Yaponiya koronavirus xavfi sababli kruiz layneriga o‘z portlariga kirishni taqiqladi

Jahon 02:23 / 08.02.2020 6358

Yaponiya Westerdam kruiz layneri yo‘lovchilari koronavirusga chalingan bo‘lishlari mumkinligi xavotirida kemaga mamlakat portlariga kirishni taqiqlab qo‘ydi.

Bu haqda Kyodo axborot agentligi xabar berdi. Avvalroq Yaponiya yangi virus alomatlariga ega odamlarga mamlakatga kirishni taqiqlab qo‘ygandi. 

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe koronavirusning tarqalishiga qarshi choralar ko‘ruvchi shtabning navbatdagi yig‘ilishida yuqoridagi taqiqlov 7 fevraldan amal qilishi va kelgusida ham shunga o‘xshash barcha hodisalarga joriy qilinishini aytgan.

Ta'kidlanishicha, kruiz laynerida, yevropaliklar, koreyaliklar, yaponlar va tailandlik sayyohlar bor. Hongkongdan sayohatni boshlagan kema Yaponiyaning Isigaki orolidagi Naxa, Nagasaki shaharlariga va Xakata ko‘rfaziga kirishi kutilgan. Uning oxirgi manzili Yokogama shahri bo‘lishi kerak edi. 

Kemada 1455 yo‘lovchi va ekipajning 802 a'zosi bor.

Laynerga egalik qiluvchi Holland America Line kompaniyasi shu munosabat bilan o‘z rejalarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelgan va hozirda yangi yo‘nalish izlamoqda. Kompaniya xabarida aytilishicha, kema karantinga qo‘yilmagan va unda birorta koronavirusga chalinish holati qayd etilmagan.

Fevral boshida bortida 3,7 ming kishi bo‘lgan Diamond Princess layneri Yokogama portida karantinga joylashtirilgandi. Bunga esa yo‘lovchilar orasida koronavirus tarqalgani sabab bo‘lgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, kemadagi 61 kishida virus aniqlangan. 

Shuningdek, Hongkongda World Dream kruiz layneri karantinda turibdi.

Kruiz yo‘nalishlari xalqaro assotsiatsiyasi virus tarqalishi sababli laynerlarga xitoylik yo‘lovchilarni olishni qat'iyan taqiqlovchi ogohlantirish tarqatgan.

Ko‘proq yangiliklar: