«Qamal»da qolgan 9 oila: ularni «O‘zbekiston temir yo‘llari» yoki Past Darg‘om hokimligi qutqara oladimi?

Jamiyat 15:40 / 13.02.2020 46255

Past Darg‘om tumani «Gulobod» mahallasida yashovchi fuqarolardan tushgan murojaatga ko‘ra, o‘sha manzil sari yo‘l oldik. Arizachilar bergan hududni topib borish oson bo‘lmadi. Yo‘llar mutlaqo talabga javob bermasligi muhim emas. Masala arizachilar yashayotgan uylarning noqulay joylashgani – ikki tomonlama temiryo‘l o‘tgan bo‘lib, qamal holatida ekanida. Yo‘lboshchisiz borsangiz, yo‘qolib qolasiz...

Ayni vaqtda bu yerda to‘qqizta xo‘jalik yashab kelyapti. Uylar o‘tgan asrning 50-60-yillarida temir yo‘l xizmatchilari uchun qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda yashab turganlarning aksariyati shu tizimda ishlagan. Sohadan pensiyaga chiqqan.

«Unutilgan» odamlar

Manzura Abdualiyeva ham 12 yil temir yo‘l sohasida ishlab, sog‘ligi yomonlashgach, ishdan bo‘shagan. Hozirgi vaqtda o‘g‘li, kelini va nabiralari bilan shu yerda istiqomat qilib kelmoqda.

U oilasi uchun bu sohada ishlash an'anaga aylangani, otasi, bobosi hamda turmush o‘rtog‘i ham temir yo‘l tizimida ishlaganini aytib berdi. Shuningdek, o‘g‘li R.Narziyev Buxoro lokomotiv depo ishchisi bo‘lib ishlagan ekan. Unga 2011 yil 25 oktyabrida Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzelining hududiy kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan xat kelgan. Unda yozilishicha, Past Darg‘om tumani hududidagi Maroqand bekatida joylashgan, qurilishi tugallanmagan kottej uylardan birini yashash uchun uy-joy sifatida ajratish ko‘zda tutilgan. Ammo negadir bu xat va uning ijrosi «unutilgan».

Jamiyat: «Uy-joylar bizga tegishli emas, xususiylashtirib olavering!»

Rajab Qo‘chqorov 1972 yildan 2009 yilgacha temir yo‘l sohasida ishlagan. 1973 yildan shu joyda yashashni boshlagan. Demak, otaxon qariyb yarim asrni shu uylarda o‘tkazgan.

– Uyda yurakni hovuchlab o‘tiramiz, – deydi otaxon. – Nabiralar hovlida o‘ynasa ham, uyda bo‘lsa ham xavotir olaman. Yog‘in-sochinli kunlarda gapirmasa ham bo‘ladi, tomdan chakka o‘tib ketadi. Pensiyaga chiqqunimcha ham bir necha marta hujjat tayyorlashdi, qanaqadir ro‘yxatga olishdi, ammo hech narsa o‘zgargani yo‘q. Qachon boshpanamizning hujjati bo‘ladi yoki boshqa joydan bizga uy ajratilarkin, deb kutib o‘tiribmiz.

Savol tug‘iladi: Bugun Rajab ota qayerga borsin? Yashayotgan uyi hujjatsiz. Demak, u bu yerdan chiqib ketgan taqdirda ham tovon to‘lab berilishi ertakka ishonishdek gap. O‘zi esa temir yo‘l sohasida ishlab, bugun kuchdan qolgan.

2019 yil 10 mayda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan F.Qo‘chqorov nomiga kelgan xat e'tiborimizni tortdi. Unda bu uylar ayni paytda temir yo‘l balansida emasligi va murojaatchi istasa, tuman hokimligi orqali o‘zi xususiylashtirib olishi mumkinligini aytgan. Rosti, bu xat odamga umid beradi. Ya'ni, otaxon yarim asrdan buyon shu uyda yashab kelyapti va unga temir yo‘l da'vogar emas. Tuman mas'ullari «himmat» qilsa, kifoya.

Ammo tuman hokimligi mutaxassisi Qurbon Mirzayev haliyam bu uylar temir yo‘l balansida ekanligini aytmoqda. Shuning barobarida ushbu fuqarolarning og‘ir sharoitda qolayotganini inobatga olib, hokimlik boshqa hudud – «Elbek» mahalla fuqarolar yig‘inidan uy qurib olishlari uchun yer taklif qilganini aytmoqda.

– Past Darg‘om fuqarolari uchun tumanimizdagi Elbek mahallasidan yuz gektar yer ajratilgan, – dedi hokimlik vakili Q.Mirzayev. – Hududga quyosh batareyalari o‘rnatilyapti. Yaqin yillarda barcha qulayliklarga ega posyolkaga aylanadi. Aynan sizlarga murojaat qilgan fuqarolarimizga o‘sha mahallada 4 sotixdan yer ajratib berish taklif qilingan. Ammo murojaatchilar «O‘zimiz tug‘ilgan mahallamizdan yer ajratib berilsin yoki yashab turgan uyimizning hujjatini qilib beringizlar», deb turib olishdi. Uy qurib chiqishni istashmayapti.

Ochig‘i, bugun bir qarich yerning narxi «osmonlab» borayotgan bir paytda, hokimlik tomonidan hech qanday auksion yoki to‘lovsiz ushbu muhtojlarga yer taklif qilinayotgani katta gap. Biroq bugun tayinli ish joyi bo‘lmagan yoki imkoniyati cheklangan bu insonlarning hammasi ham bo‘sh yerdan uy qurib ololarmikan?

Fuqarolarning mahalladan chiqqisi yo‘q

Yana bir gap. Qamalda to‘qqiz xo‘jalik yashayapti, dedik. Ularning ikkitasi o‘zboshimchalik bilan qurib olingan uy. Ammo ularning bu yerda yashay boshlaganiga ham 10 yildan oshgan. Kommunal to‘lovlarni amalga oshirib kelgan.

Xususan, Hadicha Burxonova majburlikdan ikki xonali uy qurib, 12 yildan beri yashab kelmoqda. Uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Ochig‘i, ular istiqomat qilayotgan uyni shunchaki, antisanitar va abgor holatda, deyishning o‘zi yetarli emas. Gilam tashlab qo‘yilgan zax yerda yosh bolalar og‘ir xastalikni orttirib olmaganining o‘zi katta mo‘jiza!

Hadicha Burxonova ishsiz. Hozirgi vaqtda Rossiyada bo‘lib turgan turmush o‘rtog‘ining ham tayinli ishi yo‘q ekanini aytadi. Oyma-oy zarur mablag‘ yetkazib berolmayotgan ekan. «Elbek» mahalla fuqarolar yig‘inidan hokimlik taklif qilayotgan yerda uy qurib olishga bu oilaning qurbi yetmaydi.

Mahbuba Nurullayevaning turmush o‘rtog‘i ham temir yo‘l sohasida ishlagan. Ular qariyb 40 yildan beri shu joyda istiqomat qilib kelishmoqda. O‘g‘li xorijda ishlayotgan ekan. «Umrimiz shu mahallada o‘tdi, yashab turgan uyimizni kadastr qilib berishsin, boshqa narsa kerak emas. O‘zimiz shu joydan qo‘shimcha uy qurib olamiz. Agar shu muammo hal bo‘lsa, o‘g‘lim ham bolalarining boshiga kelib, egalik qilardi» deydi u.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak?

Vaziyat uchta muhim savolni yuzaga keltirmoqda.

1. Temir yo‘l tizimida ishlab, shu sohadan nafaqaga chiqqan bu insonlarga tashkilot va'da qilgan uy (kottej) nega berilmagan? Umuman, ularni uy-joy bilan ta'minlash ko‘zda tutilganmi o‘zi?

2. Boringki, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati uylar bizning balansimizda emas, deb turgan ekan, hokimlik yana nimani kutyapti?

3. Uylar temir yo‘l balansida bo‘lmay, hokimlik egalik huquqini chiqarib bera olgan taqdirda ham bu hududda yashash fuqarolar hayoti, sog‘lig‘iga xavf solmaydimi?

Shunisi aniqki, qamaldagi oilalar tezroq bu og‘ir sharoitdan chiqarib olinishi kerak.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati va Past Darg‘om tuman hokimligidan amaliy natija kutib qolamiz.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.

Faxriddin HOTAMOV tasvirchi.

Ko‘proq yangiliklar: