«Optimist»: Maqsadim – «mardikor» so‘zini muomaladan chiqarish

Jamiyat 17:08 / 23.02.2020 16217

Rustam Ibragimov – Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazining Tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi bo‘limi yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat yurityapti.

U qator yangi loyihalar ustida ishlab, bir qanchasini patentlashtirishga ham ulgurgan.

Ulardan biri – Jobcafe mobil ilovasi bo‘lib, u ish beruvchi va ishchining muloqot platformasini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ilova ham Android, ham iOS tizimlari uchun mo‘ljallangan.

«Loyiha ishlayotganiga 2 oydan oshdi. Unga startap loyihalari uchun ajratiladigan mablag‘lardan tanlov asosida pul ajratilgan.

Bunda ish beruvchi (xohlagan odam) mobil ilovani yuklab oladi va o‘ziga yaqin hududdan ishchi chaqirishi mumkin. Bunda mobil ilovada ishchilar jinsiga va kasbiga qarab bo‘limlarga ajratilgan.

Platformani ishlash va takomillashtirish doimiy ravishda davom etmoqda. Chunki mavzuning ichiga kirgan sari muammolar va qilinishi mumkin bo‘lgan qulayliklarni bilib borish mumkin.

Mazkur jarayonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yoshlar Ittifoqi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ishlayapmiz», – deya malumot berdi Rustam Ibragimov.

Ilova a'zolari 4 mingga yaqin

Rustam Ibragimovning aytishicha, rasmiy kunlik ishchilar markazlarida fuqarolarni Jobcafe platformasiga ro‘yxatga olishga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va YoI yordam bermoqda.

Norasmiy tarzda saqlanib qolayotgan mardikor bozorlarida esa Jobcafe loyihasida faoliyat yuritayotgan xodimlar ishlaydi.

«Hozirga qadar Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida loyiha taqdimotini o‘tkazganmiz. Va butun respublika hududidan 4 mingga yaqin fuqaro ilova bazasiga kiritildi.

Lekin har kuni shuncha odamning qanchasi platforma orqali ish topayotgani to‘g‘risida statistika yurita olmaymiz. Sababi bu ma'lumotlarni olish ish beruvchining shaxsiy ma'lumotlariga daxl qiladi. Bizning unga kirishga haqqimiz yo‘q», – deydi loyiha muallifi.

Rustam Ibragimov so‘zlariga ko‘ra, odamlarni onlayn platforma bilan tanishtirish va shu yo‘l orqali ish topish mumkinligiga ishontirish oson emas. Tushuntirish olib borayotganda ba'zi paytlarda individual tarzda yondashishga ham to‘g‘ri keladi.

Qolaversa, tegishli vazirlik va tashkilotlarning ham bu tizimni qabul qilishi qiyin kechgan.

Ishchining geolokatsiyasi yoniq bo‘lishi kerak. Buning uchun minimal to‘lov belgilanadi

Rustam Ibragimovga ko‘ra, ish qidiruvi ro‘yxatga kiritilgandan keyin, mobil aloqa vositasining geolokatsiyasi yoniq turishi kerak. Lekin ro‘yxatdan o‘tayotgan hammada ham smartfon yo‘q. Ko‘pchilik faqat kirish-chiqish qo‘ng‘irog‘i bor telefonlardan foydalanadi. Hatto uy telefoni orqali ro‘yxatdan o‘tganlar ham bor.

Shuning uchun tashkilotchilar tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning geolokatsiyasi avtomatik tarzda yoqib qo‘yilgan.

Lekin keyinchalik geolokatsiya yonib turishi uchun kuniga 500 so‘m miqdorda to‘lov qilinishi kerak.

«Bundan ham arzonroq qilish variantlarini izlab ko‘rdik, biroq to‘lov tizimlarining eng minimal narxi 500 so‘m ekani tufayli, buni o‘zgartirish imkoni bo‘lmadi», – deydi u.

Ibragimovning aytishicha, ro‘yxatdan o‘tuvchilarga bu bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda va ko‘pchilik keyinroq bu to‘lov joriy etilishiga rozi.

Tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahrida kunlik ishchining o‘rtacha daromadi kuniga 70 mingdan 100 ming so‘mgacha, viloyatlarda esa 50 mingdan 70 ming so‘mgacha.

Ishchiga baho qo‘yish ham mumkin

Jobcafe mobil ilovasida ish beruvchi tomonidan ishchiga baho qo‘yilishi ham mumkin. Bunda ishchi yollagan shaxs uning xizmatiga 5 ballik tizimda baho qo‘yishi va izoh yozib qoldirishi mumkin.

«Bu ishchilarga yaxshi baho olishi uchun o‘z ustlarida ishlashiga sabab bo‘ladi. Sababi, agar yomon izoh olsa, keyingi safar ish topishga qiynalishini biladi. Shuning uchun xushmuomala bo‘lishga va vazifasiga mas'uliyat bilan yondashishga harakat qiladi.

Lekin biz yomon baho qo‘ygan ish beruvchilar bilan bog‘lanib, vaziyatni imkon darajasida aniqlashtiramiz. Sababi bu baho ishchining keyin pul topa olish yoki olmasligiga ta'sir qiladi. Bundan tashqari, ish beruvchi ham ba'zida keyinroq fikridan qaytishi va bahosini o‘zgartirishi mumkin», – deydi Rustam Ibragimov.

Kunlik ishchiga yuridik va boshqa tomonlama yordam ham beriladi

Agar kunlik ishchi vazifasini bajargandan keyin ish haqini ola olmasa, u yordam so‘rab murojaat qilishi mumkin.

«Bunday hollarda ular bizning koll-markazimizga(+99871 202-68-68) qo‘ng‘iroq qilishsa, vazirlik bilan bog‘lanib, muammoni yetkazishga va hamkorlikda hal qilishga harakat qilamiz», deya ma'lumot berdi Rustam Ibragimov.

Chaqirilgan ishchi qing‘irlikka qo‘l ursa...

Platformaga ro‘yxatdan o‘tkazishda kunlik ishchining pasport ma'lumotlari bazaga kiritiladi. Bu bazaga kirish uchun IIVga ham ruxsat berilgan.

«Buni biz ro‘yxatga olinayotgan fuqaroga alohida tushuntiramiz. Agar u biror nojo‘ya harakat sodir qilsa, bemalol topib olishlari mumkinligini biladi. Shuning uchun o‘g‘irlik yoki boshqa biror boshqa noqonuniy harakat qilmaydi. Shuningdek, agar unga nisbatan biror yomon harakat sodir etilsa, ish beruvi bilan bog‘lanish imkoni ham bor.

O‘z-o‘zidan ikki tarafning ham xavfsizligi ta'minlanadi. Ish beruvchi vaqtini sarflamasdan turib ishchi yollashi mumkin. Ishchi esa ishonch bilan o‘z vazifasini bajaradi», – deydi loyiha muallifi.

Kunlik ishchiga har kunlik ish kafolatlanmaydi

Rustam Ibragimovning aytishicha, ba'zida Jobcafe`ga 10 kun yoki undan ham oldinroq ro‘yxatdan o‘tgan ayrim fuqarolar nega shu paytgacha hech kim menga qo‘ng‘iroq qilib, ish taklif qilmadi, deb so‘rashadi.

«Mana shunday vaziyatlarda siz kunlik ish bozoriga chiqqaningizda ham har kuni ish topa olasizmi, deb so‘rayman. Albatta, «Yo‘q» degan javobni berishadi.

Chunki kunlik ishchi uchun har kuni ish topish qiyin masala. Bundan tashqari, Jobcafe`dagi ishchilarni ham faqat o‘z hududidagi odamlar ishga yollaydi. Hech kim shaharning boshqa chetidagi odamni ishga taklif qilmaydi. Bu tarafini ham to‘g‘ri tushunish zarur», – deya tushuntirdi Rustam Ibragimov.

Talabalar ham ro‘yxatdan o‘tib qo‘yishi mumkin

Agar darsdan tashqari qo‘shimcha pul topishni xohlasa, talaba ham o‘zini ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yishi mumkin. Dam olish kunlari yoki darsdan bo‘sh vaqtida unga qo‘ng‘iroq qilishsa, o‘ziga yaqin hududlardagi biror ishni bajarishlari mumkin bo‘ladi.

«Bugun kunlik ishchiga hammaning ehtiyoji bo‘lishi mumkin. Chunki zamon tezlashmoqda, odamlar uylarida qilinishi kerak bo‘lgan biror vazifa uchun alohida vaqt sarflamaydigan davrga yetib keldik».

«Mardikor so‘zini muomaladan chiqarishga erishmoqchiman»

«Otam rahmatli bizga «rahmat» so‘zining ma'nosini juda yaxshi tushuntirgan. Loyihaning yaratilishiga va keyinchalik ishlash tizimini mukammallashtirish uchun tinmay harakat qilishimga ham shu narsa turtki bo‘ladi», – deydi Rustam Ibragimov.

«Bugun mardikor deganda ko‘pilikning ko‘z o‘ngiga quyi qatlam vakillari keladi. Odamlar ularga past nazar bilan qarashga o‘rganib qolyapti. Shuning uchun ham loyihaning asosiy maqsadi – mardikor degan so‘zni umuman foydalanishdan olib tashlash.

Albatta, buning uchun ma'lum vaqt talab qilinadi. Hech qaysi yangilikning amalga joriy etilishi osonlik bilan bo‘lmaydi. Biz buni to‘g‘ri qabul qilishga tayyormiz», – dedi u.

Ibragimov kelgusida Jobcafe`ni Rossiya va Qozog‘istonda ham bosqichma-bosqich joriy etilishiga erishish niyatida.

Bundan tashqari, doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish va boshqa mualliflik loyihalarini ham hayotga tatbiq etishni rejalashtirgan.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: