O‘zbekistonda mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmoqda

O‘zbekiston 16:37 / 14.02.2020 5500

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017 yil 20 noyabrda davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish hamda mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lgan ishlab chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini olib borishga mas'ul bo‘lgan davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzildi.

Qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish va bajarishni ta'minlash, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlarning mudofaa sanoati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnikalar hamda boshqa mulkni ishlab chiqarish, ta'mirlash, modernizatsiya qilish, xalqaro harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va boshqa dolzarb vazifalar belgilandi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, o‘tgan ikki yil mobaynida dunyoning 20dan ortiq rivojlangan davlatlari bilan harbiy-texnik hamkorlik o‘rnatildi, 6 davlat bilan hukumatlararo komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 10 dan ortiq davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorlik yo‘nalishida xalqaro bitim va kelishuvlar imzolandi. Tizimli ravishda zamonaviy qurol-aslaha va jangovar texnikalarni xarid qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qurolli Kuchlarning harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarga bo‘lgan talablarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida 2018-2019 yillarda KamAZ avtomobili shassisida yuk va maxsus avtomobil texnikalarini, harbiy maqsadda foydalaniladigan radioaloqa vositalari, nafas olish organlari himoya vositalarini, oziq-ovqat payoklari va boshqa turdagi harbiy va ikki maqsadda foydalanadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha bir qancha tarmoqlararo loyihalar amalga oshirildi.

BM-21 “Grad” rusumli yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi yangi zamonaviy shassiga o‘rnatildi va bu tizim amaliy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi.

BTR-70 rusumli transportyorga yangi zamonaviy dizel dvigateli, uzatish qutisi o‘rnatilib, mobil imkoniyatlari oshirildi. Shuningdek, shaxsiy tarkib himoyasini oshirish maqsadida qo‘shimcha zirh va kumulyativ panjara bilan jihozlandi.

T-64 rusumli tankning kuch bo‘limi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy, katta quvvatga ega dvigatel va transmissiya agregatlari qo‘yildi, raqamli aloqa vositalari bilan jihozlandi.

“Gaz-66” rusumli avtomobillariga ISUZU dvigatellari va uzatish qutilarini o‘rnatgan holda modernizatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi. Bu ularning harakatchanlik va mobil imkoniyatlarini oshirdi.

Shuningdek, “KamAZ” avtomobillari shassida barcha sharoit va hududlarda qo‘shinlar boshqaruvini ta'minlay oladigan mobil qo‘mondonlik boshqaruv punkti, shuningdek zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlangan, har qanday murakkab tibbiy amaliyotlarni amalga oshirishga qodir tibbiyot punkti yaratildi.

“Chirchiq aviatsiya ta'mirlash zavodi” DK rekonstruksiya qilinib, to‘liq kapital ta'mirdan chiqarildi va texnologik jihatdan qayta jihozlandi, buning natijasida korxona tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish imkoni yaratildi. Jumladan, “Mi” rusumidagi vertolyotlarning ta'mirlanayotgan jihozlari nomenklaturasi ortdi, Su-25 rusumli samolyotlarni ta'mirlash o‘zlashtirilmoqda.
  
“Vostok” IIB DUKda bugungi kunda o‘qotar qurollar uchun o‘q-dorilar ishlab chiqarilmoqda. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2020 yilning birinchi yarmida yangi turdagi patronlar ishlab chiqaruvchi liniyaning ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Harbiy kiyim-anjomlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi tuzilib, 2019 yilda dastlabki sex faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 2020 yil II kvartalda korxona to‘liq quvvatda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

2020 yilda Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan qo‘mita tasarrufidagi (“Vostok” IIB DUK, “Chirchiq aviatsiya ta'mirlash zavodi” DK, “Innovatsion texnologiyalar markazi”, MS TexMash va MS RemTex MChJlar) hamda mahalliy korxonalar (KRANTAS, ISUZU va boshqalar)da ishlab chiqarilayotgan harbiy va ikki maqsadda qo‘llanadigan mahsulotlar va xizmatlar ko‘rsatish ko‘rsatkichlarini 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan.

Yuqorida belgilangan natijalarga erishish, mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) ishlab chiqilmoqda.

Ushbu rejada O‘zbekiston Respublikasi prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda 2020 va keyingi yillarda asosiy e'tibor Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika, hamda boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq ta'minlashga, mahalliy ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini takomillashtirishga, ishlab chiqarilayotgan harbiy va ikki maqsadli mahsulot turlari va nomenklaturasini ko‘paytirishga, korxonalarga turli imtiyozlar yaratgan holda mahsulotlar tannarxini tushirish va ularning eksportbopligini oshirishga qaratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: