Rossiya koronavirus tufayli kuniga milliard rubl yo‘qotmoqda

Iqtisodiyot 16:03 / 21.02.2020 24603

Rossiya iqtisodiyoti Xitoyda tarqalayotgan koronavirus sabab kuniga 1 milliard rubl mablag‘ yo‘qotmoqda. Bu haqda Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov Rossiyaning RBK telekanaliga bergan intervyusida aytgan.

Foto: Vladislav Shatilo / RBK

«Yaqinda federal bojxona xizmati bilan gaplashdik. Ularning ma'lumot berishicha, Xitoy bilan o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari pasaygan va buning natijasida Rossiya iqtisodiyoti har kuni 1 milliard rubl zarar ko‘ryapti. Bu koronavirus tufayli ro‘y bermoqda», degan Siluanov.

Rossiya moliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, hukumatdagi iqtisodiy soha mas'ullari koronavirusning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta'siridan xavotirda ekanini ham ta'kidlagan.

Xitoyda tarqalayotgan xavfli epidemiyaning salbiy oqibatlari haqida gapirar ekan Siluanov Rossiya allaqachon koronavirus oqibatlarini his qilayotganini aytib o‘tdi. Xususan, Xitoydan Rossiyaga sayyohlik oqimi kamaygan. Buning oqibatida sayyohlik sohasidagi ko‘rsatkichlar tushib ketgan: «Koronavirus tufayli sayyohlik ko‘rsatkichlari pasaydi, bu esa katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keldi. Jumladan, mehmonxonalarning band qilinishi, transport xizmatlarini ko‘rsatish, chakana savdoda qo‘shimcha daromad, hammasi pastladi. Aviatashuvchilar zarar ko‘rayotganini aytib bong urmoqda, xullas virus deyarli hammaga zarar keltirdi»,— deydi moliya vaziri.

Siluanovning fikriga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi Rossiya iqtisodiyotiga yanada salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin, ammo uning ko‘lami Rossiya iqtisodiga ta'sir ko‘rsatadigan darajada bo‘lmaydi: «Vaziyat keyinchalik qanday tus olishi karantin va Xitoyda xavfli kasallik bilan bog‘liq vaziyat qancha davom etishiga bog‘liq. Ishonchim komilki, hozirgi holat Rossiya hukumati ishlayotgan vazifalarning bajarilishiga jiddiy ta'sir qilmaydi».

Avvalroq «Citi» tahliliy iqtisodchilar guruhi mutaxassislari koronavirus sabab Xitoyga neft eksporti kamayishi jahon bozorida neft narxi pastlashi va bu holat Xitoyga neft sotadigan asosiy davlat bo‘lgan Rossiyaning iqtisodiy o‘sishini ham sekinlatishi haqida hisobotlarni e'lon qilgan edi. Rossiya hukumati esa joriy yil 13 fevralda 2020 yil uchun iqtisodiy o‘sish suratini 1,7-1,9 foiz o‘rtasida bo‘ladi deb hisobot berdi.

Bugun nafaqat Rossiya iqtisodiyoti, balki butun dunyo iqtisodiyotiga xavf solayotgan koronavirus yaqin orada bartaraf bo‘lmasa, Rossiya iqtisodiyoti o‘sish ko‘rsatkichi hukumat bergan hisobotdagidan pastroq bo‘lishi mumkin.

Xitoy dunyodagi eng yirik xomashyo iste'molchisi hisoblanadi. Koronavirus tufayli Xitoy iqtisodiyotining o‘sishi sekinlashdi. Oqibatda iqtisodi Xitoyga bevosita bog‘liq bo‘lgan, ya'ni bu mamlakatga katta miqdorda xomashyo sotadigan davlatlar iqtisodiyotida ham pasayish kuzatilmoqda. Bularning barchasi yig‘ilib dunyo iqtisodiyotida pasayish yuz berishiga olib kelyapti.

YURI SMITYUK/TASS

Rossiya iqtisodiyoti ham Xitoy bilan chambarchas bog‘langan. Shu bois, koronavirus ortidan kelib chiqayotgan iqtisodiy zarar ayniqsa Rossiyaga sezilmoqda. Xitoylik sayyohlar oqimining to‘xtashi, Xitoy Rossiyadan olayotgan neft miqdori kamayishi, o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari tushib ketishi, Rossiya iqtisodiyotiga aks ta'sir ko‘rsatdi.

Xitoy Rossiya tashqi savdosida birinchi o‘rinda turadi. 2019 yilda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 110,75 milliard AQSh dollarga yetdi. Bunda 49,7 milliard dollar Xitoy eksportiga, 61,05 milliard dollari esa Rossiya eksportiga to‘g‘ri keladi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi ilk marta 2018 yilda 100 milliard AQSh dollaridan oshgandi, ammo bu yil ko‘rsatkichlar 100 milliardlik marradan o‘tishi qiyin bo‘lishi mumkin...

Ko‘proq yangiliklar: