Telegram’da «tozalash» davom etmoqda. O‘zbekistondagi kanallar 13 mln soxta obunachisini yo‘qotdi

Fan-texnika 19:24 / 25.02.2020 24222

Jumladan, Rossiyadagi kanallar 21,2 mln, Eron – 14,5 mln, O‘zbekiston – 13 mln, Ukraina – 1 mln foydalanuvchisidan mahrum bo‘ldi.

«Bu, shubhasiz, o‘tgan yillar davomidagi eng keng ko‘lamli tozalash ishlari bo‘ldi. Ammo, afsuski, bu endi Telegram'da botlar yo‘q, degani emas.

Bu yaxshimi? Albatta, negaki siz va biz foydalanadigan Telegram sun'iy ravishda rivojlantirilgan (nakrutka) kanallardan tozalanmoqda», deyiladi Telegram Analytics o‘zbek xizmati xabarida.

Ta'kidlanishicha, tozalash ishlari yakuniga ko‘ra TGStat’da 2169ta kanalga sun'iy ravishda rivojlantirilganlik uchun qizil va reklama savdosida firibgarlik qilgani uchun qora tamg‘a qo‘yilgan.

Tamg‘a olgan kanallar umumiy reytingdan chiqib ketadi.

Telegram kanallar haqidagi statistikasini kuzatib boruvchi Telegram Analytics saytidan O‘zbekistondagi qaysi kanallar katta yo‘qotishga uchraganini ko‘rish mumkin.

17 fevral kuni 2 kunlik «tozalash» natijalari ochiqlangan, unga ko‘ra O‘zbekistondagi kanallar 3 945 878ta soxta obunachisidan ayrilgani ma'lum bo‘lgandi.

Bu – Telegram’ning vaqti-vaqti bilan o‘tkazib turiladigan, sun'iy bot akkauntlaridan keng ko‘lamli tozalash ishlari natijasi hisoblanadi.

Bunday raqamli operatsiya bundan avval ham bo‘lgan, eng kattasi 2019 yilning iyun oyiga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda yo‘qotilgan obunachilarning umumiy soni birgina O‘zbekistonning o‘zida 11 kun ichida 12,3 milliontani tashkil qilgan. Bir oy o‘tib esa, navbatdagi operatsiyada 10,1 millionta akkaunt yo‘qotilgan.

Ko‘proq yangiliklar: