmadi. 45+3-daqiqada Ilgiz Tantashev «Navbahor» futbolchisi Islom Isoqjonovni maydondan chetlatdi.

Bu vaziyatda hakamning qarori turli fikrlarga sabab bo‘ldi, chunki hakam yaqqol ko‘rinib turgan holat uchun futbolchini maydondan chetlatmadi. Dragan Cheran Isoqjonovga tashlandi va ikki futbolchi ham maydonga yiqildi. Bir qarashda oddiy o‘yini holati, ammo hakam «Navbahor» futbolchisiga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi. Balki Tantashev Isoqjonovga oldin ham sariq kartochka ko‘rsatganini esidan chiqarib qo‘ygandir, axir bunday voqea uning faoliyatida bo‘lgan-ku.

Avstraliya hamda Suriya o‘rtasidagi JCh-2018 saralash o‘yinida Ravshan Ermatov jarohat sabab o‘yinni davom ettira olmagan va uning o‘rnini o‘sha o‘yinda zaxira hakami bo‘lib ishlagan Tantashev egallab qo‘shimcha bo‘limlarda ishlagandi. O‘sha o‘yinda Tantashev suriyalik futbolchiga sariq kartochka ko‘ratgach, u oldin ham ogohlantirilganini bilib qolgan va keyin qizil ko‘rsatishga majbur bo‘lgandi.

Birinchi sariq bilan ikkinchi sariq bir xil deysizmi? Yo‘q, hakam bir marta sariq bergan futbolchisini ikkinchi marta ogohlantirish uchun qo‘pollik jiddiyroq bo‘lishi kerak. Masalan, Tantashev Sardor Sobirxo‘jayevga ikkinchi sariq berishga shoshmagandi, ammo Isoqjonovni ayamadi. Oqibatda o‘yindagi intriga pasaydi.

Ikkinchi bo‘limni bir kishi ko‘p bo‘lib o‘tkazgan «Paxtakor» ko‘p o‘tmay hisobni tenglashtirdi. 51-daqiqada Jaloliddin Masharipov hamda Dragan Cheran boshlagan hujumni Igor Sergeyev chiroyli gol bilan yakunladi.

77-daqiqaga kelib Tantashev qizil kartochkalar bo‘yicha ham hisobni tenglashtirib qo‘ydi. U «Paxtakor» sardori Yegor Krimetsni maydondan chetlatdi. Qizig‘i, bu holatda ham hakam qizil kartochka bermasligi mumkin edi. Krimets Rashidxonovga oyog‘ini ko‘pol tarzda ko‘tardi, ammo bu vaziyatda kontakt bo‘lmagandek ko‘rindi. Aftidan hakam bu borada vaziyatni tenglashtirib qo‘yish orqali o‘zi uchun muammoni kamaytirishni istadi.

Har ikki jamoa 10 kish bo‘lib qolgach kimning zo‘r ekani bilindi. 88-daqiqada Igor Sergeyev yana bitta gol urib o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi — 2:1. Shu o‘rinda Sergeyev mavsum boshidan buyon 3 ta o‘yinda 4 ta gol urganini aytish kerak. Hujumchi ajoyib sport formasida ekanini isbotlay oldi va Abramov uni milliy jamoaning ilk yig‘iniga ham jalb qildi.

«Navbahor» hali bor kuchini ko‘rsatdi deya olmaymiz, chunki jamoaga kelgan hamma futbolchilar maydonga tushgani yo‘q. Agar Kanchelskisni yana mavsum o‘rtasida ketkazishmasa, u Namangan klubi bilan yaxshi natijalarga erishishini taxmin qilishimiz mumkin.

Quyida «Paxtakor» — «Navbahor» o‘yinidan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Ma'rufjon Asqarov olgan suratlar

Ko‘proq yangiliklar: