O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdo aylanmasini 5 mlrd dollarga yetkazish rejasini muhokama qildi 

Iqtisodiyot 11:03 / 15.02.2020 5350

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish va o‘zaro savdo nomenklaturasini kengaytirish nuqtai nazaridan iqtisodiy munosabatlarni kuchaytirish tomonlarning diqqat markazida bo‘ldi.

Turli yo‘nalishlar va sohalarda aniq muddatlari va mas'ullari belgilangan holda, amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Transport va yuk tashish sohalarida tizimli o‘zaro munosabatlar, Turkiya hukumati tomonidan texnik ko‘mak berish va imtiyozli kreditlash dasturlari doirasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

"Gebze" maxsus sanoat zonasining filialini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Turkiya O‘zbekistonda mazkur sohadagi ilg‘or xorijiy tajriba asosida tayyorlangan "Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinganini olqishladi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashga tayyorgarlikni jadallashtirish va mazkur bitimga kiritilishi taklif etilayotgan tovarlar pozitsiyalarini kengaytirish masalalari o‘rganildi hamda uni amalda qo‘llash tartiblari kelishib olindi. Mazkur choralar Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish borasida ikki mamlakat prezidentlari tomonidan berilgan topshiriqni amalga oshirilishiga ko‘mak berishi kutilmoqda.

Muloqot chog‘ida birgalikda amalga oshirilayotgan tadbirlarning bajarish holatini ko‘rib chiqish uchun ikki mamlakat idoralarining muntazam ravishda uchrashuvlarini tashkil qilish orqali ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi borasida tomonlarning umumiy pozitsiyasi bildirildi.

Turkiya hukumati joriy yilning mart oyi boshida Turkiyaning sanoat va savdo vaziri boshchiligidagi turk tadbirkorlaridan iborat delegatsiya tashrifini amalga oshirishni reja qilmoqda.

Tomonlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasi doirasida hamkorlikni faollashtirish va uning ishini doimiy va tizimli ravishda ta'minlashga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida yaqin munosabatlarni o‘rnatish, o‘zaro kelishib olingan tadbirlar va loyihalarni ilgari surish bo‘yicha doimiy aloqalarni ta'minlash borasida kelishuvlarga erishildi.

Ko‘proq yangiliklar: