Koreya kundaligi: Yaponiyaga bepul viza olish tartibi haqida

Jamiyat 15:45 / 24.02.2020 22618

O‘tmishda donishmandlar bejizga ko‘p sayohat qilishmagan. Sayohat – inson dunyoqarashini kengaytiradi, fikrlashi va hayotiy tajribasini o‘stiradi. 

Xalqining yuksak madaniyati bilan beqiyos taraqqiyotga erishgan Yaponiyadek davlatga sayohat qilish – kishini shaxs sifatida rivojlanishida muhim qadam bo‘la oladi. Bu Janubiy Koreyadagi o‘zbeklar uchun nisbatan osonroq – masofa yaqin, viza olish ehtimoli ham yuqori.

Koreya kundaligi ruknidagi navbatdagi maqolamiz orqali, o‘z tajribamizga asosan, bu mamlakatdan Yaponiyaga sayohat vizasini olish haqida hikoya qilamiz.

Aytishlaricha, Koreyada joylashgan Yaponiya elchixonasi va konsullik idoralariga viza uchun murojaat qilgan o‘zbekistonlik sayohatchilarning arizasi aksariyat hollarda qanoatlantirilar ekan. Shaxsiy tajribamizda ham buning guvohi bo‘ldik. 

Sayohat vizasini qo‘lga kiritish uchun 7ta asosiy talabni bajarish va 7 kun kutish kifoya ekan.

Kerakli hujjatlar:

1. Pasport asl nusxasi

2. Viza ma'lumotnomasi

3. Fotosurat

4. Aviachipta va mehmonxona band qilinganini tasdiqlovchi hujjat

5. Yaponiyada barcha sayohat xarajatlarni qoplovchi pul mablag‘i ko‘rsatmasi

6. Yaponiyaga sayohat rejasi

7. Pasport va ID karta nusxasi

Har bir bosqichga alohida to‘xtalib o‘tamiz.

Hisob raqamdagi pul aylanmasi qancha bo‘lishi kerak?

Yaponiyaga safar qilishni istaganlar o‘zi rejalashtirgan borish sanasidan 3 oy oldin tayyorgarlik boshlashi foydadan xoli bo‘lmaydi.

Agarda hisob raqamingizdagi pul aylanmasi oyiga 1-1,5 mln Koreya vonini tashkil etsa, alohida e'tibor qaratish shart emas. Lekin talabalarda bu doim ham kuzatilmaydigan holat. Shu sababdan, hisobingizga pul o‘tkazib, boshqaga ham yuborib turish zarur. 

Ayni shu hujjatlar bilan bog‘liq masalalar tufayli viza berish rad etilishi holatlari ko‘p uchrab turadi.

Tavsiya etiladigan raqamlar quyidagicha: oylik pul aylanmasi o‘rtacha 1-2 mln von ($800-1600) bo‘lishi, bevosita sayohat oldidan esa hisob raqamda 3 mln von ($2500) atrofida mablag‘ bo‘lishi zarur. 

Vatandoshlarimizdan birining aytishicha, so‘nggi uch oy mobaynidagi pul aylanmalari yetarli bo‘lmagan va hatto 10 ming dollargacha hisobida mablag‘i bo‘lganlar ham konsullikdan rad javobini olgan hollar kuzatilgan.

3 oy davomida kirim-chiqim bo‘lmagan hisob raqamda birdan 10 ming dollar paydo bo‘lishi shubha uyg‘otadi, albatta. 

Aviachipta band qilmay turib, hujjat topshira olmaysiz

Bank bilan bog‘liq ishlar hal bo‘lgach, eng birinchi aviachipta va mehmonxonani oldindan band etish maqsadga muvofiq.

«Mabodo viza chiqmay qolsa, oldindan buyurtma berilgan aviachipta yoki mehmonxona puliga kuyib qolmaymizmi?» degan savol tug‘ilishi tabiiy. Javob esa oddiy: bekor qilish bepul va buyurtma berish uchun esa oldindan to‘lov talab qilmaydigan saytlar talaygina.

Aviachipta masalasini internet orqali hal etsak ham bo‘lardi, lekin tavsiyalarga ko‘ra, bir universitet ichkarisida joylashgan sayyohlik agentligi orqali band qilishga qaror qildik. 8 dollar evaziga ishimiz bitdi. 

Sayyohlik agentligi xodimiga ko‘ra, agarda siz yugur-yugurlarda qatnashmay, barcha hujjatbozlik ishlari agentlik tomonidan bajarilgan taqdirda taxminan 180 dollar, talabalarga esa 140 dollar atrofida xizmat haqi olinar ekan.

Jarayonni oxirigacha o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishni ixtiyor qilib, hujjatlar to‘plashda davom etdik.

Bepul mehmonxona topish masalasi

Bizga berishgan maslahatlar asosida, booking.com sayti orqali bepul band qilish mumkin bo‘lgan mehmonxona izlashga kirishdik. 

Saytda ro‘yxatdan o‘tgach, turarjoy tanlayotib, ba'zi bandlarga alohida e'tibor qaratish sizni ortiqcha g‘alvadan xalos etadi. «Free cancellation» (bepul bekor qilish), «No prepayment» (oldindan to‘lov yo‘q) va «Book without credit card» (kredit karta talab etilmaydigan) bandlariga belgi qo‘ying va monitorda faqatgina shu turdagi mehmonxonalar ro‘yxati chiqadi. 

Otellardan birini tanlab, aviachipta sanalariga mos qilib xona band etish zarur. Jarayon muvaffaqiyatli amalga oshgach, buni tasdiqlovchi ma'lumotlarni A4 formatidagi varaqqa chop etib olish kerak bo‘ladi. 

Buyurtmani bekor qilish uchun ortiqcha xatti-harakat shart emas – to‘lov qilinmagach, hech qanday jarimalarsiz o‘z-o‘zidan yaroqsiz holatga o‘tib qolaveradi.

Yaponiyada bo‘lib turish rejasini tuzdingizmi?

Sayohat rejasi oz muddatga bo‘lishi – har jihatdan foydali! Reja aeroportdan tushgandan boshlab, qaytib ketgunga qadar imkon qadar bafurja tuzilgani ma'qul.

Aviachipta necha kun oralig‘ida amalda bo‘lsa, shunga mos ravishda kun tartibi o‘ylab chiqiladi. Bilmaganimiz uchun, 11 kunlik oraliq bilan borish-kelish chiptasini band qilib qo‘ygan ekanmiz, natijada Yaponiyada 11 kun qolish rejasini tuzishimizga to‘g‘ri keldi. 3-5 kunlik sayohat rejasini tuzish ishni biroz bo‘lsa-da osonlashtiradi. 

Jadval asosida qaysi kuni qayerga borish va nima bilan band bo‘lishingiz ro‘yxatini ko‘rsatish tavsiya etiladi. Hozirgi telefon raqamingiz va mehmonxona manzili jadvalning keyingi bandlaridan o‘rin oladi.

Viza anketasini to‘ldirishda nimalarga e'tibor qaratish kerak?

Ariza (application form)ga shaxsiy ma'lumotlar kiritiladi. Maxsus shablon asosida xoh kompyuterda, xoh qo‘lda yozishingiz mumkin. Ko‘plab tajribali sayohatchilar kompyuterda to‘ldirishni tavsiya etishadi. 

Ayrim bandlar sizga tegishli bo‘lmasligi mumkin, bunday bandlarga «N/A» qo‘yib ketish yetarli. Xato qilib qo‘yishdan qo‘rqib, uzoq bosh qotirish shart emas, biz to‘ldirgan qog‘ozda ham ba'zi kamchiliklar chiqdi. Konsullik xodimlari xato ketgan joyni o‘chirib, to‘g‘rilashni so‘rashdi. Demak, xato qilib qo‘yish u qadar katta oqibatga olib kelmaydi.

Fotosurat talabi – rasmga kulib tushing!

Bu masalani istalgan fotostudiyaga borib hal qilsa bo‘ladi. Surat belgilangan talablarga javob bersa bo‘lgani: hajmi 4,5x4,5 mm, orqa fon oq va oxirgi 6 oy ichida olingan bo‘lishi kerak. 

Studiya xodimlariga Yaponiya vizasi uchun deyishimiz bilanoq, bizni tushunishdi. Kamera obektiviga muhrlayotib, kulib turish zarurligini uqtirdi. Foydali bo‘larmish.

Shu suratingiz pasportingizga ilova qilinajak viza stikeriga tushiriladi.

Biz borgan fotostudiya xizmatidan ko‘pchilik vatandoshlarimiz foydalanishadi shekilli – ofisda o‘zbekcha do‘ppiga ko‘zimiz tushdi. Do’ppi foto

Rasm tayyorlatish 12 dollarga tushdi. Elchixona uchun faqatgina 2 donasi kifoya qiladi. 

Pasport va ID karta

Fuqarolik pasporti va Koreya immigratsiyasi tomonidan berilgan ID kartaning nusxalari – konsullik uchun kerakli hujjat hisoblanadi. 

Barcha masalalar muvaffaqiyatli hal bo‘lgandan so‘ng, pasportning asl nusxasi idorada qoldiriladi.

«No photo, no video»

Konsullik idorasi ichkarisidagi jarayonni yoritish maqsadida kamera bilan syomka qilib kirgandik, xavfsizlik tartib-qoidalariga ko‘ra bu taqiqlangan harakat ekani oydinlashdi.

Olingan tasvirlar ham qo‘riqchi nazoratida o‘chirtirildi. Bino tashqarisidagi tabloga ruxsat tegdi xolos. 

Konsullik xodimasi qisqa muddatlarda hujjatlarning kamchilik qismini to‘ldirishni tayinladi va boshqa muammo qolmagach, qo‘limizga bir haftadan keyin pasportni olib ketish huquqini beruvchi qog‘ozni tutqazdi. 

Viza uchun hech qanday to‘lov yo‘q.

Roppa-rosa 7 kunda viza stikeri pasportga qadab berildi. Ruxsatnomaning amal qilish muddati – uch oy bo‘lib, kunchiqar yurtda 15 kungacha bo‘lib turish huquqini beradi.

Bizni kuzatishda davom eting, keyingi manzilimiz – Yaponiya!

Eldor Vohidov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: