Urganchda 8,5 gektar bog‘dagi daraxtlar kesib tashlandi. Mutasaddilar izoh berdi

Jamiyat 08:21 / 11.02.2020 20188

Xorazm viloyati markazi Urganch shahri yaqinida, Al-Beruniy yodgorligi atrofidagi 8,5 gektarlik katta bog‘ daraxtlari kesib tashlandi.

Aeroportdan shaharga kirish yo‘lida joylashgan mevazor daraxtlarining kesib tashlanishi aholi orasida qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Hozirgi vaqtda Al-Beruniy yodgorligi atrofida ba'zi manzarali daraxtlar qolgan xolos.

Surishtiruv davomida mevazor bog‘ning Urganch tumani, Chakkasholikor qishlog‘i hududida ekanini va Xorazm viloyati davlat o‘rmon xo‘jaligiga biriktirilganini aniqladik. Shuningdek, bu tashkilot rahbari Islombek Fayzullayevdan izoh oldik.

«2019 yil 11 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4549 sonli qarori qabul qilindi. Unda eskirgan va samarasiz bog‘larning o‘rnida yangidan intensiv bog‘larni tashkil qilish topshirig‘i berilgan.

Shunga asosan, 2020 yil 30 yanvar kuni Xorazm viloyati hokimligida yig‘ilish o‘tkazildi va Chakkasholikor qishlog‘i hududidagi 8,5 gektar bog‘ yaroqsiz holga kelgani, kamhosilli, eskirgan va samarasiz bo‘lgani uchun rekonstruksiya qilish haqidagi qaror qabul qilindi. Unda 1 oy muddatda eski bog‘ o‘rnida yangi intensiv bog‘ tashkil qilish choralari belgilab berildi. Bu haqda Xorazm viloyati va Urganch tumani hokimligi qarorlari ham chiqarildi», – dedi Islombek Fayzullayev.

Voqea yuzasidan Xorazm viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rahbari Otabek Qlichevdan ham izoh oldik. U ham yig‘ilishda ishtirok etgan.

«Al-Beruniy yodgorligi atrofidagi 8,5 gektar hududda joylashgan katta mevazor bog‘ daraxtlari kesib tashlanganidan xabarimiz bor. Bu bog‘ O‘rmon xo‘jaligiga tegishli. Uni rekonstruksiya qilish bo‘yicha yig‘ilish bayonnomasi qabul qilingan», – dedi Qlichev.

Bog‘ni rekonstruksiya qilish va daraxtlarni kesib tashlash bo‘yicha ekologiya boshqarmasi qandaydir xulosa berganmi degan savolga Otabek Qlichev: «Boshqarma rasman ruxsat bermagan», – deb javob qaytardi.

O‘rmon xo‘jaligi rahbari Islombek Fayzullayevning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlarni kesishga qo‘yilgan moratoriy faqat manzarali daraxtlarga taalluqli, mevali daraxtlarga emas. Bu bog‘ esa uch yil ichida avvalgi holatini tiklaydi.

«Daraxtlarni kesib tashlashga qo‘yilgan moratoriy? Bu manzarali daraxtlarga taalluqli, mevali daraxtlarga emas. Bu bog‘da kamhosilli, eskirgan mevali daraxtlar kesildi. 1 oy ichida bog‘ga yangi ko‘chatlarni ekamiz. Barcha xarajatlar O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi jamg‘armasidan qoplanadi. Yangi ko‘chatlar uch yildan keyin hosil berishni boshlaydi», – dedi Islombek Fayzullayev.

Xullas, mutasaddilar shaharga chiroy berib, ko‘rkamligi bilan ajralib turgan bog‘dagi daraxtlarning yoppasiga kesib tashlanishi qonuniy bo‘lganini, bu haqda qaror chiqarilganini aytishmoqda. Bu qarorning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganini, bog‘ning o‘z chiroyini tiklab, yana ko‘rkam bo‘lib olishi yoki olmasligini esa vaqt ko‘rsatadi.

Nurmuhammad Said,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: