Andijon shahridagi «chiroyli» yo‘l: Yo‘l fondiga tushadigan mablag‘lar qayerga sarflanmoqda?Andijon shahridagi «chiroyli» yo‘l: Yo‘l fondiga tushadigan mablag‘lar qayerga sarflanmoqda? Andijon shahridagi eng serqatnov chorrahalardan biri atrofida har kuni tirbandlik kuzatiladi. Bunga sabablardan biri yo‘llar holati yomonligidir. 👉 https://kun.uz/53354605
Posted by Kun.uz on Monday, February 24, 2020
Andijon shahridagi haydovchilar murojaati bo‘yicha shahardagi Bobur va Otabekov ko‘chalari kesishgan serqatnov chorrahada bo‘ldik. Mahalliy aholi «Klinika chorrahasi» deb ataydigan to‘rt ko‘cha kesishmasida ertalab ham, kechqurun ham qariyb bir kilometrga cho‘ziladigan tirbandlik hosil bo‘ladi.
Chorraha bir tomondan Andijon, Izboskan va Paxtaobod tumanlari, yana bir tomondan Oltinko‘l tumani, Qo‘shariq dahasi va Bobur shohko‘chasini bog‘lab turadi.
Mazkur chorrahada Otabekov ko‘chasi boshida qayrilib olib, harakatni o‘ng tomonga davom ettiruvchi 222, 33 va eski shahar yo‘nalishdagi avtomashinalar va boshqa yo‘llardan keluvchi haydovchilar uchun yo‘lning nosoz qismi turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqirliklar tirbandliklar, behuda vaqt sarflashlar, asabbuzarliklar va yo‘l harakati qoidalari buzilish holatlariga sabab bo‘lmoqda.
Ayniqsa, yog‘ingarchilik kunlarida yo‘lning bu qismi o‘ta achinarli holatga kelib qoladi.
Yo‘nalishdagi avtomashinalar haydovchilari holat bo‘yicha munosabatlarini bildirishdi.
«Ko‘rib turganingizdek, juda «chiroyli» yo‘l. Hech bo‘lmasa tekislovchi «greyder»da surdirib qo‘ysa ham mayli edi. Yo‘l fondiga yoqilg‘ilardan pul olishyapti-ku? To‘g‘rilab berishsa, yaxshi bo‘lardi».
«Bu yo‘l asfalt qilinganiga bir oy bo‘ldi. Asfaltni loyning ustiga bosib ketishdi. Yana shu holatga qaytdi».
«Yo‘llarimiz chatoq. Buning ustiga kameralar ishlayapti. Tushsak, jarima to‘layapmiz. Yo‘lni to‘g‘rilab berishlarini so‘raymiz».
Andijon shahridagi bu gavjum chorraha viloyatning turli ijtimoiy soha obektlariga olib boradigan yo‘llarni o‘zaro bog‘lagan. Xususan, ADTI klinikasiga Otabekov ko‘chasi orqali boradigan transport vositalari aynan shu yo‘ldan o‘tadi. Bu mashinalar haydovchilari ham yo‘l nosozligidan aziyat chekishmoqda.
Haydovchilarning gapida ham jon bor. Yo‘l fondiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan birinchi navbatda shunday serqatnov yo‘llardagi kamchiliklarni bartaraf etish kerak emasmi?
O‘ylaymizki, soha mutasaddilari yo‘llarning nosoz qismiga albatta e'tibor qaratishadi.
Sarvarbek Nazarov
Ahrorbek Yoqubjonov