«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi: Tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish va qayta ishlash kengaytiriladi 

Jamiyat 08:00 / 25.02.2020 2160

O‘zbekiston Respublikasida keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilishi munosabati bilan pardozlash ishlari hajmi ortib bormoqda. Turar-joy binolari, jamoat va sanoat binolarini qurishda pardozlovchi materiallar sifatida tabiiy pardozbop toshlardan qayta ishlangan plitalar, me'moriy mahsulotlar keng qo‘llanib kelinmoqda. 

Tabiiy tosh mashhur va izlanadigan qurilish materiallari toifasiga kiradi. Mahsulotning ekologik tozaligi, uzoq xizmat qilish muddati, tabiiy tuzilish, turli xil shakllar va ranglar uni keng ko‘lamda qurilish, obodonlashtirish, yo‘lak va yo‘l chetlari, yo‘l va platformalarni yotqizishda ishlatish imkonini beradi.

Shuningdek bugungi kunda tabiiy pardozbop tosh mahsulotlaridan binolarni bezatish uchun turli xil fasad tizimlarida faol foydalanilmoqda. 

Hozirgi kunda 101 ta tabiiy pardozbop tosh (marmar, granit, gabbro va h.k.) konlari davlat zaxirasiga kiritilgan (umumiy zaxirasi – 118,7 mln m3) bo‘lib, shundan 51 ta kondan yoki 43%dan (50,9 mln m3) foydalanilib kelinmoqda.

2018 yilda tabiiy pardozbop tosh konlaridan jami 209,0 mln m3 marmar, granit, gabbro va boshqalar qazib olingan. Bu 2017 yilga (131,5 mln m3) nisbatan 37 % ga ortganligini ko‘rsatadi.

E'tiborlisi, 2019 yilda 1,0 mln dollarlik 2,5 ming tonna tabiiy va pardozbop toshlar eksport qilingan.

2018 yilda tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan 155 ta korxona tomonidan 4,5 mln m2 dan ortiq marmar, granit, gabbro va boshqalardan plitalar, me'moriy mahsulotlar (yo‘l va yo‘lak bordyurlari, arxitekturaviy mahsulotlar va boshqalar) ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi va viloyatlar hokimliklari tomonidan amalga oshirilgan yirik investitsiya loyihalarning ishga tushirilishi natijasida respublika hududida tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan 200 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Yana bir ma'lumot, ushbu yo‘nalishda ishlab chiqarishni hajmi va sifatini yanada oshirish maqsadida shu kungacha tabiiy pardozbop toshlarni (marmar, granit, gabbro va boshqalar) qazib olish hamda geologiya qidiruv ishlari olib borish uchun tadbirkorlarga 118 ta litsenziyalar berilgan.

2019-2021 yillarda tabiiy pardozbop toshlarni (marmar, granit, gabbro va boshqalar) qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada yillik ishlab chiqarish quvvati qariyb 3,0 mln m2 ni tashkil etadi. 

Yirik loyihalar Toshkent («Best Stone Service» MChJ - 60 ming m2), Jizzax («Granit Hill» MChJ - 50 ming m2), Surxondaryo («Comfort inert service» MChJ - 300 ming m2), Navoiy («Marmarobod» MCHJ - 1,2 mln m2, «Faridbek Zafarbek» MChJ - 100 ming m2 «TRADE PRODUCTION INTERNATIONAL» MChJ QK - 250 ming m2, «GAZGAN STONE» MChJ - 180 ming m2, «STONE STANDART GROUP» MChJ – 40 ming m2) viloyatlarida amalga oshiriladi.  

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi
Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: