NASA’da ishlagan eng keksa amerikalik matematik vafot etdi

Jahon 23:12 / 24.02.2020 4471

Bu haqda NASA o‘z saytida ma'lum qildi.

“NASA Ketrin Jonson bugun ertalab 101 yoshida vafot etganidan dilda o‘kinch bilan xabar topdi. U amerikalik qahramon edi va uning buyuk tadqiqotlari hech qachon unutilmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan NASA direktori Jim Braydenstayn.

 “Sobiq ittifoqda 1957 yilda tarixdagi birinchi sun'iy yo‘ldoshning uchirilishi Ketrin Jonson hayotida buriluvchi on bo‘lgan”, deyilgan xabarda. 

Olima 1957 yilda fazoviy parvozlar imkoniyatini baholash bilan shug‘ullangan maxsus guruh tarkibiga kirgan muhandislar uchun “Koinot texnologiyalari haqidagi qaydlar” deb nomlangan hujjatning matematik analiz qismini tayyorlagan. Jonson, shuningdek, 1961 yilda astronavt Alan Shepardning suborbital parvozi trayektoriyasini, 1962 yilda esa fazoga uchgan birinchi amerikalik astronavt Jon Glenning orbitaga parvozini tahlil qilishda, “Apollon” oy dasturi va ko‘p marotabalik Space Shuttle fazoviy kemalari parvozlari dasturida ishtirok etgan. 

Jonson NASA’da 33 yil davomida ishlagan. 2015 yilda u AQShdagi eng oliy mukofotlardan biri – Prezidentning Ozodlik medalini olgan. 2017 yilda esa NASA’ning Virjiniya shtatidagi tadqiqot markazi uning sharafiga atalgan.

2016 yilda Jonson va NASA’da 1960-yillarda ishlagan hamda o‘z huquqlari uchun kurashgan qora tanli ayollar haqida “Yashirin shaxslar” kitobi nashr etilgan. Shuningdek, ushbu kitob asosida shu nomli film ishlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: