Toshkentda haydovchilik imtihonlariga mutasaddilar aralashuvining oldi olingan yangi tizim ishga tushirildi

Jamiyat 21:57 / 10.02.2020 24272

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli Yashnobod tumani Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida avtomaktab bitiruvchilaridan imtihon olish jarayonida korrupsiyaning oldini olish va shaffoflikni ta'minlash maqsadida sinov tariqasida yangi tizim ishga tushirildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Rafiqjon Jalilov 10 fevral kuni jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-turda ma'lum qildi.

Rafiqjon Jalilov

2020 yilning yanvaridan boshlab amaliyotga tatbiq etilgan yangi dasturiy ta'minotga asosan imtihon topshirayotgan shaxs o‘zining fuqarolik pasportidagi seriya raqamlarini kompyuterga kiritib, testlarni mustaqil ravishda yechishi imkon yaratilgan va bu jarayonga mutasaddilar aralashuvining oldi olingan. Imtihon topshiruvchilarning xatti-harakatini, shuningdek, xonada ro‘y berayotgan barcha holatlarni kutish xonasiga o‘rnatilgan monitorlar orqali imtihon topshiruvchilarning yaqinlari kuzatib turishi mumkin. Bundan tashqari, Toshkent shahar IIBB YHXB Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi shaxsiy tarkibining xizmat faoliyatini doimiy ravishda nazorat qilib borish maqsadida barcha xonalarga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan.

«Yashnobod tumanidagi Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida bir qator yangiliklarni amalga oshiryapmiz. Jumladan, imtihon topshiruvchilar va ularning ota-onalari uchun maksimal qulaylik yaratishga harakat qildik. Imtihon topshiruvchilar test sinovlariga kirgunlariga qadar kutish zalida o‘rnatilgan monitorlar orqali bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin. Bu yerda berilgan javoblarning imtihon natijalariga hech qanday ta'siri yo‘q.

Buni joriy qilishdan maqsad fuqarolarimizning imtihon oldidagi hayajonlarini biroz bo‘lsa-da bosish hamda o‘z bilimlariga ishonchni shakllantirishdan iborat. Yangi tizim yanvar oyidan joriy etilgan bo‘lsa, o‘tgan vaqt davomida imtihon topshirishga kelganlarning ko‘pchiligi aynan mana shu monitorlarni o‘rnatganimiz uchun alohida minnatdorchilik bildirib ketishdi», deya Rafiqjon Jalilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta'kidlashicha, imtihon jarayoni endi avvalgidek yopiq eshiklar ortida bo‘lmaydi. Bu esa tizimda korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni ta'minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

«Ilgari imtihon boshlangach eshiklar yopilar, ota-onalar ichkarida nima bo‘layotganidan bexabar bo‘lishar, natijada turli shubha-gumonlar tug‘ilar, xizmat vakolatini suiiste'mol qilish, korrupsiya holatlari kuzatilardi. Mana shu holatlarga barham berish uchun kutish zaliga ikkita monitor o‘rnatildi va ular orqali imtihon topshiruvchilarning yaqinlari jarayonni o‘z ko‘zlari bilan kuzatib borishlari, qandaydir shubhali holatni aniqlashsa bu holat yuzasidan shikoyat qilishlari mumkin bo‘ldi», deydi Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i.

Ko‘proq yangiliklar: