Kun.uz saytida «Oddiy sharoitlardan mosuvo nilobaliklar: Sariosiyoda ularga javob yozadigan emas, eshitadigan mutasaddilar kerak» sarlavhasi ostida aholi murojaati yoritilgan edi. Unda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi «Niloba» mahallasida istiqomat qiluvchi guruh yerli aholi elektr energiyasi va tabiiy gaz yetishmayotganini bildirib o‘tishgan edi.
Mazkur murojaatdan so‘ng senator Abdug‘ani Sanginov Niloba qishlog‘idagi muammolarni o‘rganish uchun Sariosiyo tibbiyot kollejida mahalliy aholi bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda viloyat hokimi To‘ra Bobolov va tuman hokimi O‘ktam To‘rayev ham ishtirok etgan.
Sariosiyo tumani hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, nilobaliklar tomonidan ko‘tarilgan muammolar hududga borib, izchil o‘rganilgan.
Ma'lumot uchun: «Niloba» mahallasida 740 oilada 3200dan ortiq odam istiqomat qiladi. O‘rganishlarga ko‘ra, ayrim murojaatchilar tomonidan daryoning muhofaza zonasida turar joylar qurilgan. Ushbu hududda turar joy qurgan ayrim murojaatchilarning kadastr hujjatlari ham yo‘q.
Shuningdek, keyingi yillarda yangi uy-joylar qurilishi bilan hududda elektr energiyasi taqchilligi yuzaga kelgan. Ko‘proq quvvatga ega transformatorga ehtiyoj sezilgan. Ayrim yog‘och ustunlar eskirgan. Ushbu masala senator A.Sanginov tomonidan tez kunlarda ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Shu yerda biryo‘la tuman bo‘yicha mazkur muammo chuqur tahlil qilinib, yigirmaga yaqin transformator yangilanadigan, ikki mingga yaqin yog‘och ustunlar yangisiga almashtiriladigan bo‘ldi.
Senator Abdug‘ani Sanginov murojaatchilar Muzrob Muhayyorov va Sohiba Eshmirzayeva tomonidan «Niloba» mahallasida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammoni ijtimoiy tarmoqqa qilgan murojaatlarini o‘rganib, mazkur masalani ijobiy hal etish borasida xalq bilan uchrashishga kelganini aytib, bu kabi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish hamda xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi.