28-29 fevral kunlari Yoshlar davlat teatrida ilk marotaba ko‘zi ojizlar uchun moslashtirilgan sahna asarlari namoyish etiladi. Tiflosharhlash orqali namoyish etiladigan sahna asarlari Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi ko‘magida tashkillashtirilmoqda.
Ilk inklyuziv teatrda Timur Zulfiqorov dostoniga asoslangan “Xo‘ja Nasriddinning ilk muhabbati” (Pervaya lyubov Xodji Nasreddina) shousi hamda Nabi Abdurahmonovning rejissyorlik ishi hisoblangan “Ixtiyorsiz tabib” (Lekar ponevole) sahna asarlari namoyish qilinishi rejalashtirilgan.
Spektakl namoyishiga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi ko‘zi ojiz va ko‘rish imkoniyati cheklanganlar taklif qilingan. Mehmonlar tomoshani tiflosharhlash texnologiyasi orqali qabul qilishadi.
Tiflosharhlash ko‘zi ojiz/ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslarga muzey, teatr, ko‘rgazma va kinoteatrga tashrif buyurish imkoniyatini beruvchi texnologiya hisoblanadi. Sahnada, rasmda yoki ekranda namoyish etilayotgan holat qisqa va lo‘nda qilib, shu o‘rinda, barcha detallarni qamrab olgan holda sharhlanadi. Foydalanuvchi bu ma'lumotni quloqchinlar orqali qabul qiladi.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi o‘tgan yildan boshlab madaniyat obektlarida inklyuziv muhitni yaratish borasida harakat boshlagan bo‘lib, teatrlarda tiflosharhlash amaliyoti ham shu harakat doirasida amalga oshirilmoqda. Inklyuziv teatr loyihasi 2019 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarkand Half Marathon xayriya marafonidan tushgan mablag‘lar asosida tashkillashtirilgan.