Koronavirus sababli Yevropa va AQShdagi fond birjalarida keskin pasayish kuzatilmoqda

Iqtisodiyot 22:53 / 24.02.2020 5680

Koronavirus turizm va qimmatbaho buyumlar bozoriga salbiy ta'sir qilishi mumkinligi ehtimoli bois Yevropadagi fond indekslarida 2016 yildan buyon eng yuqori darajadagi pasayish kuzatilmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Xususan, Louis Vuitton Moët Hennessy (LVMH) aksiyalari 7,2 foizga pasaygan.

Londondagi FTSE 100 fond birjasi indeksi 2,7 foizga, Germaniyaning DAX va Fransiyaning CAC 40 birjalari indeksi 3,3 foizga pasaydi, deb xabar berdi FT.

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida keskin choralar ko‘rilganidan so‘ng Italiyaning FTSE MIB fond birjasi indeksi 4,4 foizga tushib ketdi. Salvatore Ferragamo SpA brendi aksiyalari narxi 9,5, «Yuventus» futbol klubi aksiyalari narxi 11 foizga arzonlashgan.

Koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat turizm bozoriga ham ta'sir ko‘rsatdi. Stoxx 600 Travel and Leisure indeksi 5,61 foizga tushdi. EasyJet PLC aksiyalari narxi 14, Ryanair —11, Air France-KLM aksiyalari narxi —  9,5 foizga pasaydi.

AQSh aksiya bozori ham kotirovkalar pasayishiga duch keldi. Dow Jones Industrial indeksi 2,6, S&P 500 —2,55, NASDAQ — 3,0 foizga tushdi.  

Bank of America aksiyalari 4,5, Wells Fargo —2,1, JP Morgan Chase —3,1, Morgan Stanley —4,3, Citigroup — 4,5 foizga arzonlashdi. Investorlar koronavirusning butun dunyo bo‘ylab tarqalishi global iqtisodiyotni sekinlashtirib qo‘yishidan xavfsiramoqda.

AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchinning fikricha, koronavirusning jahon iqtisodiyotiga ta'siri to‘g‘risida gapirishga hali erta. 

«Virus qanday tarqalishini ko‘rish, bizda yaxshi statistik ma'lumotlar bo‘lishi uchun yana uch yoki to‘rt hafta kerak bo‘ladi, deb o‘ylayman», — dedi u.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 78 ming nafardan oshib ketgan, 2,5 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: