«Kelajagimiz o‘rta sinfdagi tadbirkorlarni rivojlantirishda» – Prezidentning Turkiyaga tashrifi bo‘yicha Adham Ikromov bilan suhbat

Iqtisodiyot 18:17 / 22.02.2020 9650

19-20 fevral kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘an taklifiga ko‘ra Turkiya respublikasida rasmiy tashrif bilan bo‘lib qaytdi.

Tashrifning birinchi kunida Anqara shahrida O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Anadolu Agency

Jarayonlarni bevosita Anqaradan turib yoritgan Kun.uz muxbiri ikki davlat vakillarining strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning Turkiya biznes doiralari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvi natijadorligi bo‘yicha O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi rahbari Adham Ikromov bilan qisqa suhbat tashkil qildi.

— O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi yakunida davlat rahbarlari va hukumat a'zolari to‘rtta hujjat imzolashdi.

Bu jarayonda siz ham ishtirok etdingiz. Xo‘sh, kelishuvlar bo‘yicha yakunda qanday o‘zgarishlarni kutishimiz mumkin, tashrifda nimalarga erishdik?

— Turkiya bizning strategik hamkorimiz. O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining yuqori darajadagi birinchi yig‘ilishi qarorlari bir yil uchun mo‘ljallangan. Chunki bu yig‘ilish Toshkent yoki Anqarada har yili bo‘ladi. Yig‘ilish bir yilda qilinadigan hamkorlikdagi ishlarga zamin yaratdi.

Biz Turkiya bilan madaniy, siyosiy va boshqa bir qancha sohalar bo‘yicha kelishuvga erishdik. Strategik jihatdan bu hamkorlik muhim, lekin kelishuvlarimizning 70 foizdan ortig‘ini iqtisodiy masalalar tashkil qiladi.

Shavkat Mirziyoyev parlament palatalariga qilgan murojaatida aytganidek, demokratiya yuqori iqtisodiy barqarorlikka ega davlatdagina yaratiladi.

Tashrifda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham prezidentimizning so‘zlarini tasdiqladiki, bizda turk kapitali bilan 1360ta korxona ochilgan. Ulardan 465tasi 2019 yilga to‘g‘ri keladi. Ya'ni O‘zbekistonda har kuni bitta yoki ikkita yangi turk korxonalari ochilmoqda. Demak, turk ishbilarmonligi uchun eshiklarimiz ochiq.

Shavkat Mirziyoyev birinchi bor 2017 yilda Anqara va Istanbul shaharlarida turk ishbilarmonlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda tadbirkorlarga aynan shu va'dalarni bergan edi. Mana shu va'dalarga ishonib turkiyalik tadbirkorlar bizga kirib kelishmoqda. Xo‘sh, endi bu munosabatlarda yangi sahifalar qayerdan ochiladi? Javob sifatida aytishim mumkinki, bizda nafaqat turk biznesi, balki boshqa davlatlar bilan bo‘ladigan biznes hamkorliklar uchun qonun hujjatlarida o‘zgarishlar bo‘lishi kerak.

To‘g‘ri, barchasi deb aytilmaydi, chunki islohotlar davomiyligi ham bor, lekin investitsiya bo‘yicha qonun, soliq kodeksi, bojxona ta'riflarining aniq ravshanligi — aynan mana shu masalalar tashrifda muhokama qilindi. 

Endi kelgan investor qanday sharoitda ishlashini aniq biladi, lekin shu bilan birga biz yanada ko‘proq investorni kutyapmiz.

– Turk tadbirkorlarini O‘zbekistonda biznes yuritishi bo‘yicha qaysi yo‘nalishlar ko‘proq qiziqtirmoqda?

Turkiyalik investorlar tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish va qurilish mahsulotlari, kon metallurgiya, agroiqtisodiyot kompleksi uchun investitsiya kiritishga ko‘proq qiziqmoqda.

Bundan tashqari, avvallari turk investorlari O‘zbekistonga kelganda hamkor topishga qiynalardi. Hozir biz ikki tomonlama Savdo-sanoat palatalari ishbilarmonlik kengashini tashkil qildik. Unda kichik, o‘rta va yirik biznes vakillaridan 21tadan a'zolar bor. Shu orqali uch yil davomida bizda biznes hamkorlar paydo bo‘ldi. Biznesni tushunadigan odamlar paydo bo‘ldi.

Afsuski, biz ko‘p yillar ular so‘ragan hamkorni topib berishga biz ham qiynalardik. Bizning kelajagimiz o‘rta sinfdagi tadbirkorlarni rivojlantirish.

Prezident Mirziyoyev murojaatda o‘rta va kichik biznesda qonun ishlab chiqilishi kerakligini aytdi. Afsuski, bizda ko‘p yillardan buyon kim kichik kim o‘rta va kim katta biznes vakili ekani haqida tushuncha yo‘q.

Biz shu masalada qiynalamiz.

Masalan, Turkiyada 82 million aholi bor. Ulardan, bir yarim millioni tadbirkorlar. Ular hamkorni o‘z darajasiga qarab qidiradi. Ular kiritadigan bir million ham, bir milliard ham investitsiya.

Bu safar prezidentimiz 20dan ortiq turk tadbirkorlari bilan uchrashdi. Ularni ko‘zi, fikrlariga qarab sezdimki, tadbirkorlari avval bizga ehtiyotkorlik bilan qaragan bo‘lsa, hozir ishonch va ilhom bilan qarashyapti.

- Uchrashuvlarda kuzatdimki, turk tadbirkorlarining O‘zbekistonga nisbatan munosabati o‘zgarayotgani bor gap, ammo shu bilan birga ular O‘zbekistondagi mahalliy hokimliklarning tadbirkorlarga yetarli sharoit yaratib berishi kerakligi va kafolatli bo‘lgan hamkorlikni ham so‘rashyapti.

- Bu tabiiy holat. Har bir tadbirkor o‘ziga preferensiya va imkoniyatlar talab qiladi. Chunki unga osonroq biznes muhiti kerak. Ular eng ko‘p so‘rayotgani bo‘sh turgan bino yoki yer maydoni. Chunki qonunchilik bor.

Bu murakkab masala. Biz yer maydonlarini ochiq auksion orqali sotar ekanmiz, bu to‘g‘ri yo‘l. Shu bilan birga yana bir narsani qo‘shimcha qilish kerakki, O‘zbekiston prezidenti ikki oy avval erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha yangi qonunni qabul qildi.

Agar iqtisodiy zonada ochiq maydon hosil bo‘lsa, demak investor o‘sha joyga kelishi kerak va u erkin iqtisodiy zona imkoniyatlaridan foydalanaveradi.

Biz investorlarga soliqdan imtiyoz kutma, deb aytamiz. Chunki imtiyoz mahalliy tadbirkorga ham, chet ellik tadbirkorga ham bir xil bo‘lishi kerak.

— Prezidentning 20 nafar turk tadbirkorlari bilan uchrashuvidan keyin ularning qaysilarida O‘zbekistonga o‘z biznesi bilan kirib borishga qiziqish va intilishni ko‘ryapsiz?

— Bular ichida eng yiriklaridan biri “Renessans” xolding — Ozarboyjon, Rossiya, Yevropa va Birlashgan Arab Amirliklarida katta, raqobatbardosh va zamonaviy texnologiyalarga ega qurilish kompaniyasi.

Biz eng yuqori darajada sifat va arxitektura bilan qurilgan mehmonxonalarni ko‘rsak, bu “Renessans” xoldingga tegishli.

Ikkinchi masala bizning juda ko‘p kelishuvlarimiz ijtimoiy soha rivojini ko‘zlagan. Bu borada kasalxonalar tashkil qilish va ularning menejmenti masalasi, tibbiy sug‘urtani tashkil qilishda katta tajribaga ega kompaniya bilan kelishuvga erishdik.

Keyingi kelishuv turizm sohasida bo‘lgan.

Biz shuningdek, top universitetlardan biri Iqtisodiyot, texnologiya va tadbirkorlik universitetining filialini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha kelishib oldik.

Bundan tashqari, Gebze erkin savdo zonasi bo‘yicha kelishuv bor.

Bu bo‘yicha har bir sohani rahbarlari prezidentdan o‘ziga kerakli topshiriqlarni oldi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: