Turkiyadagi yirik sanoat konsernlaridan biri O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqchi

Iqtisodiyot 14:08 / 20.02.2020 16062

Bugun, 20 fevral kuni Turkiyaning Anqara shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turk ishbilarmon doiralari va kompaniya rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

Uchrashuvning birinchi qismida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda investorlar uchun qonuniy asosda yaratib berilayotgan sharoitlar haqida gapirgan bo‘lsa, dastur bo‘yicha ikkinchi qismda turkiyalik tadbirkorlar o‘z loyihalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazishmoqda.

Uchrashuvda taqdimot qilgan «Eczacıbaşı group» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Bulent Ekzachibashi kompaniya 2017 yildan buyon O‘zbekistondagi biznes muhitini diqqat bilan kuzatib kelayotganini ta'kidladi.

«Janob prezident, siz janobi oliylari tomonidan O‘zbekistonni nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda investorlar uchun jozibador davlat sifatida tanitish yo‘lida qilayotgan ishlaringizdan yaxshi xabardorman.

Men rahbarlik qilayotgan kompaniya 80 yillik tarixga ega. Bu 40dan ortiq yo‘nalishda faoliyat yurituvchi kompaniya hisoblanadi.

Kompaniyamiz temirdan boshqa qimmatbaho metallar (mis, oltin, kumush, qo‘rg‘oshin) qazish va uni ishlab chiqarish uchun xomashyo topish qurilmalarini ishlab chiqaradi.

Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchimiz va bu boradagi ishlarni tezroq boshlamoqchimiz.

Bundan tashqari, sanitar keramika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha davlatingizga investitsiya kiritmoqchimiz», deya Ekzachibashining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirkorning O‘zbekistonda biznes boshlashi uchun kerakli sharoitlar yaratib berilishini ma'lum qildi va bu masala bo‘yicha o‘z maslahatchisi Ravshan G‘ulomovga kerakli topshiriqlar berilganini aytdi.

«Toshkentga borganingizdan keyin hech qanday byurokratiyalarsiz ish boshlashingiz mumkin. Boshlash kerak G‘ulomov, harakatni bugundan boshlash kerak», dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lumot uchun, 42ta kompaniyani o‘zida birlashtiruvchi «Eczacıbaşı» guruhi Turkiyadagi yirik sanoat konsernlaridan biri hisoblanadi. Umumiy aylanmasi 3,1 mlrd AQSh dollariga teng va 12,5 mingta xodimga ega.

Ko‘proq yangiliklar: