Talab bor, imkoniyat yo‘q: Samarqandda aviareyslar qachon ko‘payadi?

Jamiyat 14:10 / 24.02.2020 10031

Masalan, Nodira Norqulova Kun.uz tahririyatiga Isroilning Tel-Aviv shahriga Samarqanddan haftasiga ikki-uch marta aviareys ochilganda ham o‘zini oqlashi, ko‘plab samarqandliklar Toshkent orqali uchishga majbur bo‘layotgani haqda murojaat qildi. 

Ikkinchi tomondan, Isroildan ham keluvchilar soni kun sayin oshib bormoqda. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida Isroildan O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar 59 foizga oshgan. Tabiiyki, Samarqand turistik yo‘nalishlarning eng asosiylaridan biri.

Umuman, gap faqat Tel-Avivga reys haqida ham emas, dunyoning qator davlatlariga aviayo‘nalishlar ochish vaqti allaqachon kelgani bor gap. Misol uchun, Samarqand — Pusan, Samarqand — Seul, Samarqand — Dushanbe kabi yo‘nalishlarga talab yuqoriligi haqda qator yillardan buyon aytib kelinadi.

Nafaqat Toshkent, balki Qozog‘istonning Chimkent aeroportida ham qator shaharlarga otlangan yo‘lovchilar orasida samarqandliklar oz emas.

Bu masalaning faqat yurtdoshlarimizga noqulaylik keltirayotgan tomoni. Yana bir muammo shundaki bu holat turizm rivojiga ham jiddiy to‘siq bo‘lib turibdi.

Samarqand viloyat turizmni rivojlantirish departamentida bo‘lganimizda aynan yangi yo‘nalishlar masalasida qator turfirmalar ham bir necha marta murojaat qilganini ma'lum qilishdi.

Aytaylik, xorijiy davlatlardan Fransiya aholisining Samarqanddagi turistik maskanlarga qiziqish juda yuqori. Shuningdek, Yaponiya va boshqa davlatlardan ham talab kam emas. Viloyat turizmni rivojlantirish departamenti bu kabi murojaatlarni Turizmni rivojlantirishga davlat qo‘mitasiga, qo‘mita esa transport vazirligiga yuboradi. Biroq...

Muammo shundaki, ayni vaqtda Samarqand xalqaro aeroportining imkoniyatlari Samarqandning salohiyatiga mos emas.

2018 yildayoq mutaxassislar yangi aerovokzal binosi, yo‘lovchilar yuklarini saralovchi tizim, maxsus texnikalar, uchish va qo‘nish yo‘laklarini ta'mirlash va boshqa tadbirlarni amalga oshirish shartligini ma'lum qilgan edi. Bugungi holat shuki, mazkur aeroportda bir soatda ko‘pi bilan faqat 500 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoni bor, xolos. Bir vaqtning o‘zida bitta, nari borsa ikkita reysga xizmat ko‘rsata olish mumkin.

Samarqand xalqaro aeroporti matbuot xizmatiga ko‘ra, bugungi kunda aeroport orqali bir haftada 38ta reys amalga oshiriladi. Aerovokzal binosi rostdan ham ta'mirtalab bo‘lgani uchun bugungi kunda vaqtinchalik aerovokzal yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib turibdi. Bir yil ichida barcha talablarga javob beradigan yangi aerovokzal quriladi.

Umuman, bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingan bo‘lib, to‘rt qavatli aerovokzal binosi qurilishidan tashqari, uchish-qo‘nish yo‘lagi, 22ta samolyot turar joyi, ularga muzlashning oldini olish uchun maxsus suyuqlik bilan ishlov berish maydoni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan (2022 yilda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqanddagi yig‘ilishi boshlangunga qadar).

Yaqindagina transport vazirligi mutasaddilari poytaxtda o‘tkazilgan anjumanda ham shu masalada to‘xtalib o‘tgandi. Xususan, joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonga reyslar sonini 5000taga ko‘paytirish rejalashtirilgani aytildi. Samarqand xalqaro aeroporti masalasida esa yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi vazir tomonidan ham ta'kidlandi.

Agar mazkur qurilish-ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilsa, aeroportning yo‘lovchi o‘tkazish qobiliyati soatiga 500 nafardan 1500 nafarga yetkaziladi. Termiz aeroportida ham yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi bugungi kunda fuqarolar murojaat qilayotgan yangi yo‘nalishlar muammosini yechishga imkon yaratadi. Bizga berilgan ma'lumotga ko‘ra, yuqoridagi qurilish ishlari yakunlangach, haftalik 38 reys to‘rt baravarga ko‘payishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, aynan bugungi kunda yangi reyslarni ko‘paytirish qiyin, aftidan, juda ko‘p muammolar yuqorida aytilgan qurilish ishlarining yakuniga qarab turibdi. Hozircha kutishga to‘g‘ri keladi.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: