Yo‘l qurilishi sababli uylari «snos»ga tushgan qibrayliklar bir necha yildan buyon ovora. Muammoga yechim topiladimi?

Jamiyat 18:09 / 22.02.2020 15260

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2014 yil 17 noyabrdagi 2264-sonli qaroriga asosan Yangi Toshkent aylanma yo‘lining uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 4R250 «Toshkent – Chingeldi» avtomobil yo‘lining 17–34-kilometri «Ko‘prik qurilish tresti» UK tomonidan qurilishi belgilangan. Eski yo‘l kengaytirilishi hisobiga bu yerdagi bir qancha imoratlar buzilishga tushgan.

«Yo‘l chetida yangi qurilgan «lotok»ning o‘rnida devorimiz bo‘lardi. Shu yerda hojatxona, hammomlarimiz bor edi. Uylarimiz «barak» uylar bo‘lgani uchun hojatxona va hammomlarimizni tashqariga, atrofini devor bilan o‘rab qurganmiz. Shu joyni bir kunda buzib tashlashdi. Hech qanday ogohlantirish berishmadi.

Bu qurilmalar «qizil chiziq»qa tushgan, ularni o‘zboshimchalik bilan qurib olgansizlar deb buzib tashlashdi. Shu bahona bilan kompensatsiya ham to‘lab berishgani yo‘q. Hozir vodoprovod yo‘q, yuvinishga joy yo‘q, qiyin sharoitda yashayapmiz. Joylarimiz 2018 yilning noyabrida buzib tashlangandi», deydi shikoyatchilardan biri Akmal Hotamov.

«Mendayam shu muammo. Bu masalada murojaat qilib bormagan joyimiz qolmadi. Bosh prokuratura, Toshkent viloyat hokimligi, sudga bordik. Murojaatlarimizga hamma idoradan bir xil, ya'ni buzilgan qurilmalar o‘zboshimchalik bilan qurilgan, degan javob kelgan.

Bu yerda 50 yildan beri yashaymiz. Bu «barak» 1966 yilda qurilgan. Bu uy hozir saksondan oshgan onamga parrandachilik fabrikasi tomonidan berilgan, 2003 yilda onam uyni xususiylashtirib olgan. U paytda yo‘l ancha narida, yo‘lovchilar uchun yo‘lak devorimizning orqasidan o‘tardi, ular hech kimga xalal bermagan.

To‘g‘ri, bu joylar kadastrga kirmagan, devorlarimiz buzilganda mutasaddilar kelgandi, ularga bu joylarimizniyam hujjatlashtirib beringlar deganimda: «Devoringni tiklasang, kadastr qilib beramiz», deyishdi. Bu odamning ustidan ochiqchasiga kulish-ku, hozir nima qilishni bilmayapman», deydi boshqa murojaatchi Irina Kapustina.

«Mayli, imoratlarimiz noto‘g‘ri qurilgandir, Prezident qarori bilan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga aksiya e'lon qilinganda imoratlarimizni hujjatlashtirib berishni so‘rab 2018 yili Qibray tumani kadastr bo‘limiga borganmiz. «Qizil chiziq»qa tushgani uchun bu joylar qonuniylashtirib berilmaydi», deyishgan. Uylarimiz «qizil chiziq»qa tushgani haqida biror-bir hujjat beringlar desak, uniyam berishmayapti.

Hokimlikdagilarga «devorlarimiz buzilib ketdi, hozir umuman muhofaza zonasi yo‘q. Qolaversa, ertaga yo‘l chetidan yo‘lak tushsa, eshikdan chiqishimiz bilan unga to‘g‘ri kelib qoladi. Shularni inobatga olib, uylarimiz o‘rniga uy beringlar», desak aniq javob berishmayapti», deydi Akmal Hotamov.

«Hojatxona, hammomlarimizni buzib tashlashgandan keyin yo‘l yoqasiga uchta xonadon uchun umumiy hojatxona qurib oldik. Ammo yuvinishga sharoitimiz yo‘q. Uylarimiz katta yo‘lga juda yaqin. Mashina o‘tsa, derazalarimizga toshlar sachraydi. Hartugul, qishda derazalar plyonka bilan qoplangani uchun oynalarimiz sinmayapti», deydi Nodira Hotamova.

«Barkamol» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdurasul Xudoyberdiyevning Kapustina va Mahkamovlarning muammolaridan xabardorligi, bu masala mahalla yig‘ilishida bir necha bor ko‘tarilgani, ularga qo‘ldan kelgan yordam ko‘rsatib kelinayotganini ta'kidladi.

Uning aytishicha, yo‘l yanada kengayadi, yo‘l yoqasidagi 3 metrlik hududda yashil maydon va yo‘lovchilar uchun maxsus yo‘lak qurilishi ko‘zda tutilgan. Agar mana shular qurilsa, fuqarolarning uylarini buzishga to‘g‘ri keladi. Shunda bu fuqarolarga uy berilishi mumkin.

«Buzilgan imoratlar kadastr hujjatlarida aks etmagan, agar hujjati bo‘lganda allaqachon kompensatsiya to‘lab berilgan bo‘lardi. Hujjat bo‘yicha bularning talabi noto‘g‘ri. Ertaga yo‘lak quriladigan bo‘lsa, ularga davlat tomonidan arzon kreditlar asosida 2-3 xonali uylar berilishi mumkin.

Men fuqarolarni bu holatda tashlab qo‘ymayman. Mahallaning hisobidan biror yordam beray desam, alohida fondimiz bo‘lmasa. Hammasi yuqoridan hal bo‘ladi. O‘zboshimchalik bilan qurilgan bo‘lsayam avval bu yerda hojatxona, hammomlari bor edi, atrofi devor bilan o‘rab olingandi. Hozir, mana, ichimlik suvlari yo‘q. Bittasining saksondan oshgan onasi, boshqa birining nogiron farzandi bor. Homiylar yordami bilan quvurlar topdim, hech bo‘lmasa suv o‘tkazib beray desam unashmayapti, uyimiz yana buziladigan bo‘lsa, suvni nima qilamiz deyishyapti», deydi MFY raisi Abdurasul Xudoyberdiyev.

Qibray tumani yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi hududiy mutaxassisi Alisher Xolmurodovning ta'kidlashicha, Kapustina va Hotamovlarlarning uylariga ziyon yetkazilmagan. Uning ta'kidicha, buzilgan inshootlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan maydonda qurilgan, kadastr hujjatlariga kiritilmagan.

Uning aniqlik kiritishicha, kengaytirilgan yo‘l yoqasida bir yarim metrlik joy ko‘kalamzorlashtirilsa, yana bir yarim metrlik joyda yo‘lovchilar uchun yo‘lak quriladi. Shundagina Kapustina va Mahkamovlar yashab turgan uy buzilishi, tuman hokimligi buzilgan joy uchun tovon puli yoki uy taklif qilishi mumkin. Biroq bu masala yo‘l qurilishi bitib, piyodalar yo‘lagi qurilishi boshlangandagina ko‘rib chiqiladi.

«2018 yil noyabrining boshida Milliy bog‘ ko‘chasidagi 27-uyni sotib oldim. Sotib olishdan oldin kadastr bo‘limiga borib so‘rab-surishtirdik. Bu uy buziladigan hududda emas deyishdi. Sotib olganimizdan keyin bir oy o‘tmay yo‘l kengayishi munosabati bilan hovlimning ikki sotixlik qismi «qizil chiziq»qa tushib qoldi. Quyma betondan qilingan devor, hammom, hojatxonalar buzildi. Buzilishdan oldin tuman hokimi keldi, hujjat so‘raganimda «mening gapim gap, o‘zim devoringni, buzilgan imoratlaringni tiklatib beraman», deb va'da qilgan. Haligacha bu va'da bajarilgani yo‘q.

Yerning o‘rniga yer berishdi, bundan e'tirozim yo‘q. Dard ustiga chipqon bo‘lib kuchli shamol turganda uyimning tomini uchirib ketdi. Murojaat qila-qila natija bo‘lmagach, buzilgan bevor va imoratlarim tiklab berilishini so‘rab sudga da'vo arizasi kiritdim. Yaqinda bu masala sudda ko‘rib chiqiladi», deydi To‘lqin Yo‘ldoshev.

«Besh yildan beri yo‘l quramiz deb harakat qilib yotishibdi. Yo‘l kengayishi munosabati bilan uylarimiz buziladigan bo‘lgan. Biroq haligacha na buziladi, na qoladi — anig‘ini aytishgani yo‘q. Buning oqibatida uyimni ta'mirlay olmayapman.

Turmushga uzatish yoshdagi qizim bor. Sovchilar kelsa, mehmon kelsa, kutib oladigan joyim yo‘q. Besh yildan beri ipsiz bog‘langanmiz. Nimadir qilaylik desak, ertaga yana xarajatga tushib qolishdan qo‘rqaman. Hokimlikdagilar hech narsa qilishmayapti. Tuman hokimining qabuliga borilgandan keyin ham natija bo‘lmayapti», deydi Baxtiyor Qodirjonov.

Tuman kadastr bo‘limi mutaxassisi Alisher Xolmurodov Qodirjonovlarning uyi mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan baholangandan keyin buzilishini ta'kidladi. Ma'lum bo‘lishicha, baholovchi bergan va uy egasini qoniqtiradigan narx ekspertizadan o‘tkazilgach, tuman hokimligi tomonidan to‘lab beriladi.

Kun.uz’ga muroaat qilgan fuqarolar 18 fevral kuni Qibray tumani hokimligida bir guruh mutasaddilar ishtirokida qabul qilindi, ularning shikoyatlari tinglandi.

Qibray tumani hokimligi bosh mutaxassisi Rustam Toshxo‘jayev mazkur masala mutasaddilar ishtirokida joyiga chiqib o‘rganiladi va natijasi bo‘yicha ikki kun ichida Kun.uz’ga ma'lumot taqdim etiladi deb va'da berdi.

Qibray tumani hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, axborot xizmati rahbari Habibulla Sa'dullayevning telefon orqali ma'lum qilishicha, hokimlik mas'ullari 19 fevral kuni fuqarolar bilan muloqot qilib, ularning yashash sharoitlari o‘rganilgan.

Sa'dullayevning aytishicha, Kapustina va Hotamovlarning murojaatida ko‘tarilgan masalani qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilish vaqt talab qiladi, biroq bu yerda yashovchilarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda umumiy hammom va hojatxona qurish uchun joy ajratiladi, biroq o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalar evaziga uy berilmaydi.

Hokimlik binosida bo‘lgan uchrashuvda tuman bosh me'mori Baxtiyor Obidov ham ishtirok etdi. Undan aholi yashash joylari va avtomobil yo‘llari orasidagi masofa shaharsozlik qoidalari bo‘yicha necha metr bo‘lishi, fuqarolar eshigini ochishi bilan trotuarga chiqishi, uylarning muhofaza maydonlari haqida so‘ramoqchi edik. Biroq u uchrashuv bo‘layotgan xonadan chiqib ketib, qaytmagach, bu savollar ochiq qoldi.

Fuqarolar To‘lqin Yo‘ldoshev va Nodira Turg‘unboyevaning buzilgan devori va yo‘l qurilishi uchun olingan yer maydoni evaziga teng hajmda yer berilgan. Biroq hokim maslahatchisi tuman hokimning og‘zaki ko‘rsatmasi bilan buzib tashlangan, tiklab berilishi va'da qilingan devor qurib berilmasligi, bu qonunchilikda ko‘zda tutilmaganini aytdi.

Hokimlik vakillari Qodirjonovning xonadoniga borishganida ular uyda bo‘lmagani, xonadon sohibi ishda bo‘lgani sababli hokimlik mutaxassislari ularnikiga boshqa kuni borishini aytdi. Umida Qodirjonovaning ta'kidlashicha, mutasaddilar kelishlari haqida qo‘ng‘iroq qilib ogohlantirishmagan, 20 va 21 fevral kunlari esa mas'ullar ularnikiga borishmagan.

Kun.uz bilan telefon orqali suhbatda murojaat mualliflari mas'ullarning javoblaridan qoniqmaganini aytishdi.

Umid qilamizki, Qibray tumani hokimi ushbu fuqarolar bilan shaxsan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topilishiga ko‘maklashadi.

Bu mavzuga yana qaytamiz.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Doniyor Yoqubov, tasvirchi

Ko‘proq yangiliklar: