Afrikada koronavirusdan kasallanishning ilk holati qayd etildi. Pekinga keluvchilar 2 haftalik karantinda bo‘ladi

Jahon 03:19 / 15.02.2020 10003

Misrda yangi koronavirusdan kasallanishning ilk holati aniqlandi. Misr ushbu virus aniqlangan Afrikaning birinchi davlati bo‘ldi.

Bu haqda Misr sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga asoslanib Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, virus Misrga kelgan xorijlikda aniqlangan. U qaysi davlatdan kelgani ma'lum qilinmagan.  

Vazirlik bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini xabardor qilgan. Misr sog‘liqni saqlash vaziri koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha rejani amalga oshirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. U mamlakat rasmiylari virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rayotganini qo‘shimcha qilgan. 

Ayni vaqtda koronavirusdan kasallanish holatlari bir qator davlatlarda, jumladan Germaniya, Fransiya, Rossiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Belgiya, Ispaniya, Italiya, Kanada, SShA, Yaponiya, Tayvan, Singapur, Malayziya, Nepal, Avstraliyada qayd qilingan.

Bu orada Xitoy poytaxti Pekinda shaharga keluvchilar uchun ikki haftalik majburiy karantin kiritildi.  

Qarorga ko‘ra, Pekinni tark etgan kishilar unga qaytgandan keyin ikki hafta uylarida kuzatuv ostida qolishi yoki umumiy karantin hududiga joylashtirilishi kerak bo‘ladi. Xuddi shu qoida shaharga keluvchi barcha mehmonlarga ham amal qiladi.

Ushbu chora hafta boshida taklif qilingan va poytaxt rahbariyati tomonidan muhokama qilingach maqsadga muvofiq deb topilgan. Ta'kidlanishicha, ushbu talabga amal qilmaydiganlar qonunga ko‘ra javobgarlikka tortiladi.

Ko‘proq yangiliklar: