Xususiy bandlik agentliklari prezidentga jamoaviy murojaat yo‘lladi

Jamiyat 19:55 / 26.02.2020 15740

O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy mamlakatlar va respublikaning o‘zida band qilishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanib keluvchi 16ta xususiy bandlik agentligi prezident Mirziyoyev, bosh vazir Aripov, BMMV rahbari Husanovga jamoaviy murojaat yo‘lladi. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan jamoaviy murojaatda qayd etilishicha, «HUMAN» xususiy bandlik agentligi rahbarlarining noqonuniy xatti-harakatlari bois, qonuniy asosda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bandlik agentliklarining kelajagi ham xavf ostida qolmoqda.

Xususan, «2020 yil 17 fevral kuni bosh vazir A. Aripov rahbarligidagi hukumat vakillarining Yoshlar ijod saroyida «HUMAN» xususiy bandlik agentligidan jabrlanganlar bilan uchrashuvidan keyin vujudga kelgan noqulay vaziyat» tufayli davlat rahbariga murojaat qilishga qaror qilingani ta'kidlanadi. Bundan tashqari, unda fuqarolar bandligini ta'minlashni xususiy tadbirkorlarga berilishi xorijiy investorlarda ham ishonch uyg‘otgani, hattoki, ular ishtirokida mamlakatda xususiy bandlik agentliklari faoliyat ko‘rsatayotgani, Xalqaro mehnat tashkiloti singari tashkilotlar agentliklarga ko‘mak berayotgani aytilar ekan, XBAlar faoliyatiga chek qo‘yilgudek bo‘lsa, ehtimoliy salbiy oqibatlari sanab o‘tilgan.

«Birinchidan, O‘zbekiston mehnat bozori davlat tomonidan monopoliyaga qaytariladi. Bu, ehtimol, ishga joylashishga muhtoj bo‘lgan ko‘psonli fuqarolarga sifatsiz va kechiktirgan holda xizmat ko‘rsatishga, noqonuniy mehnat migratsiyasiga hamda korrupsiya omillariga olib keladi.

Ikkinchidan, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, xorijiy sarmoyadorlar, mehnat va migratsiya sohasidagi mutaxassislarda salbiy fikrlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bu esa, O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy maydondagi ishbilarmonlik muhitiga ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Bundan tashqari, XMT O‘zbekiston fuqarolarini xorijiy mamlakatlarda ishga joylashtirish masalalari xususiy sektorga berilgach, chet ellik hamkorlar bilan aloqalarni o‘rnatishda xususiy bandlik agentliklariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatmoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda. Agarda, XBAlar faoliyati to‘xtatilsa, bu ham O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi sohasida olib borayotgan siyosatida salbiy iz qoldirishi mumkin», - deyiladi jamoaviy murojaatda.

Mavzuga doir:

Shuningdek, unda ta'kidlanishicha, xususiy bandlik agentliklari faoliyati to‘xtatilsa, ular bilan shartnoma imzolab, xorijda ishga joylashish uchun ruxsatnomalarni kutayotgan minglab insonlarning noroziligi vujudga keladi. Chunki, ularning aksariyati kerakli hujjatlarni to‘plash va rasmiylashtirish, xorijiy tilni o‘rganish va malakani aniqlash sinovlari bilan bog‘liq uzoq muddatli jarayonlardan o‘tishgan.

Ko‘proq yangiliklar: