Markaziy bankning Monetar operatsiyalar departamentining bosh iqtisodchisi Bekzod Mirahmedov Markaziy bankning monetar oltin sotib olish va valuta intervensiyalari o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjudligi haqida tushuntirish berdi.
Markaziy bankning ichki valuta bozoridagi intervensiyalari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinning sotib olinishi natijasida iqtisodiyotga chiqarilgan pul mablag‘larini sterilizatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Yuzaga kelgan “ortiqcha” likvidlikning kamaytirilishi inflatsiya bosimining keskin o‘sishi hamda makroiqtisodiy nomutanosibliklarning oldini olish bo‘yicha zaruriy choradir. Aks holda, pul massasi sotib olingan monetar oltin qiymatida qo‘shimcha ravishda o‘sib boradi.
Markaziy bankning valuta intervensiyalari oltin-valuta zaxiralarining “neytralligi” tamoyiliga asoslanadi.
Oltin-valuta zaxiralarining “neytralligi” tamoyili yil davomida Markaziy bank tomonidan ichki valuta bozorida sotilgan valuta mablag‘larining sof hajmi ushbu davrda sotib olingan monetar oltin qiymati doirasida bo‘lishini anglatadi.
Boshqacha qilib aytganda, Markaziy bank ichki valuta bozorida operatsiyalarni amalga oshirishda pul massasining keskin o‘sishining oldini olish vazifalaridan kelib chiqib, mavjud oltin-valuta zaxiralarini ishlatish yoki ularni ko‘paytirishni ko‘zlamaydi.
Bunday yondashuv o‘zgaruvchan almashuv kursi rejimiga mos bo‘lib, Markaziy bankning ichki valuta bozorida ishtirok etmasligi yoki minimal darajada ishtirokini nazarda tutadi.
2019 yil davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan monetar oltin sotib olinishi natijasida 36,6 trln. so‘m pul mablag‘lari emissiya qilingan (qo‘shimcha chiqarilgan) bo‘lib, ushbu yuzaga kelgan “ortiqcha” likvidlikni bartaraf etish maqsadida Markaziy bank tomonidan ichki valuta bozorida 33,6 trln. so‘m ekvivalentidagi xorijiy valuta sotildi.
Agarda, Markaziy bank tomonidan ichki valuta bozorida intervensiya operatsiyalari amalga oshirilmaganda, 2019 yil davomida pul massasi (M2 agregati) qo‘shimcha 36,6 trln. so‘mga oshib, ushbu holat inflyatsion bosimning kuchayishi hamda so‘mning almashuv kursi oshishini yuzaga keltirar edi.
Aksariyat oltin ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda oltin eksporti asosan, Markaziy bank ishtirokisiz, korxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, Markaziy bankning ichki valuta bozorida ishtirokiga zaruriyat bo‘lmasdan, oltin sotishdan tushgan tushum ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqarish yoki boshqa maqsadlarda foydalaniladi yoki ichki valuta bozorida sotiladi.
Markaziy bankning monetar oltinni sotish operatsiyalari qanday amalga oshiriladi?
Markaziy bank oltin-valuta aktivlarini samarali boshqarish (shu jumladan, xalqaro qimmatbaho metallar bozoridagi vaziyatni tahlil qilish va oltin narxini prognoz qilish) va oltin-valuta zaxiralarida xorijiy valutadagi likvidlikni ta'minlash maqsadlaridan kelib chiqib, monetar oltinni sotish operatsiyalarini amalga oshiradi.
Bunda, tashqi bozorda sotilgan monetar oltin hajmi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan hajmdan farq qilishi mumkin.
Shu bilan birga, monetar oltin eksportidan tushgan xorijiy valutadagi tushum hajmi Markaziy bankning ichki valuta bozorida sotilgan xorijiy valuta, ya'ni valuta intervensiyasi hajmiga mos kelmasligi mumkin.
Xalqaro zaxiralardan almashuv kursini ushlab turish maqsadida foydalaniladimi?
Markaziy bankning ichki valuta bozoridagi faoliyati va uning valuta operatsiyalarining almashuv kursiga ta'sirini baholashning bilvosita ko‘rsatkichlaridan biri yil davomida oltin-valuta zaxiralari hajmining o‘zgarishidir.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yil davomida Markaziy bank oltin-valuta zaxiralari 237 mln. dollarga (narxlar o‘zgarishi hisobga olinmagan holda) oshib, ushbu davrda milliy valutaning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 13,9 foizga qadrsizlandi. Bu o‘z navbatida, Markaziy bank valuta kursining fundamental o‘zgarishida zaxira aktivlaridan foydalanmaganligini ko‘rsatadi. Milliy valuta almashuv kursining dinamikasi, ichki valuta bozorida talab va taklif darajasini belgilaydigan tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta'sirida shakllandi.