O‘zbekiston Qirg‘izistonga barcha postlarni ochishni taklif qilgan. Ne'matov «Rishton-So‘x» yo‘li haqida gapirdi

O‘zbekiston 14:45 / 14.02.2020 23561

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani davomida Qirg‘iziston bilan ochilgan yo‘llarning yopilishi masalasi, xususan, Rishton-So‘x yo‘lining ochilganidan ikki kun o‘tib yopib qo‘yilgani haqidagi savolga javob qaytardi.

“Bunda hech qanday bir siyosiy ma'no, siyosiy omil yo‘q. Hamma narsa bir-biriga bog‘liq. Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) a'zosi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi - iqtisodiy tashkilot. 

To‘g‘ri, So‘x yo‘li ochildi va ertasi kuni yopildi. Yopilganining sababi – biz bu tashkilot [YeOII]ga a'zo emasmiz. Bizda savdo rejimi mutlaqo boshqacha. Qirg‘iziston bilan bugungi kunda 21ta post bo‘ladigan bo‘lsa, 14ta post ishlab turibdi. 

Lekin qolgan 7tasi, masalan So‘x ishlamayapti. Hozirgi kunda bu muammoni hal qilish uchun Qirg‘iziston tomoni bilan muzokaralar olib boryapmiz.

Yaqin kunlarda Farg‘ona vodiysida uchrashuv bo‘ladi. Qo‘shni viloyatlar, ya'ni Qirg‘izistondan O‘sh, Jalolobod va Kent, O‘zbekistondan Namangan, Andijon, Farg‘ona hokimlari birgalikda, bosh vazirlar rahbarligida uchrashuv bo‘ladi. Ana shuni kun tartibiga kiritganmiz. Bu masala doimiy kun tartibimizda. 

Hozirgi kunda bizdan berilgan taklifni Qirg‘iziston tomoni ko‘rib chiqyapti. Bosqichma-bosqich hamma postlarni ochishga taklif berganmiz. 

Tojikiston bilan 17ta postni ochib qo‘ydik. O‘n sakkizinchi postni ochish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Qirg‘iziston bilan ham xuddi shunday bo‘ladi. Lekin bunga ozgina vaqt kerak. Chunki Qirg‘iziston YeOII a'zosi. Ularda savdo rejimi sal boshqacharoq”, - deya Ilhom Ne'matovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning dekabr oyi oxirlarida ham Ilhom Ne'matov «Rishton-So‘x» yo‘li nega ochilganidan ikki kun o‘tib yopib qo‘yilganiga izoh bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: