«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida «Biz korrupsiyaga qarshimiz» shiori ostida seminar bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 10:00 / 22.02.2020 3391

Korrupsiya va poraxo‘rlik – hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan havfli jinoiy hodisalardan biridir.

Ushbu illatga qarshi kurashishni jahon talablari asosida tashkil etish maqsadida 2008 yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2003 yil 13 oktyabrdagi «Korrupsiyaga qarshi» Konvensiyasini ratifikatsiya qildi, shuningdek, «Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Korrupsiyaga qarshi» konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentabr) qo‘shildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi «O‘zbekiston respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmoni imzolandi.

Shu asosda barcha idora tashkilotlarda ushbu illatga qarshi kurashish, fuqarolarni korrupsiyaga qarshi kurashishda faol bo‘lishga undovchi tadbirlar, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJda viloyat adliya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Davlat xizmatlari agentligi bilan hamkorlikda «Biz korrupsiyaga qarshimiz» shiori ostida seminar bo‘lib o‘tdi.

Jamiyatga qarashli tashkilotlarning hisobchilari, yuridik bo‘lim boshliqlari, majburiy ijro bilan ishlash muhandislari yuristkonsultlari, jamiyat qoshidagi davlat xizmatlari bo‘limida faoliyat olib boruvchi barcha xodimlar hamda barcha bo‘lim boshliqlari ishtirokidagi ushbu seminarda xodimlarning ish faoliyati davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasliklari, korrupsiya illat ekanligi mutasaddilar tomonidan tushuntirilib o‘tildi.

Xorazm viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tergovchisi R.Ismatov yig‘ilganlarga Respublikamiz Prezidenti tomonidan qabul qilingan qarorlar va ularning ijrosi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordi.

Jinoyatga jazo muqarrar. Qolaversa korrupsiya kelajak uchun illatligi, har qanday sohaga bunday illat aralashsa ushbu tizimda rivojlanish bo‘lmasligi va albatta, bunday xatoga yo‘l qo‘ygan insonlar jazoga tortilishlari haqida viloyat adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma'rifat bo‘lim boshlig‘i K.Matkarimov alohida ma'ruza qildi.

Shundan so‘ng jamiyat yuridik bo‘lim boshlig‘i A.Karimov so‘zga chiqib seminar qatnashchilariga faoliyatlari davomida yuzaga kelayotgan muammolar borasida huquqiy ko‘nikmalar berdi.

Bundan tashqari Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i F.Yusupov bugungi kunda elektr ta'minoti korxonalarida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida va mavjud muammolar haqida o‘zaro fikr almashinilib, savollarga atroflicha javoblar berdilar.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ bosh direktori M.Bazarimbetov seminarni yakunida so‘zga chiqib yig‘ilganlarga huquqiy maslahatlar berdi. Bundan tashqari, jamiyatda bunday korrupsiya illatlari yuzaga kelmasligi uchun birgalikda faoliyat olib borishga chorladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, bo‘lib o‘tgan seminarda korrupsiya murakkab ijtimoiy hodisa ekanligi, unga qarshi kurashish uchun alohida choralarni qo‘llash, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat va jamiyat o‘zaro jipslashishi lozimligi yana bir bor xodimlarga tushuntirildi. Zero, bu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar fuqarolar tomonidan ham faollik ko‘rsatilsagina, ko‘zlangan natijani berishi mumkin.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: