«10 yilda biror marta soliq tekshiruvini ko‘rmadim» - Ukrainadagi o‘zbek tadbirkor

O‘zbekiston 19:25 / 16.02.2020 52017

Baxtiyor G‘anijonov bilan Ukrainaga safarimiz davomida suhbatlashdik.

10 yildan buyon Lvov viloyatida tadbirkorlik qilib kelayotgan 43 yoshli shahrixonlik hamyurtimiz Ukrainadagi biznes muhit, tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, O‘zbekistonning eksport salohiyati va u bilan bog‘liq masalalar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Ayni paytda «poddon» (yog‘och taglik) chiqaradigan kichik seximiz bor. Hamkorlarimiz bilan uni Yevropaga eksport qilamiz. Bundan tashqari, O‘zbekistondan meva-sabzavotlar va tikuvchilik mahsulotlarini Ukrainaga import qilamiz», – deydi Baxtiyor G‘anijonov.

Ukrainadagi biznes muhiti haqida

– 2010 yilda Ukrainaning Lvov viloyatiga dam olish uchun kelganman. Ammo muhitning qulayligini ko‘rib, yakka tadbirkor sifatida ish boshlaganman. O‘zbekistondan tikuvchilik mahsulotlarini import qilganmiz.

O‘sha paytda tadbirkorning bir oylik to‘lanadigan solig‘i 25 AQSh dollari bo‘lgan. Hozir mana 65-66 dollarga ko‘tarildi. Shuni to‘lagandan keyin tadbirkor 60 ming dollarlik «oborot» qilishga haqli bo‘ladi.

Yilda faqat bir marta soliq hisobotini topshirasiz. Soliq inspektorini hatto ko‘rmaysiz. Bankda hamma narsa elektronlashtirilgan, masofadan bajariladi. Hisob raqamingizdagi pulni valutaga konvertatsiya qilib, xohlagan davlatga chiqara olasiz.

Bankda tadbirkorga biriktirilgan maxsus menejyer bo‘ladi. U bilan muloqot qilib turasiz. Agar xorijga pul chiqarmoqchi bo‘lsangiz, zayavkani elektron tarzda, masofadan turib to‘ldirasiz. O‘sha kuniyoq pulni xohlagan davlatga chiqara olasiz.

O‘zim o‘sha paytda Ukrainaga 1 oy dam olgani kelganman va biznes muhitining qulayligini ko‘rib, tadbirkorlik qilish uchun qolib ketganman.

Yog‘och poddonlar / Foto: rabota-biznes.com

Ukraina soliq tizimi haqida

– Bu juda qiziq. Hisobotlar yillik topshiriladi, bu majburiy. Ammo ixtiyoriy tarzda har kvartalda ham topshirsa bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, 10 yildan beri ishlayotgan bo‘lsam-da, biror marta soliqchining tekshirib kelganini ko‘rmadim. Faqat o‘z vaqtida hisobot topshirilsa bo‘ldi.

Misol uchun, soliqchi har uch yilda tekshiradi, degan qonunni eshitganman. Ammo nega bizni tekshirmaganini bilmayman. Biz qonunni buzmasdan, vaqtida soliqlarni to‘lab kelganimiz uchun shunday imtiyoz berilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbek xalqi – tadbirkor. O‘zbekistondagi tadbirkorlarning juda ko‘p mehnat sarflab, qiyin ahvolga tushishi, kasodga uchrashi, muammolari matbuotda chiqarilib, keyin hal bo‘layotgani men uchun achinarli holat.

Ularga Ukrainaga kelsangiz yaxshiroq, demoqchimasman. Shunchaki ularga imkoniyat yaratilishini, boshlagan ishini oxiriga yetkazishga imkon berilishini xohlayman. Ularning muammolarini bu yerdagi bilan taqqoslasak, juda katta muammo emas.

Nega 10 yil oldin shu yerda biznesimni ochganman? Chunki muhit O‘zbekistondan yaxshiroq ekanini ko‘rdim.

Agar tadbirkorlarimiz shuncha mehnatini Ukrainada qilishganida, millioner bo‘lib ketishardi. Chunki bu ishlar, qurilayotgan issiqxonalar juda katta foyda keltiradigan biznes hisoblanadi.

O‘zbekistonning eksport salohiyati haqida

– O‘zbekistondan Ukrainaga eksport qilinayotgan meva-chevalar mazasi va tashqi ko‘rinishi bo‘yicha bemalol Ispaniya va boshqa davlatlarning mahsulotlari bilan raqobatlasha oldik. Ammo saqlanishi va qadoqlanishi bo‘yicha e'tirozlar bor.

Foto: Vesti.ua

Nima qilish kerak? Mevalarning yangi, tashishga chidamli navlarini ekish kerak. Masalan, O‘zbekistondan xurmo keltirilyapti, ammo taxir. Xurmoning yaxshi navlari zarur. Uzum, anorlarimizning mazasi yaxshi. Ammo tashib keltirguncha sifati buzilib ketyapti. Ispaniyadan keltirilayotgan xurmo qattiqroq bo‘lsa-da, taxirmas. Chunki uning navi yangi. Shu sababli, O‘zbekistondan Ukrainaga keltirilgan xurmolarni tadbirkorlarimiz zarariga ham sotishdi. Ozarboyjonlar esa aksincha, xurmodan juda yaxshi foyda olishdi.

O‘zbekistonning meva-sabzavot eksportidagi muammolari sababi nimada?

– Mutaxassis yo‘q. Hamma o‘z bilganicha ish qilyapti. Masalan, Ukrainaga O‘zbekistondan uzum oldirdik. Ammo juda sifatsiz qadoqlangan ekan. Hammasini chiqindiga tashlab yubordik.

Jo‘natgan odamlar «yaxshi qadoqladik», deydi, ammo juda sifatsiz bo‘lib kelgan. Agar shu ishlarning qoidasini o‘rgatadigan mutaxassis bo‘lsa, ko‘p narsadan yutgan bo‘lardik. Mutaxassisni xorijdan olib kelish yoki o‘zimizda tayyorlash kerak. Bu ishlarni juda tez qilish kerak. Chunki iqtisodiyot uchun foydali. Biz paxtaga qanchalik mehr qo‘yganmiz, bu ishgayam shunchalik mehr qo‘yish kerak.  Foydasi undan ham ko‘proq bo‘ladi.O‘zbekistonda 25 yil oldin qanday o‘rama bo‘lsa, hozir ham shundan foydalanyapmiz. 25 yil oldin qanday nav bo‘lsa, hozir ham shu ekilyapti. O‘sish yo‘q, yangi navlar yo‘q.

Mevalarni Turkiya yoki Ispaniyaniki bilan solishtirsak, o‘zimizniki mazali. Ularning faqat tashqi ko‘rinishi yaxshi. Bizning mevalarda chiroy ham bor, maza ham yaxshi. Natijada, talash bo‘lib ketdi.

Uzum ham yaxshi bo‘ldi, faqat uning navini ko‘paytirish kerak. Uzumlarimiz o‘rab olib kelinadi. Turkiyaniki esa ochiq keladi, chunki po‘sti qalin. Turklar Ukrainada minglab tonna uzum sotadi.

Nurmuhammad Said suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: