Sudlararo «koptok» bo‘layotgan chorvador tadbirkor chorva mollaridan ajramoqda

Jamiyat 15:59 / 11.02.2020 24207

Go‘sht qimmatlashmoqda!
Chorvachilikni rivojlantirish kerak!
Sut mahsulotlari iste'moli kam!
Chorvachilikni rivojlantirish kerak!

To‘g‘risini aytganda, Vazirlar mahkamasining sohani rivojlantirishga oid qarorlarini sonini aytmay qo‘yaqolaylik, davlat rahbarining o‘zi ham bu borada ko‘plab farmon-u qarorlarni imzolagan, ammo joylarda chorvachilik bilan bog‘liq haqiqiy ahvol qanaqa? Davriy nashrlarda, turli OAVlarda chorvachilik rivojlanayotgani haqida ko‘p maqola, xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Lekin, aynan bu sohada ishlarimiz qoniqarli emasligi bois, Qozog‘iston O‘zbekistonga tirik qoramol sotishni taqiqladi.

Kun.uz tahririyati nafaqat meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan, balki chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklarining yerlari noqonuniy olib qo‘yilgani haqida ko‘plab tanqidiy maqolalar e'lon qilgan. Yaqinda, shunday muammoga duch kelgan yana bir chorvador fermer xo‘jaligining yeri noqonuniy olib qo‘yilishi bilan bog‘liq sud jarayonlari poyoniga yetdi. Kun.uz muxbiri ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan sud majlisi Oliy sud ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqilib, ikkinchi marotaba, 350 bosh qoramolni boqib, arzon go‘sht va sut yetkazib berib turgan bir tadbirkor taqdiri e'tiborga olinmagan holda, ta'bir joiz bo‘lsa, quyi instansiyaga «tepib yuborildi».

Keling, holatni lo‘nda tilda tushuntirishga harakat qilaylik. 2020 yil 21 yanvarda Oliy sud sudyasi A. Murodov raisligida bo‘lib o‘tgan sudlov hay'ati «... Milk and Meat Agro MChJning nizoli yer uchastkalariga nisbatan bo‘lgan huquqi quyidagi qonun talablari buzilgan holda bekor qilingan...», deya e'tirof etgani holda, yakunda «mazkur ish yuzasidan qabul qilingan Qibray tuman ma'muriy sudining 2018 yil 14 dekabrdagi hal qiluv qarori va Sirdaryo viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 3 iyundagi qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiyaga yuborilsin», deya qaror qabul qiladi.  

Sudlov hay'ati o‘z qaroriga sabablarda ta'kidlashicha, «birinchi instansiya sudining hal-qiluv qarori qabul qilinganidan so‘ng, nizoli yer uchastkalari Zangiota tuman hokimining 2019 yil 11 fevraldagi 48/897, 48/898, 48/911, 48/916-sonli qarorlari bilan 4ta fermer xo‘jaligiga va 15 nafar sub'yektlarga berilgan bo‘lib, arizachining talabi bo‘yicha qabul qilinadigan sud qarori ushbu shaxslarning huquqlariga daxl qilishi sababli ular ishga uchinchi shaxs sifatida jalb qilinishi lozim bo‘ladi».

Ayni shu yerda, sud hay'ati qaroriga nisbatan bir nechta savol paydo bo‘ladi:

Demak, yer uchastkasining bir fermer xo‘jaligidan olinishi noqonuniy bo‘lgan taqdirda ham, uni olib qo‘ygan hokim yerni boshqalarga taqsimlab yuborsa, hech narsa bo‘lmagandek, ishini davom ettiraverar ekan-da? Unga, uning atrofidagilarga hech bo‘lmaganda xizmat tekshiruvi tayinlanmaydimi? Yoki ular, o‘zining yerini taqsimlab bermoqdami?

Bundan xulosa qilish mumkinki, ertaga boshqa bir hokim kelib, 15 tadbirkordan yerni noqonuniy olib qo‘yib, yana boshqa 30 sub'yektga berib yuborishi mumkinmi, shunday qilsa bo‘ladimi? O‘shanda, 15 kishi ham sudma-sud yuraveradi, sud hay'ati esa, yer noto‘g‘ri olingan, ammo noto‘g‘ri olingan yer 30 kishiga bo‘lib berilgan, ularning manfaatini kim o‘ylaydi, deya qaror chiqaradi, shundaymi? Oliy sud ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atining qarorini men «noto‘g‘ri» tushunib qo‘ymadimmi, mabodo?

Yeri noto‘g‘ri olingan chorvador fermer Oliy sud qaroridan so‘ng qanday xulosaga kelmoqda? – Biz sport tilida aytganda sudlar o‘rtasida koptok bo‘ldik

Murodjon Jo‘rayev

«Bu masalada (sud qaroridan) qoniqdik yoki qoniqmadik, deb aytishda ikkilanib turibmiz. Bu ishimiz 2017 yildan beri cho‘zilib kelyapti. Tuman, viloyat, shahar, viloyat, tuman va Oliy sudda bo‘ldik. Oxirgisida hal bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edik. Ammo, bu safar yana quyi instansiyaga qaytarishdi. Tadbirkor uchun nima qilish noma'lum bo‘lib turibdi.

Amaldagi qonunlar Zangiota tuman hokimligida amal qilmayapti. Nega deganda, bizning yerimiz olib qo‘yilishi bilan bog‘liq sud jarayonlari davom etayotgan bir vaqtda nizoli yer maydonini kimgadir berish uchun hokimlik qarori chiqadi. Shu sababli, sud bu masalani hal qilish uchun 1-instansiyaga yuboradi. Endi hal bo‘ldi, deganda, hokimlik yerni boshqa tadbirkorlarga berib yuboradi. Mana shunaqa sarsongarchilik, ovoragarchilik davom etib kelyapti.

Biz to Oliy sudga yetib kelguncha qancha vaqt o‘tyapti. 3 yildan beri, sport tilida aytadigan bo‘lsak, sudlar orasida koptok bo‘lib qoldik.

Chorvachilik fermamizning taqdiri ham noma'lum bo‘lib qoldi. Chunki, ozuqa bazamiz yo‘q. Yerimiz zaxiraga olinganidan boshlab, qoramollarni ko‘chadan bozor narxida yem-xashak xarid qilib boqib keldik. Bu o‘zini qoplamaydi. Lekin, shuncha chorvani tashlab ketishni ham istamayapmiz», - deydi Murodjon Jo‘rayev.

Ta'kidlash o‘rinliki, tadbirkorning yeri olib qo‘yilishi noqonuniy amalga oshirilgani faqatgina Oliy sud qarorida e'tirof etilmayapti. «O‘zdaverloyiha» O‘zbek davlat yer tuzish ilmiy-loyihalash instituti Toshkent viloyati bo‘linmasining Toshkent viloyati Yer resurslari va davlat kadastri boshqarma boshlig‘i v.b. A. Xolmirzayevga yo‘llagan 2019 yil 5 iyuldagi 72-01/10-209-sonli xatida jumladan shunday deyiladi.

«...Zangiota tumani hokimligi tomonidan qabul kilingan 2017 yil 20 iyundagi 1322-sonli qarori o‘rganilganda bir qator qo‘pol kamchilikka yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Jumladan, qaror qabul qilinishiga asos bo‘lgan tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining 2017 yil 18 maydagi dalolatnomasida Milk and Meat Agro MChJda monitoring kuzatish ishlari amalga oshirganligi qayd etilib, tuzilgan hujjatlar «dalolatnoma» deb nomlangan, vaholanki O‘zR Yer monitoring yuritish uslubi («IX-bob-Yer monitoringi natijalarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash tartiblari»)da monitoring natijalari bo‘yicha dalolatnoma emas, balki ma'lumotnoma tuzish belgilab qo‘yilgan bo‘lib, monitoring natijalari bo‘yicha yerni olib qo‘yish yoki berish yuzasidan taklif kiritish vakolati berilmagan.

Shu bilan bir qatorda tuman prokuraturasining 2017 yil 9 iyundagi 10/07-sonli taqdimnomasida Milk and Meat Agro MChJ tomonidan Ma'muriy javobgarlik kodeksining 65-moddasi buzilganligiga e'tibor qaratilgan bo‘lib, ushbu modda bo‘yicha sodir etilgan qonun buzish holatlari yuzasidan yer maydonlarini zaxiraga olish emas, balki mansabdor shaxslarga ish haki bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima solish belgilangan xolos.

Bundan tashqari, Zangiota tumani hokimligi yer masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasining 2017 yil 14 iyundagi yig‘ilishida tuman prokuraturasining 2017 yil 9 iyundagi 10/07-sonli taqdimnomasini muhokama qilish asosiy manfaatdor tomon ya'ni Milk and Meat Agro MChJ rahbarlari yoki vakillari taklif etilmagan holda o‘tkazilgan. Tuman hokimining 2017 yil 20 iyundagi 1322-sonli qarori tuman hokimining 2014 yil 1 iyuldagi 639-sonli qarorini qisman bekor qilish to‘g‘risida qabul qilingan bo‘lsa-da, amalda Milk and Meat Agro MChJga berilgan yerning bir qismi emas, balki barcha, ya'ni jami 192,08 gektar yer qaytarib olingan.

P_9jIfx_DnsXCbQI5KerWc_5_rZpHjxo.jpg (853×1280)

VWy1n50ah11Yc0WMdp0fdyqWyyiefwED.jpg (853×1280)

Vaholanki tuman hokimining 2017 yil 18 maydagi 103-f-sonli farmoyishiga asosan tuzilgan komissiya tomonidan 2017 yil 29 mayda tuzilgan dalolatnomada Milk and Meat Agro MChJda jami 236 bosh shartli qoramol mavjudligi va unga ozuqa bazasi uchun 70,0 ga ekin yer maydoni talab etilishi qayd etilgan bo‘lsa-da, ushbu holatga e'tibor qaratilmagan va barcha yer maydoni tuman zaxirasiga olingan...».

Umuman, Milk and Meat Agro MChJ ishi bilan bog‘liq holat 2018 yil 28 fevralidan e'tiboran 8ta instansiyadagi sudda ko‘rilgan. Va nihoyat, 2020 yil 21 yanvardagi 9-marta o‘tkazilgan Oliy sud Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati ish 10-marta sudda ko‘rilishi yuzasidan qaror chiqarib turibdi.

Nahotki, biror sudda mazkur qarorni uzil-kesil, shikoyatga o‘rin qoldirmaydigan tarzda hal qilish imkoniyati mavjud bo‘lmasa?! Bularning barchasi, orqavarotdan juda jiddiy «manfaatlar to‘qnashuvi» bo‘lmoqda, deb taxmin qilishimizga asos bo‘ladi.

Bunday taxmin qilishimizga ham bizlarning o‘z vajlarimiz bor. Chunki, aynan Milk and Meat Agro MChJ yangi, zamonaviy issiqxonalar qurish loyihasi bilan hokimlikka murojaat qilganidan so‘nggina, ularning yeri olinganidan xabar topgan.

Sudda e'tirof etilganidek, noqonuniy zaxiraga olingan yerlar esa, aynan issiqxona qurishlari uchun boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga berib yuborilgan. Issiqxona uchun mo‘ljallangan hududda esa, Toshkent shaharning ko‘p qavatli uylarini issiq suv bilan ta'minlovchi doshqozonlardan biri joylashgan bo‘lib, uning qaytish tarmog‘iga issiqxonani ulash energiya xarajatlarini karralarga kamaytirish imkonini bergan bo‘lar edi. Axir, bunday qulay joyni qo‘lga kiritgan kim ham uni osonlikcha boy berib qo‘yardi?

 «O‘z faoliyatimizni yanada rivojlantirish maqsadida 20 gektar yerga issiqxona qurishni rejalashtirib, loyihalarni qildirdik. Bizga tegishli idoralar xulosalari olinib, loyihani amalga oshirish mumkinligiga doir xulosa berishdi. So‘ngra, tuman hokimligiga murojaat qilsak, bizni yerlar zaxiraga olingani haqida gaplar urchidi. Bizni hech kim bu haqda ogohlantirmagan ham. Surishtira boshlaganimizdan so‘ng, qarorni berishdi. Qaror osti hujjatlarni o‘rgansak, 2017 yil 18 mayda dalolatnoma qilingan ekan. MChJdan esa, hech kim ishtirok etmagan. Dalolatnomani tuzgan komissiya, yerni zaxiraga olish kerak, deb xulosa beryapti. Shu bilan hokim qarori chiqmoqda», - deya muammo mohiyatiga oydinlik kiritadi M.Jo‘rayev.

Xullas, Milk and Meat Agro MChJ bilan bog‘liq sud mashmashalari mana shulardan iborat. Bu yoqda sud ishi yakunlanmagan ekan, Zangiota tuman hokimligi yerni o‘z bilganicha tasarruf etishda davom etmoqda. Istaganiga istagancha yer taqsimlab berilyapti. Ular orasida esa, 2 yildirki, foydalanilmayotgan maydonlar ham bor. Bunga, nafaqat biz, balki Oliy sud sudyalari va prokuratura xodimlari ham guvoh bo‘lishdi. Afsuski, ularning tishi ham «Zangiota»ga o‘tmas ekan. Yana birinchi instansiyaga qaytarib qo‘ya qolishdi.

Tuman hokimligi esa, yangicha usulni qo‘llashga o‘tgan ko‘rinadi. Bizga ma'lum qilishlaricha, endilikda, hokimlik Milk and Meat Agro MChJga berilgan yer ijara shartnomasini haqiqiy emas, deb topish yuzasidan harakatlarini boshlab yuboribdi.

Tolib Rahmatov Kun.uz muxbiri
Nuriddin Nursaidov Kun.uz operatori

Ko‘proq yangiliklar: